Shimabara qo‘zg‘oloni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shimabara qo‘zg‘oloni
Shimabara-Battle-Map-c17th-century.png
Sanalar 1637-yil 17-dekabr - 1638-yil 15-aprel
Natija Tokugava gʻalabasi
  • Xristianlikning qat'iy taqiqlanishi
  • Portugayliyalik savdogarlarning quvib chiqarilishi
Hududiy
oʻzgarishlar
Tokugava syogunati, Shimabara domeni

Shimabara qoʻzgʻoloni (yaponcha: 島原の乱 Shimabara no ran?), shuningdek, Shimabara-Amakusa qoʻzgʻoloni (yaponcha: 島原・天草の乱 Shimabara-Amakusa no ran?) 1637-yil 17-dekabrdan 1638-yil 15-aprelgacha Yaponiyadagi Tokugava syogunatining Shimabara domenida sodir boʻlgan.

Shimabara domenining Daimyosi Matsukura Katsuie otasi Matsukura Shigemasa tomonidan boshlangan yangi Shimabara qalʼasi qurilishi uchun soliqlarni keskin oshirgan va nasroniylikni zoʻravonlik bilan taqiqlagan siyosatni amalga oshirdi. 1637-yil dekabrda Amakusa Shiro boshchiligidagi mahalliy roninlar va asosan katolik dehqonlar ittifoqi Katsuie siyosatidan noroziligi sababli Tokugava syogunatiga qarshi isyon koʻtardi. Tokugava Syogunati isyonchilarni bostirish uchun Gollandiya tomonidan qoʻllab-quvvatlangan 125000 dan ortiq qoʻshin yubordi va Minamishimabaradagi Hara qalʼasida uzoq davom etgan qamaldan soʻng ularni magʻlub etdi.

Qoʻzgʻolon bostirilgandan soʻng, Shiro va taxminan 37 000 isyonchilarning boshini kesish orqali qatl qilindi va ularga yordam berishda gumon qilingan portugal savdogarlari Yaponiyadan chiqarib yuborildi. Katsuie notoʻgʻri qaror qabul qilgani uchun takshiruvga tortilib, oxir-oqibat Edoda boshi olindi. Bu bilan Katsuie Edo davrida qatl etilgan yagona Daimyoga aylandi. Shimabara domeni Koriki Tadafusaga berildi. Yaponiyaning nasroniylikni taʼqib qilish va milliy tanholik siyosati 1850-yillarda Edo davri yakunigacha qatʼiylashdi.

Shimabara qoʻzgʻoloni Yaponiyada Edo davridagi eng yirik fuqarolik urushi boʻlib, Tokugava syogunati hukmronligining nisbatan tinch davridagi jiddiy tartibsizlik hodisasi edi.[1]

Kelib chiqishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1630-yillarning oʻrtalarida Shimabara yarim oroli va Amakusa dehqonlari ogʻir soliqlardan norozi boʻlib va ocharchilik taʼsiridan azob chekib, oʻz xoʻjayinlariga qarshi isyon koʻtardilar. Vaziyat, ayniqsa, Shimabara domenidagi Matsukura Katsuie va Karatsu domenidagi Terasava Katataka tomonidan boshqariladigan hududda jiddiy edi:.[2] Jabrlanganlar orasida baliqchilar, hunarmandlar va savdogarlar ham bor edi. Qoʻzgʻolon avj olganda unga bir vaqtlar bu hududda yashagan Amakusa va Shiki kabi oilalarga xizmat qilgan roninlar (ustoz koʻrmagansamuraylar), Arima urugʻi va Konishining sobiq xizmatchilari qoʻshildi.[2][3]

Shimabara bir paytlar nasroniy boʻlgan Arima urugʻiga tegishli edi. Shuning uchun koʻp mahalliy aholi ham nasroniy edi. Arima 1614-yilda koʻchirildi va oʻrniga Matsukura keldi.[4] Yangi rahbar Matsukura Shigemasa syogunat ierarxiyasida koʻtarilishni umid qilgani uchun turli qurilish loyihalarida, jumladan Edo qalʼasini qurish va kengaytirishda, Ispaniya Sharqiy Hindistoniga qaraydigan Luzonga rejalashtirilgan bosqinchilikda ishtirok etgan (bugungi kunda Filippinning bir qismi). Shuningdek, u Shimabarada yangi qalʼa qurdi.[5] Natijada, u oʻz domenidagi odamlarga nomutanosib soliq yukini yukladi va xristianlikni qattiq taʼqib qilish orqali ularni yanada gʻazablantirdi.[5] Ushbu siyosat Shigemasaning vorisi Katsuie tomonidan davom ettirildi.

