Kontent qismiga oʻtish

Shirin xotun

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Shirin xotun

Bursadagi Murodiya majmuasi ichida joylashgan Shirin xotunning sarkofagi (markazda)
Tugʻilishi tax. 1447
Vafoti tax. 1521-yil
Bursa, Usmoniylar imperiyasi
(hozirgi Bursa, Turkiya)
Dafn etilgan joy
Turmush oʻrtogʻi Boyazid II
Farzandlari Aynishoh Sulton
Shahzoda Abdulloh
Dini Islom, sunniylik

Shirin xotun (usmonli turkcha: شیریں خاتون‎; 1521-yilda vafot etgan) – Usmoniylar imperiyasi sultoni Boyazid II ning joriyalaridan biri.

Kelib chiqishi nomaʼlum, biroq Usmoniylar imperiyasi anʼanalariga koʻra sultonlarning ayollari, odatda, nasroniy boʻlib, ular Usmoniylar qul savdosi orqali imperiya haramiga olib kelingan. Keyinchalik shu yerda islomni qabul qilgan va ularga yangi ism berilgan[1].

Shirin xotun Boyazid hali shahzoda va Amasya sanjakbeyi boʻlgan paytda uning haramiga kirgan. 1463-yilda toʻngʻich qizi Aynishoh Sultonni, 1465-yilda esa toʻngʻich oʻgʻli Shahzoda Abdullohni dunyoga keltirgan. Boyazid Usmoniylar sultoni boʻlgach, Shirin xotun sultonning toʻngʻich oʻgʻlining onasi sifatida „Başkadin“ yaʼni sultonning bosh xotini maqomiga koʻtarilgan[2][3].

Turk anʼanasiga koʻra, barcha shahzodalar tayyorgarliklarining bir qismi sifatida viloyat hokimi sifatida xizmat qilishlari kerak edi. 1467–1468-yillarda Shirin xotun oʻgʻli Abdullohga hamroh boʻlib Manisaga, soʻngra 1470-yillar boshida Trabzonga bordi. 1480-yilda ikkovlari yana Manisaga qaytishdi va 1481-yilgi taxt uchun kurashdan soʻng Konyaga ketdilar[3][4].

Sulton Shirin xotunga Mihaliçdagi Emakin qishlogʻini hadya qilgan. Shirin xotun 2 ta maktab vaqf qilgan, ularning biri Bursa, boshqasi Mihaliçda joylashgan edi. Shuningdek, u 2 ta masjid ham qurdirgan. Ulardan biri Eynesilda joylashgan boʻlsa[5], ikkinchisi esa 1470-yilda Trabzon qal’asi ichida bunyod etilgan „Xotuniya masjidi“ nomi bilan mashhur masjid edi[6]. Oʻz vaqflari uchun Shirin xotun Şiledagi Kabacaağaç va Kadi qishloqlarini, shuningdek, Koʻcha Dere soyidagi 4 ta mavjud tegirmonni ajratgan[5].

1483-yilda Shahzoda Abdullohning vafotidan soʻng[4] Shirin xotun Bursada isteʼfoga chiqdi. U oʻgʻli Abdulloh uchun maqbara qurdirdi, keyinchalik shu yerga uning oʻzi, kelini va nabirasi ham dafn etildi[2][3][7].

Shirin xotun va sulton Boyazid II 1 qiz va 1 oʻgʻil koʻrgan:

  • Aynishoh Sulton (tax. 1463-yilda Amasyada tugʻilgan – tax. 1514-yilda Bursada vafot etgan) 1490-yilda Abu Nasr Ahmadxonga turmushga chiqqan va Honzoda xonimsulton va Neslihon xonimsulton imsli 2 qizini hamda Sultonzoda Zayniddin bey ismli oʻglini dunyoga keltirgan. U onasi va akasi bilan birga Bursada dafn etilgan.
  • Shahzoda Abdulloh (1465-yilda Amasyada tugʻilgan – 1483-yil 6-noyabrda Konyada vafot etgan) – sulton Boyazidning toʻngʻich oʻgʻli. Nomaʼlum sabablarga koʻra vafot etgan va Bursada dafn qilingan. 1480-yilda u amakivachchasi Nargiszoda Farahshod Sultonga (Nargisshoh Farahshoh deb ham atalgan, u Shahzoda Mustafoning qizi edi. Vafotidan keyin Bursada Shirin xotun maqbarasiga dafn etilgan) uylangan. Ular 1 oʻgʻil hamda 2 qiz farzand koʻrgan.
  1. Peirce, Leslie (1993). The Imperial Harem: Women and Sovereignty in the Ottoman Empire. Oxford: Oxford University Press. ISBN 0-19-508677-5.
  2. 2,0 2,1 Uluçay 2011, s. 46.
  3. 3,0 3,1 3,2 Uluçay, M. Çağatay. BAYAZID II. IN ÂILESI — 109-bet. 
  4. 4,0 4,1 Al-Tikriti, Nabil Sirri. Şehzade Korkud (ca. 1468-1513) and the Articulation of Early 16th Century Ottoman Religious Identity – Volume 1 and 2, 2004 — 311–12-bet. 
  5. 5,0 5,1 Hızlı, Mefail. Mahkeme sicillerine göre Osmanlı klasik döneminde ilköğretim ve Bursa sıbyan mektepleri. Uludağ Üniversitesi Basımevi, 1999 — 169-bet. ISBN 978-9-756-95817-9. 
  6. Horuluoğlu, Şâmil. Trabzon ve çevresinin tarihi eserleri. Er Ofset Matbaacılık, 1983 — 79-bet. 
  7. Sakaoğlu 2008, s. 190.
  • Sakaoğlu, Necdet. Bu mülkün kadın sultanları: Vâlide sultanlar, hâtunlar, hasekiler, kadınefendiler, sultanefendiler. Oğlak Yayıncılık, 2008. ISBN 978-9-753-29623-6. 
  • Uluçay, Mustafa Çağatay. Padişahların kadınları ve kızları. Ankara: Ötüken, 2011. ISBN 978-9-754-37840-5.