Shodiyona

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shodiyona — tantanavor kayfiyatni ifodalovchi qadimiy kuy va usullar turkumi. "SH." surnay, karnay, nogʻora (va, baʼzan, doira)lardan iborat ansambl tomonidan, ayrim hollarda yakka nogʻora yoki surnayda, asosan, toʻy, bazm, "bozori shab" kabi xalq bayramlarida ijro etilgan. Oʻrta asr musiqa risolalarida "Shodiyonayi turkiy ("Turkiy" doira usulida ijro etiladigan "Shodiyona"), "Shodiyonayi juftiy" (nikoh toʻylarida chalinadigan "Shodiyona" kuylari) kabi turlari tilga olingan. "Shodiyona" turkumi koʻp qismli boʻlib, kuylar soni 9—12 boʻlishi mumkin. Qismlarining hajmi kichikroq boʻlsada, kuylar tuzilishi va nogʻora usullari juda murakkab. "Shodiyona" turkumidagi baʼzi kuylar Shashmaqom cholgʻu yoʻllariga hamohang. Mas, A.Yusupov ijrosida yozib olingan "SH."ning 9qismi (Oʻzbek xalq muzikasi, VI j., T., 1958) Tasnifi Navoning ritmik koʻrinishidir. "SH."ning bizgacha yetib kelgan namunalari koʻp ijro etiladi, raqs kuylari sifatida keng tarqalgan. Shashmaqomning Buzruk maqomi, 2guruh shoʻʼbalaridan Rok yoʻllari "Shodiyona" nomi bilan ham mashhur boʻlib, surnay, karnay, nogʻora va doiradan iborat ansambllarda ijro etilib kelingan. Lekin "Shodiyona"ning bu turi kuy tuzilishi yirik shaklda, doira usuli, ohanglari va ritmik xususiyatlari jihatidan "Shodiyona"ning yuqorida zikr etilgan surnay yoʻllaridan tubdan farq qiladi.