Konishi Yukinaga fiefining bir qismi boʻlgan Amakusa orollari aholisi, xuddi Matsukura kabi Terasava oilasi tomonidan xuddi shunday taʼqibga uchradi.[6]

Isyon[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boshlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shimabara qoʻzgʻoloni paytida Amakusa Shiro bayrogʻi.
Jizoning buddizm haykallari. Boshi kesilgan rahm-shafqat bosatsusi.

Mintaqaning norozi roninlari va dehqonlar Yusimada ("uchrashuv oroli" deb ham ataladi) yashirincha yigʻilishni boshladilar va 1637-yil 17-dekabrda[7] mahalliy daykan (magistr) Hayashi Hyōzaemon oʻldirilgach, qoʻzgʻolon boshladilar. Shu bilan birga, boshqalar ham Amakusa orollarida isyon koʻtardilar. Qoʻzgʻolonchilar oʻzlari egallab olgan hududlardagi barchani qoʻzgʻolonga qoʻshilishga undab, tezda saflarini kengaytirdilar. Koʻp oʻtmay, 16 yoshli xarizmatik yigit Amakusa Shiro isyonning yetakchisi sifatida namoyon boʻldi.[8]

Qoʻzgʻolonchilar Terasava qabilasining Tomioka va Xondo qalʼalarini qamal qilishdi. Ammo qalʼalar egallanishiga oz vaqt qolganda, Kyushudagi qoʻshni domenlardan qoʻshinlar kelib, ularni chekinishga majbur qilishdi. Shundan soʻng qoʻzgʻolonchilar Ariake dengizini kesib oʻtdilar va Matsukura Katsuiening Shimabara qalʼasini qisqa vaqt qamal qildilar. Ammo qamal yana qaytarildi. Shu vaqtda ular Nobeoka domeniga koʻchishdan oldin Arima urugʻining qalʼasi boʻlgan Hara qalʼasida toʻplanishdi.[9] Ular suvni kesib oʻtgan qayiqlarning yogʻochlaridan palisadlar qurdilar va Matsukura urugʻining omborlaridan talon-toroj qilgan qurollar, oʻq-dorilar va oziq-ovqatlar yordamida tayyorgarliklarini oshirib bordilar.[10]

Hara qalʼasi qamali[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gollandiya kemalari qamalda.

Tokugava syogunati qoʻshinlari (syogun Tokugava Iemitsu hukmronligi davrida) Itakura Shigemasa qoʻmondonligi ostida mahalliy domenlarning ittifoqchi qoʻshinlari bilan Xara qalʼasini qamal qilishni boshladilar. Samuray Miyamoto Musashi qamal guruhida Xosokava Tadatoshiga maslahatchi sifatida qatnashdi.[11] Musashini dehqonlardan biri uloqtirgan tosh otidan yiqitgan voqea uning qamalda qatnashganini tasdiqlashi mumkin boʻlgan bir nechta maʼlumotlardan biridir. 

Syogunat qoʻshinlari gollandlardan yordam soʻrashdi. Gollandlar avval ularga porox, keyin esa toʻp berdi.[12] Xirado shahridagi Gollandiya zavodi opperhoofdi Nicolaes Couckebacker hukumatni porox va toʻplar bilan taʼminladi. Syogunat kuchlari undan kema yuborishni soʻraganida, u shaxsan de Ryp kemasi bilan Hara qalʼasi yaqinidagi dengizda qamalda ishtirok etdi.[12] Ilgari yuborilgan toʻplar batareyaga oʻrnatildi va qalʼani qirgʻoq qurollaridan va de Rypning 20 ta qurolidan toʻliq bombardimon qilish boshlandi.[13] Ushbu qurollar 15 kun ichida (oʻrtacha soatiga kamida bir marta) taxminan 426 marta oʻq uzdi. Bu urinish yaxshi natija bermadi va ikkita gollandiyalik kuzatuvchi isyonchilar tomonidan otib tashlandi.[14] Qoʻzgʻolonchilar qamal qilingan qoʻshinlarga yuborgan quyidagi nafratli xabarlardan soʻng kema yaponiyaliklarning iltimosiga binoan ortga chekindi:

Endilikda biz bilan jang qilish uchun jasur askarlar yoʻqmi? Ular bizning kichik kontingentimizga qarshi chet elliklarni yordamga chaqirishdan uyalishmadimi?[15]

Yakuniy bosqich[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qalʼani egallashga urinish chogʻida Itakura Shigemasa oʻldirildi. Tez orada Itakuraning oʻrniga tayinlangan Matsudaira Nobutsuna kattaroq syogunat qoʻshinlari bilan yetib keldi.[16] Biroq, Xara qalʼasidagi qoʻzgʻolonchilar bir necha oy davomida qarshilik koʻrsatdilar va syogunatga katta yoʻqotishlar keltirdilar. Har ikki tomon qishki sharoitda ogʻir janglar olib bordi. 1638-yil 3-fevraldagi isyonchilar bosqinida Xizzen domenidan 2000 nafar jangchi halok boʻldi. Bunaqa kichik gʻalabalar boʻlib tursa-da, qoʻzgʻolonchilar asta-sekin oziq-ovqat, oʻq-dorilar va boshqa taʼminotlarini tugatib borayotgan edilar. 

1638-yil 4-aprelda 27000 dan ortiq isyonchilar 125000 ga yaqin syogunat askarlari[17] bilan toʻqnash keldilar. Ogʻir jangda isyonchilar chekinishga majbur boʻldilar. Asirga olingan omon qolganlardan va qalʼadagi xoin Yamada Emosaku orqali qalʼada oziq-ovqat va porox yoʻqligi aniqlandi. 

1638-yil 12-aprelda Xizzenning Kuroda urugʻi qoʻmondonligi ostidagi qoʻshinlar qalʼaga bostirib kirib, tashqi mudofaani buzib tashladilar.[14] Qoʻzgʻolonchilar uch kundan soʻng, 1638-yil 15-aprelda tor-mor etilguniga qadar kurashishda davom etib, katta talofatlar keltirdilar[18]

Shimabaradagi kuchlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shimabara qoʻzgʻoloni Osaka qamalidan keyingi birinchi ommaviy harbiy harakat boʻlib, unda syogunat turli hududlardagi qoʻshinlardan tashkil topgan ittifoqchi armiyani shakllantirishi kerak edi. Birinchi bosh qoʻmondon Itakura Shigemasa bevosita qoʻmondonligi ostida 800 kishi bor edi. Uning oʻrnini egallagan Matsudaira Nobutsuna 1500 askarga ega edi. Qoʻmondon oʻrinbosari Toda Ujikane 2500 askarga ega edi va Shimabara domenidagi 2500 samuray ham tayyor holatda edi. Syogunat armiyasining asosiy qismini Shimabaraning qoʻshni domenlaridan olgan. 35 000 dan ortiq odamni tashkil etuvchi eng katta kontingent Nabeshima Katsushige qoʻmondonligi ostida Saga domenidan kelgan edi. Kumamoto va Fukuoka domenlari kuchlari soni boʻyicha ikkinchi oʻrinni egalladi. Ulardan mos ravishda Xosokava Tadatoshi boshchiligidagi 23 500 kishi va Kuroda Tadayuki qoʻl ostida 18 000 kishi yordamga keldi. Kurume domenidan Arima Toyouji boshchiligidagi 8300 kishi keldi. Yanagawa domenidan Tachibana Muneshige boshchiligidagi 5500 kishi, Karatsu domenidan Terasava Katataka boshchiligida 7,570 kishi, Nobeokadan Arima Naozumi boshchiligida 3300 kishi, Kokuradan Ogasawara Tadazane va uning katta xizmatchisi Takada Matabei boshchiligida 6000 kishi, NakatsudanOgasawara Nagatsugu boshchiligida 2500 kishi, Bungo-Takadadan Matsudaira Shigenao boshchiligidagi 1500 kishi va Kagosimadan 1000 kishi Yamada Arinaga boshchiligida yordamga kelishdi. Qoʻmondonlarning shaxsiy qoʻshinlaridan tashqari Kyushu boʻlmagan kuchlar Mizuno Katsunari,[19] Katsutoshi va Katsusada qoʻmondonligi ostida Fukuyama domenidan 5600 kishidan iborat kuchlar ham bor edi. Boshqa turli joylardan kelgan oz sonli qoʻshinlar 800 nafarni tashkil etdi. Hammasi boʻlib, syogunat qoʻshini 125 800 kishidan iborat boʻlgan. Qoʻzgʻolonchilarning kuchi aniq maʼlum emas. Ammo jangchilar soni 14000 dan ortiq, qamal paytida qalʼada boshpana olgan tinch aholi esa 13000 dan ortiq boʻlgan. Bir manbaga koʻra, qoʻzgʻolonchilarning umumiy soni 27000 dan 37000 gacha, yanada aniqrogʻi syogunat tomonidan yuborilgan kuchlarning toʻrtdan bir qismini tashkil qilgan.[7]

