Pavel Shilling

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Shilling Pavel Lvovichdan yoʻnaltirildi)

Pavel Lvovich Shilling [1786.5(16).4, Tallin 1837.25.7(6.8), Peterburg] — rus olimi, fizik, sharqshunos. Peterburg Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi (1828). Rossiyada birinchi litografiyani tashkil etgan. 1829-yilda xitoy matnlaridan nusxa koʻchirishning maxsus litografiya usulini ishlab chiqqan. Osiyo xalqlari tarixi va tillariga oid tadqiqotlar bilan shugʻullangan. 1830—32 yillarda Xitoy chegaralariga ilmiy ekspeditsiya uyushtirgan (N.Ya.Bichurin bilan birga). 1812-yilda oʻzi ixtiro qilgan elektr minani sinab koʻrgan (Peterburg, Neva daryosi). Elektromagnit telegraf konstruksiyasini ishlab chiqqan, uni 1832-yilda birinchi marta namoyish etgan. Elektr mina va telegraf uchun yer va suv ostida oʻtkaziladigan elektr simlari namunalarini yaratgan, elektr simlarini havoda tortish gʻoyasini ilgari surgan. Sharq qoʻlyozmalarining boy kolleksiyasiga ega boʻlgan.