Kontent qismiga oʻtish

Shimr

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Abu as-Sabigʻa Shamir ibn Zil-Javshan (arabcha: أبو السابغة شمر بن ذي الجوشن‎‎) — asosan, Shamir yoki Shimar nomi bilan tanilgan kufalik arab harbiy qoʻmondoni, 680-yilda Karbalo jangida islom paygʻambari Muhammadning nevarasi Husayn ibn Alini oʻldirgan[1].

Shimr Shurahbil (yoki Avs) ibn Zul-Javshan ibn Qurt al-Aʼvar ibn Amrning oʻgʻli boʻlgan[1][2][3]. Otasi Shurahbil islom payg‘ambari Muhammadning sahobalaridan biri boʻlib, Iroq musulmonlar tomonidan fath etilgach, Kufa shahriga koʻchib kelib, shu yerda istiqomat qilgan[1]. Shimr Banu Kilob qabilasining Muoviya az-Zibob urugʻiga mansub boʻlgan. Banu Kilob esa Havozin qabilasining Banu Amir tarmogʻiga kiruvchi Qays qabilalar guruhiga mansub edi[4][5]. Shimr dastlab 4-Roshidun xalifa Alining (h. 656–661) ittifoqchisi boʻlgan. U Suriya hokimi va keyinchalik Umaviylar xalifaligiga asos solgan Muoviyaga qarshi Siffin jangida Alining qoʻshinlari safida jang qilgan va shu jangda boshidan jarohat olgan[1]. Keyinchalik Shimr Umaviylar tomoniga oʻtgan. 671-yilda Ziyod ibn Abihiy Alining tarafdori Hujr ibn Adini xiyonatda ayblab hibsga olganida Shimr Hujr ibn Adiga qarshi guvohlik bergan shaxslar qatorida boʻlgan[1].

680-yilda Muhammadning nevarasi va xalifa Alining oʻgʻli Husayn ibn Ali Umaviylarni hokimiyatdan agʻdarishga chaqirgan Ali tarafdorlarining murojaatlariga javoban amakivachchasi Muslim ibn Oqilni Kufaga yuborgan. Shimr boshqa turli qabila zodagonlari bilan birga voliy Ubaydulloh ibn Ziyodga qoʻzgʻolonni bostirishda yordam bergan. Oradan koʻp oʻtmay, Husayn Iroqqa yetib kelgan va Kufadan tashqaridagi Karbalo sahrosida ularning yoʻlini toʻsib qolishgan. Ibn Ziyod Husaynning sulh tuzish boʻyicha bildirgan taklifiga rozi boʻlganidan keyin, xabarlarga koʻra, Shimr bu taklifga qarshi chiqib, Husaynni kuch bilan boʻysundirishga Ibn Ziyodni koʻndirgan. Shundan soʻng Shimr Karbaloga Husaynni boʻysunishga majburlash, bu talabni rad etgan taqdirda uni oʻldirish buyrugʻi bilan yuborilgan. Jang boshlanishidan bir kun oldin Shimr Husaynning otasi bir boʻlgan uch aka-ukasiga, jumladan, Abbos ibn Aliga ham omonlik va xavfsizlik kafolatini taklif qilgan. Abbos ibn Alining onasi Ummu al-Banin Shimr mansub boʻlgan qabiladan edi. Taklif rad etilgan, chunki Husaynning oʻziga hech qanday omonlik kafolati berilmagan edi. Jang kuni (10-oktyabr) Shimr Umaviylar qoʻshinining chap qanotiga qoʻmondonlik qilgan. Qoʻshin qoʻmondoni Umar ibn Saʼdning buyrugʻi bilan Shimr Husayn tarafdorlarining chodirlariga oʻt qoʻygan va hamrohlari toʻxtatib qolmaganda Husaynning shaxsiy chodirini ham yoqib yuborishga bel bogʻlagan edi[1].

Bir kun davom etgan jangdan soʻng Husaynning tarafdorlari orasida koʻpchilik qurbon boʻlgan. Biroq Umaviylar qoʻshini askarlari Husaynni oʻldirishga ikkilanib turgan. Shunda Shimr ularni Husaynni oʻldirishga undagan[6]. Shundan soʻng Shimr yakuniy hujumga boshchilik qilgan[7]. Ayrim manbalarda Husaynni oxir-oqibat aynan Shimr oʻldirib, boshini tanasidan judo qilgani qayd etilsa, boshqa manbalarda esa bu ishni Sinan ibn Anas amalga oshirgani aytiladi. Shundan keyin Shimr Husaynning tirik qolgan oʻgʻli Zayn al-Obidinni ham oʻldirishga uringan, biroq Ibn Saʼd bunga yoʻl qoʻymagan. Shundan soʻng Shimr halok boʻlganlarning boshlarini olib ketayotgan qoʻriqchilar guruhiga boshchilik qilib, ularni Kufaga olib borgan. Keyinchalik u asirlarni Shomga olib boruvchi guruhga ham hamrohlik qilgan. Maʼlum qilinishicha, Shimr umrining keyingi davrlarida qilgan xatti-harakatlaridan pushaymon boʻlgan[1].

Muxtor as-Saqafiy 685-yil oktyabr oyida Kufani egallab, hokimiyatni qoʻlga kiritgan davrda Shimr Muxtorni hokimiyatdan agʻdarishga uringan fitnachilar qatorida boʻlgan. Qoʻzgʻolon bostirilgach, Shimr qochib, Kufa va Basra oʻrtasida joylashgan Sadama degan hududga yashiringan. Oʻsha paytda Basrani Mus’ab ibn az-Zubayr boshqarayotgan edi. Shimr undan yordam soʻrab xat yozgan. Biroq xat Abu Amra Qayson boshchiligidagi Muxtorning askarlari tomonidan qoʻlga tushirilgan. Shu tariqa Shimrning yashiringan joyi fosh boʻlgan va u topilib, oʻldirilgan. Boshqa rivoyatlarda esa Shimr avval yarador holatda qoʻlga olinib, Muxtorning huzuriga olib borilgani va keyinchalik Muxtor tomonidan oʻldirilgani aytiladi[8].

Shimr oʻldirilgach, uning oʻgʻillari Kufani tark etib Jaziraga ketishgan[9]. Shimrning nevarasi as-Sumayl ibn Hotim 742-yilda Shimoliy Afrikadagi Berberlar qoʻzgʻoloniga qarshi yuborilgan Balj ibn Bishrning Umaviylar qoʻshinida qoʻmondon boʻlgan va shundan keyin al-Andalusga joylashgan Kalb qoʻshinlarining yetakchisiga aylangan[10].

Shimr Ashuro kuni munosabati bilan shialarning motam marosimlari doirasida namoyish etiladigan taʼziya tomoshalarida odatda qizil libosda, boshiga uzun patlar bilan bezatilgan qalpoq kiygan holda tasvirlanadi[11].

  1. 1 2 3 4 5 6 7 Kohlberg 2004, s. 722.
  2. ↑ Caskel 1966, ss. 14, 216.
  3. ↑ Rowson 1989, s. 192, note 703.
  4. ↑ Hawting 1996, s. 52 n. 214.
  5. ↑ Caskel 1966, ss. 13–14.
  6. ↑ Howard 1990, s. 160.
  7. ↑ Vaglieri 1971, s. 611.
  8. ↑ Kohlberg 2004, s. 723.
  9. ↑ James 2012, s. 78.
  10. ↑ Taha 2016, s. 143.
  11. ↑ Burke & Yaghoubian 2006, s. 243.