Oqibat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shimabara yarim orolidagi Xara qal'asi xarobalari.

Qalʼa egallanganidan soʻng syogunat kuchlari taxminan 37000 isyonchi va isyonchilarga xayrixohlarning boshini kesib tashladilar. Amakusa Shironing kesilgan boshi ommaviy namoyish qilish uchun Nagasakiga olib ketilgan. Xara qalʼasidagi butun majmua yondirilgan va barcha oʻliklarning jasadlari birga dafn etilgan.[19]

Syogunat isyonni yoyishda yevropalik katoliklar ishtirok etgan deb gumon qilgani uchun portugal savdogarlari mamlakatdan haydab chiqarildi. 1639-yilga kelib milliy yopiqlik siyosati yanada qatʼiylashtirildi[20] Xristian diniga nisbatan mavjud boʻlgan taqiq yanada qatʼiy ravishda amalga oshirildi va Yaponiyada xristianlik faqat yer ostiga kirish orqali omon qoldi.[21]

Qoʻzgʻolondan keyin syogunatning vazifalaridan yana bir qismi qoʻzgʻolonni bostirishda harbiy yordam bergan klanlarni har xil domenlardan muntazam ravishda talab qilinadigan qurilishdagi hissalarini koʻtarish edi.[22] Biroq, Matsukura Katsuie domeni boshqa lord Koriki Tadafusaga berildi va Matsukuraga syogunat tomonidan seppuku deb nomlangan sharafli marosimni amalga oshirishi uchun bosim oʻtkazila boshlandi.[14] Biroq, uning qarorgohida notoʻgʻri boshqaruv va shafqatsizligini isbotlovchi dehqonning jasadi topilganidan soʻng, Edoda Matsukuraning boshi kesilgan. Terazava klani omon qoldi. Ammo oradan deyarli 10 yil oʻtib vafot etganda Katatakadan voris qolmadi.[23]

Shimabara yarim orolida koʻpchilik shaharlar qoʻzgʻolon natijasida aholining jiddiy va toʻliq yoʻq boʻlishini boshdan kechirdilar. Guruch dalalarini va boshqa ekinlarni saqlash uchun Yaponiya boʻylab boshqa hududlardan muhojirlar olib kelingan. Barcha aholi mahalliy ibodatxonalarda roʻyxatga olingan. Ibodatxona ruhoniylari oʻz aʼzolarining diniy mansubligini tasdiqlashi kerak edi.[24] Qoʻzgʻolondan keyin buddizm bu hududda kuchli targʻib qilindi. Bugungi kunda ham ushbu hududga xos boʻlib qolayotgan ayrim yangi urf-odatlar joriy etildi. Shimabara yarim orolidagi shaharlar Yaponiyaning boshqa qismlaridan farqli ravishda ommaviy immigratsiya tufayli turli xil dialektlarga ega. 

