Shoxqadah (idish)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shoxqadah — hayvon shoxidan yasalgan ichimlik idishi. Koʻplab Yevropa xalqlari sharob va boshqa turdagi spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish uchun qoʻshtuyoqli quvush shoxli hayvonlarning shoxlaridan foydalanishgan.

Insoniyatga maʼlum boʻlgan ilk misol Losseldan topilgan paleolit venerasi boʻlib, uning yoshi taxminan 25 000 yilga teng. Sharob uchun moʻljallangan shoxqadah antik dunyoda, qadimgi kelt va german jamiyatlarida, shuningdek, gruzinlar va Kavkazning boshqa xalqlari orasida keng tarqalgan edi[1].

Injilda shohlarga moy surkash uchun moʻljallangan va zaytun moyi solingan (I Shoh. XVI, 1, III shohlar. I, 39), shuningdek muattar tutatqilar uchun idish sifatida ishlatilgan shoxqadahlar tilga olinadi[2].

Antik dunyoda shoxqadahdan sharob ichish odati frakiyaliklar va skiflar bilan bogʻliq tushuncha boʻlgan. Xususan, Ksenofont miloddan avvalgi 5-asrda frakiyaliklar tomonidan ichimliklar uchun shoxqadahlardan foydalanish odati haqida hikoya qilgan, sitsiliyalik Diodor esa miloddan avvalgi 4-asrda shoxqadahdan getlar foydalangani haqida soʻzlagan[3].

Klassik davrdagi qadimgi yunonlar koʻproq ritonlar — hayvonlar shoxiga oʻxshash qilib ishlangan metall yoki sopol idishlardan foydalanganlar, bunday idish namunalaridan biri — Pegas shaklidagi kumush riton 1982-yilda Ulyap (Adigeya) ovuli yaqinidagi qoʻrgʻondan A. M. Leskov rahbarligidagi Sharq davlat muzeyi ekspeditsiyasi tomonidan topilgan.

Temir davri boshlanishi bilan sharob ichish paytida hayvonlarning shoxlaridan foydalanish anʼanasi Yevropaning shimoliga ham kirib keldi. Keltlarning ichimlik ichish uchun shoxqadahlardan foydalanganlari arxeologlarga yaxshi maʼlum, xususan, bunday shoxqadahlarning oltin bilan bezatilgan qoldiqlari Shveytsariyadagi Xoxdorf qabristonida topilgan. Ichimlik shoxqadahlari piktlarning oʻyma tasvirlaridaham uchraydi.

1933-yilda topilgan shoxqadahdan ichimlik ichayotgan chavandoz tasviri oʻyilgan quyma tosh. Shotlandiya milliy muzeyi (Edinburg).

German xalqlari hoʻkiz va zubrlarning shoxlarini afzal koʻrishgan. Bunday idishlar angllar, sakslar va vikinglarning bayramlarida keng qoʻllanilgan. Qabila boshliqlari qimmatbaho metallar bilan gardishlangan yoki toʻlaligicha ulardan yasalgan (qarang. Gallexus oltin shoxlari) shoxqadahlardan foydalanishlari mumkin edi. Skandinaviyada ichimlik shoxqadahlarining qoldiqlari hattoki ayollarning qabrlaridan ham topilgan, bu ularning jangchi ayollar boʻlganidan darak berishi mumkin.

„Kichik Edda“da iloh Tor barcha dengizlarning suvini oʻzida jamlagan shoxqadahdan suv ichadi. Ichimlik shoxqadahlari voqealari Skandinaviyada boʻlib oʻtuvchi[4] qadimgi ingliz eposi — "Beovulf"da ham yodga olinadi.

Oʻrta asrlarda hoʻkiz va zubrlarning qirilishi shoxqadahlarni faqat metall yoki shishadan yasay boshlashga olib keldi. 17-asrda nemis zargarlari fil suyagidan yasalgan shoxqadahlarni urfga kiritdilar, ular oʻyma naqshlar bilan qoplanishi mumkin edi. Romantizm davrida nemis talabalari orasida oʻrta asr anʼanalariga hurmat ramzi sifatida arzon shoxqadahlardan ichimlik ichish odat tusiga kirgan.

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]