Shergʻozixon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Shir Gazidan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Shergʻozixon / Shir Gazi (?, Buxoro 1727 yil dekabr, Xiva) — Xiva xoni (1715—27), Xorazm xoni (1715 — 1728). Jontoʻraxonning oʻgʻli. Madrasada tahsil olgan. 1715 yil Yodgorxon vafotidan soʻng, Buxorodan keltirilib Xiva taxtiga oʻtqazilgan. shahriga qarshi Orol boʻyida yashovchi qoraqalpoqlar Ishimxon boshchiligida isyon koʻtarishgan. Sh. ular ustiga qoʻshin tortib katta oʻljalar, koʻplab asirlar bilan qaytgan. 1715 yil Sh. Xurosonga yurish qilib Mashhadni egallagan, Nishopurni qamal qilib egallay olmagan (1716). Sh. davrida Pyotr I tomonidan yuborilgan BekovichCherkasskiy josuslik ekspeditsiyasi qirib tashlangan (1717). Rossiya Xiva xonligini oʻz taʼsir doirasiga kirita olmagach, har ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashgan. Vaziyatni yumshatish uchun 1720 yil Xiva elchilari Rossiyaga joʻnatilgan, lekin elchilik aʼzolari qamoqqa olingan, ulardan atigi bir kishigina Xivaga qaytishga muvaffaq boʻlgan. Rossiya hukumati Xiva xonligi orqali Oʻrta Osiyoga kirib kelish fikridan voz kechmagan, bu paytda Rossiyada Buxoro xonligining Qulibek (qarang Xonquli toʻpchiboshi) boshchiligidagi elchilari bor edi. Rossiya hukumati F. Beneveniii ularga qoʻshib Buxoroga joʻnatgan va Buxoro xonligini Xivaga qarshi gijgijlagan. Qalmiqlar xoni Ayuqaning shahriga yuborgan maʼlumotiga koʻra (1723 yil may), rus qoʻshinlari Saratovda toʻplanib, 1724 yil bahorida Xivaga yurishga tayyorgarlik koʻrishgan. Sh. Orol boʻyidagi isyonkor qabilalar ruslarni Xivaga boshlab kelishidan va oʻrniga Buxorodan keltirilgan (1721) Temur sulton (Shoh Temur)ni xon qilib koʻtarishlaridan xavotirda edi. Temur Sulton xonlikdagi Vazir, Gurlan, Shohobod, Bagʻlon, Uygur, Yangi Urganch, Xonqa va Xazoraspni olgan boʻlsada, butun xonlikni egallay olmagan. Xonlikdagi ichki urushlar Sh. vafotiga qadar davom etgan. Sh. Xivadagi madrasa (Shergʻozixon madrasasi) qurilish chogʻida mashhadlik gʻulomlar tomonidan oʻldirilgan. Munianing yozishicha, Sh. odil, maʼrifatparvar hukmdor boʻlib, koʻp vaqtini ilm ahli bilan suhbatda oʻtkazgan. Uning davrida ilm-fan va sheʼriyat rivojlangan.

Saʼdulla Otamurodov.