Vaqti-vaqti bilan mahalliy dehqonlar qoʻzgʻolonlarini hisobga olmaganda, Shimabara qoʻzgʻoloni Yaponiyada 1860-yillargacha boʻlgan soʻnggi keng koʻlamli qurolli toʻqnashuv boʻlib qoldi.[25]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Borton, Japanʼs Modern Century, p. 18.
  2. 2,0 2,1 Murray, Japan, pp. 258–259.
  3. De Bary et al.
  4. Murray, p. 258.
  5. 5,0 5,1 Naramoto (1994), Nihon no Kassen, p. 394.
  6. Murray, p. 259.
  7. 7,0 7,1 Morton, Japan: Its History and Culture, p. 260.
  8. Naramoto (1994), p. 395.
  9. Naramoto (2001) Nihon no Meijōshū, pp. 168–169.
  10. Naramoto (1994), p. 397; Perrin, Giving Up the Gun, p. 65.
  11. Harris, Introduction to A Book of Five Rings, p. 18.
  12. 12,0 12,1 Murray, p. 262.
  13. Murray, pp. 262–264.
  14. 14,0 14,1 14,2 Murray, p. 264.
  15. Doeff, Recollections of Japan, p. 26.
  16. Harbottle, Dictionary of Battles, p. 13.
  17. Naramoto (1994), p. 399.
  18. Gunn, Geoffrey. World Trade Systems of the East and West. Brill, 2017 — 134 bet. ISBN 9789004358560. 
  19. 19,0 19,1 Naramoto (1994), p. 401.
  20. Mason, A History of Japan, pp. 204–205.
  21. Morton, p. 122.
  22. Bolitho, Treasures among Men, p. 105.
  23. „Karatsu domain on "Edo 300 HTML"“. 2016-yil 1-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 5-oktyabr.
  24. Bellah, Tokugawa Religion, p. 51.
  25. Bolitho, p. 228.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ingliz tilida[tahrir | manbasini tahrirlash]

    • Bellah, Robert N. (1957). Tokugawa Religion. (New York: The Free Press).
    • Bolitho, Harold. (1974). Treasures Among Men: The Fudai Daimyo in Tokugawa Japan. New Haven: Yale University Press. ISBN 978-0-300-01655-0ISBN 978-0-300-01655-0; OCLC 185685588
    • Borton, Hugh (1955). Japan's Modern Century. (New York: The Ronald Press Company).
    • DeBary, William T., et al. (2001). Sources of Japanese Tradition: From Earliest Times to 1600. New York: Columbia University Press.
    • Doeff, Hendrik (2003). Recollections of Japan. Translated and Annotated by Annick M. Doeff. (Victoria, B.C.: Trafford).
    • Harbottle, Thomas Benfield (1904). Dictionary of Battles from the Earliest Date to the Present Time. (London: Swan Sonnenschein & Co. Ltd.)
    • Harris, Victor (1974). Introduction to A Book of Five Rings. (New York: The Overlook Press).
    • Mason, R.H.P. (1997). A History of Japan. North Clarendon: Tuttle Publishing.
    • Morton, William S. (2005). Japan: Its History and Culture. (New York: McGraw-Hill Professional).
    • Murray, David (1905). Japan. (New York: G.P. Putnam's Sons).
    • Perrin, Noel (1979). Giving Up the Gun: Japan's Reversion to the Sword, 1543–1879. (Boston: David R. Godine, Publisher)

Qoʻshimcha oʻqish uchun[tahrir | manbasini tahrirlash]

    • Clements, Jonathan (2016). Christ's Samurai: The True Story of the Shimabara Rebellion. (London: Robinson).
    • Morris, Ivan (1975). The nobility of failure: tragic heroes in the history of Japan. (New York: Holt, Rinehart and Winston).
    • Sukeno Kentarō (1967). Shimabara no Ran. (Tokyo: Azuma Shuppan).
    • Toda Toshio (1988). Amakusa, Shimabara no ran: Hosokawa-han shiryō ni yoru. (Tokyo: Shin Jinbutsu Ōraisha).

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]