Kontent qismiga oʻtish

Shaytanat (qissa)

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Ushbu maqola qissa haqidadir. Shaytanat soʻzining boshqa maʼnolari uchun bu yerga qarang.
Shaytanat
Muallif(lar) Tohir Malik
Mamlakat Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Til oʻzbekcha
Janr(lar)i Qissa
Nashr etilgan sanasi 1994-yil
Nashriyot „Sharq“ nashriyoti

Shaytanat (ruscha: Царство сатаны) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik qalamiga mansub qissa. Asar 5 kitobdan iborat boʻlib, 1984-yilda yozish boshlangan. Birinchi qismi ilk bor „Sharq yulduzi“ jurnalida oʻsha vaqtdagi bosh muharrir Oʻtkir Hoshimov tashabbusi bilan 1992-yil nashr etilgan. Asar 2 yildan soʻng „Sharq“ nashriyotida kitob holida bosmadan chiqqan[1].

2018-yilda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining „O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyotida kitobning har bir qismi alohida nom bilan nashr etilgan. Bunda birinchi qism „Qasos“, ikkinchi qism „Non bergan jon olmaydi“, uchinchi qism „Semirgan chumoli“, to‘rtinchi qism „Oqqush qo‘shig‘i“, beshinchi qism „Azozil do‘koni“ deb nomlangan[2].

Qissani yozishdan maqsad odamlarni jinoyat olamining naqadar qabih ekanligidan ogohlantirish boʻlgan. Yozuvchi bu toʻgʻrida shunday degan:

„Odamlar, ko‘rib qo‘yinglar, befarq yurmanglar, siz bilan bizning yonimizda ko‘zga ko‘rinmas, ammo vahshiy bir olam borki, undan o‘zingiz ham ehtiyot bo‘ling, ayniqsa, farzandlaringizni asrang, toki bu olamga bandi bo‘lib qolishmasin. Bu olamning bittagina eshigi bor. Kirdingmi, tamom, o‘z oyog‘ing bilan qaytib chiqishing mahol, kafansiz ketishing aniqroq...“, — demoqchi bo‘lganman.

Ekranlashtirilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1998-yil „Shaytanat“ asari asosida 20 qismdan iborat teleserial suratga olingan va ilk marta 1999-yil 15-fevralda efirga uzatilgan. Serial rejissyori — Yodgor Saʼdiyev[3][4].