Sharqiy Yevropa platformasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Sharqiy yevropa platformasidan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Sharqiy yevropa platformasi (Rus platformasi, Yevropa platformasi) — yirik platformalardan biri, Yer poʻstining qadimiy rifeygacha boʻlgan davriga mansub. Sharqiy va Shim. Yevropaning katta qismini egallab, Skandinaviya togʻlaridan Uralgacha va Barens dengizidan Qora hamda Kaspiy dengizlarigacha choʻzilgan. Platforma chegarasi shim.sharq va shim.da Timan kryaji boʻylab hamda Kola ya.o. qirgʻoqlaridan, jan,gʻarbda esa — Oʻrta Yevropa tekisligida Varshava yaqinidan, shim.gʻarbda Boltiq dengizi va Yutlandiya ya.o.ning shim. qismidan oʻtadi. Sh.Sharqiy yevropa platformasida rifeygacha boʻlgan burmalangan qadimiy kristalli zamin bilan uning ustida yotgan choʻkindi jinslar qoplami ajralib turadi. Zamin platformaning faqat shim.gʻarbida (Boltiq qalqoni) va jan.gʻarbidagina (Ukraina qalqoni) yer yuzasiga chiqib yotadi. Qolgan katta maydonda u choʻkindi yotqiziqlari bilan qoplangan. Sh.Sharqiy yevropa platformasining zaminida kuchli metamorflashgan va burmalangan choʻkindi hamda magmatik jinslar boʻlib, bu jinslar katta maydonlarda gneys va kristalli slanetslarga aylangan. Platforma zaminining aksari qismi (gʻarbiy chekkasi bundan istisno) yuqori proterozoy boshlarida (1600 mln. yil oldin) shakllangan. Sh.Sharqiy yevropa platformasi tarixida 2 yirik davr ajralib turadi. 1-davr arxey, quyi va oʻrta proterozoy davrlarini (3500—1600 mln. yil) oʻz ichiga oladi, bunda kristalli zamin shakllangan; 2-davrda (yuqori proterozoydan antropogengacha) esa platformaning oʻzi rivojlanib, choʻkindi qoplam va hozirgi struktura hosil boʻlgan. Paleozoy davrining oxirlarida Sh.Sharqiy yevropa platformasining strukturalari qayta tiklanishi natijasida yer sathining katta qismi qoʻtarilgan. Bunga sharqda sodir boʻlgan Ural-Tyanshan geosinklinal mintaqasidagi gersin davrining burmalanish harakati taʼsir koʻrsatgan. Zamindagi foydali qazilmalar: temir rudasi (Krivoy Rog havzasi, Kursk magnit anomaliyasi, Kiruna), nikel, mis, titan rudalari, slyudalar, pegmatitlar apatit va boshqalar Choʻkindi qoplamda yonuvchi gaz va neft qatlamlari (Volga — Ural anteklizasi, Pripyat botigʻi), tosh tuzi va kaliy tuzi konlari (Kama, Ural oldi, Pripyat botigʻi), qazilma koʻmir (Lvov, Donetsk, Moskva yoni havzalari), fosforit, boksit, qurilish xom ashyosi (ohaktosh, dolomit, gil va boshqalar) konlari, shuningdek, chuchuk va mineral suvlar bor.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. "Sharqiy Yevropa platformasi" OʻzME. Sh-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil