Shahzoda Mustafo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shahzoda Mustafo (usmonli : شهزاده مصطفىv ; 1515 y., Manisa — 1553-yil 6-oktyabr, Konya) — Sulton Sulaymon Qonuniy va uning rafiqasi Mohidavron Sultonning oʻgʻli.

Saruxan, Amasya va Konya sanjoq bekliklari hokimi. U otasiga qarshi isyon koʻtargani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan; Nahchivon yurishiga ketayotgan Usmonli qoʻshini Konyada qarorgoh qurayotgan paytda u sulton chodirida boʻgʻib oʻldirilgan.[1] Qotillik davlatga qarshi qoʻzgʻolon jinoyati bilan bogʻlanadi, ammo dalillar va guvohlar boʻyicha tortishuvlar mavjud.[2] Ba’zi tarixchilarning ta’kidlashicha, Xurram Sulton shahzoda Mustafoni oʻz oʻgʻillaridan birini taxtga oʻtkazish uchun ffitna tayyorlagan hamda shahzodaning oʻlimini uyushtirgan.[3][4] Bundan tashqari, 2005-yilda Amasiya gubernatorligida shahzoda Mustafoning miniatyuralardan qarab, mumdan yasalgan haykali ishlangan. Bu haykalni dunyoda faqat Amasiyadagi Shahzoda muzeyida topish mumkin. Baʼzi tarixchilar uning aybsizligini taʼkidlaydilar.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

U 1515-yil 6-avgust kuni Manisada otasi Sulton Sulaymon hukmronligi davrida otasining yettinchi, onasining ikkinchi oʻgʻli boʻlib tugʻilgan. Uning onasi Mohidavron Sulton boʻlib, u Cherkes hukmdori Idar Mirzo Temruko va Qrim xoni I. Mengli Girayning qizi Nazjon Xotundan qizi edi. Uning 1512-yilda tugʻilgan Shahzoda Mahmud ismli akasi, 1518-yilda tugʻilgan Shahzoda Ahmad ukasi, 1521-yilda tugʻilgan Fatma Nur Sulton va 1525-yilda tugʻilgan Roziya Sulton ismli singillari bor. 1520-yilda bobosi Yavuz Sulton Salim vafotidan soʻng, Usmonli taxtiga oʻtirish uchun Istanbulga qaytgan otasi bilan poytaxtga boradi.

Xurram Sulton saroyga kirgandan soʻng, Qonuniydan keyin taxtga oʻz oʻgʻillarining oʻtirishini ta’minlash uchun Qonuniyga yana toʻrtta shahzodani dunyoga keltirgan Mohidavron Sulton bilan oʻrtasida katta kurash boʻlib oʻtdi. Shahzoda Mustafo 1534 - 1541 yillarda Saruhan Sanjak begi (Aydin sanjogʻi bilan birga) sifatida xizmat qildi. Saruhan (Manisa) sultonlikka nomzodlar boshqaradigan joy hisoblangan, shuning uchun Shahzoda Mustafo davrning valiahd shahzodasi edi. 1541-yilning 16-iyunida[5] Amasya Sanjoq bekligiga, akasi Shahzoda Mahmud esa Saruhan Sanjoq bekligiga tayinlanadi. Bu holatga xalq va askarlar munosabat bildiradi hamda Sulaymon I shahzoda sharq o’lkalarining xavfsizligi uchun Amasiyaga yuborilganligini, shunday boʻlsa ham uning taxt uchun merosxo’rligi oʻzgarmasligini e’lon qiladi. Soʻngra 1543-yili Mahmudning kutilmagan oʻlimidan soʻng shahzoda Salim Saruxon Sanjoq bekligiga olib kelindi; Shahzoda Mustafo 1549-yilda Koniyaning Sanjakbegi etib tayinlandi.

Shahzoda Mustafoning shaxsiyati haqidagi muhim manbalardan biri, uning Italiya elchisi Bernardo Navagero tomonidan yozilgan maktubida bergan maʼlumotlaridir.[6]

Yana bir maʼlumot Guillaume Postelning Usmonli urf-odatlari va siyosiy ahvolini tasvirlaydigan kitobi hisoblanadi. 1536-yilda fransuz qiroli Fransua I Sulton Sulaymon bilan shartnoma imzolab, oʻzining rasmiy tarjimoni hamda tarixchisi Guillaume Postelni Fransiya elchisi Jan de La Foretga yordam berish uchun Istanbulga yubordi. Fransuz tarixchisi Guillaume Postel “De la République des Turcs” (Turklar Respublikasi) kitobida shahzoda Mustafoning hokimiyatni oʻz qoʻliga olish yoshi va kamolotiga yetganini, uning ehtiyotkor hamda nihoyatda bilimli shahzoda ekanligini yozadi.[7]

Shaxsiyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shahzoda Mustafo
Sulton Sulaymon Qonuniy
Titian Vecellio, 1530 yil

Mustafo shoir (Mahlasi Muhlisiy[8]) va xattotdir (Qoʻlyozmasi: Vena, Sharq qoʻlyozmalari, Sulaymonnoma, No: 998 raqamida qayd etilgan). U Irakeyn va Korfu yurishlarida (1534, 1536, 1537-yillar) hamda Moldaviya yurishlarida Anadolu gvardiyasi, toʻqqizinchi yurishda (1541) Istanbul gvardiyasida boʻldi. Manisa Bozdagʻda masjidlar, saroylar, maqbara va favvoralar qurdirgan. U tashqi koʻrinishi va xulq-atvori bilan bobosi Yavuz Sulton Salimga juda oʻxshardi.[9]

Shahzoda Mustafoning, ayniqsa Amasyada boʻlganida ilmiy majlislarga koʻp qatnashgani, zamonasining mashhur mudarrislaridan saboq olgani ta’kidlanadi. Jalolzoda Solih Chalabiy, Manisali Sanoyi Mahmud Chalabiy, Xayriddin Xizir afandi, Shams afandi, shoir Lali Chalabiy, Karachalabiyzoda Hijri Mahmud Muhiddin afandi, Istanbul qozisi, shoir Muhiddin Mahmud Husayniy kabi olimlardan saboq olgan. Ustozi Mustafo Sururiy afandi “Bahru’l- Maorif ” va “Zohiratul-Muluk ” asarlarini yozib, shahzodaga bagʻishlagan. Shahzoda oʻldirilgandan soʻng, u Qonuniy bilan munosabatlarini uzdi hamda boshqa uchrashmadi, shuningdek, unga topshirilishi kerak boʻlgan barcha rasmiy vazifalarni rad etdi.[9]

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1553-yilda shahzoda Mustafoning o'ldirilishi 1561-yildaa nashr etilgan Gabriel Bounin "La Soltane " fransuz tragediyasining mavzusi bo'lib xizmat qqilgan.

Turmush oʻrtoqlar:

Nurijahon Begim Sulton: U tatar shahzodasi Dashkinning qizi. U 1536-yilda shahzodaga turmushga chiqqan. Nargisshoh Sultonning onasi.

Fatma Handon Sulton: U cherkes va Kabardin qabilasidan Kaytuko sulolasiga mansub. U 1538-yilda turmushga chiqqan. Shahzoda Ahmadning onasi.

Xatija Oysha Sulton: U Cherkes shahzodasi Psheabshokoning qizi. 1542-yilda turmushga chiqqan. Bir shahzoda va bir sultonning onasi.

Futuha Begim Sulton: Qrim shahzodasi Mahmud Girayning qizi. U 1545-yilda shahzodaga nikohlangan. Shahzoda Mahmud va Shoh Sultonning onasi. Erining vafotidan keyin u saroyning buyrugʻi bilan Pertev poshoga turmushga chiqdi.[10]

Farzandlari:

Nargisshoh Sulton: Nurijahon Begim Sulton bilan nikohdan 1536-yilda Manisada tugʻilgan. U Damat Janobi Ahmad Posho (shoir, tarixchi, enderuniy va chashnigirboshi, yigirma yil davomida Onadolu beklarbegi) bilan turmush qurgan. U 1595-yilda vafot etgan.

Shahzoda Ahmad: U 1538-yilda Manisada Fatma Handon Sultondan tugʻilgan. U 1551-yilda otasining oʻlimidan oldin vafot etdi.

Bir shahzodaa: 1542-yilning oxiri yoki 1543-yilning boshida Xatija Oysha Sultondan tugʻilgan va bir necha kun yashagan.

Bir sulton: Tugʻilgan vaqti nomaʼlum. Manbalarda bir kun yashagani aytiladi. Onasi Xatija Oysha Sulton.

Shahzoda Mahmud: 1546-yilda Amasiyada Futuha Begim Sultondan tugʻilgan. 1553 yil, Bursada vafot etgan (U shahzoda Mustafoning oʻlimidan koʻp oʻtmay taxtga xavf tugʻdirishi mumkinligi sababli, bobosi Sulaymon tomonidan boʻgʻilib oʻldirilgan. Qabri otasining yonida.).

Shoh Sulton: 1549-yili Konyada Futuha Begim Sultondan tugʻilgan. U 1577-yil 2-oktyabrda vafot etdi. Eri Damat Abdulkarim Ogʻa.[9]

Oʻlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shahzoda Mustafoning dafn marosimi (Hünernâme, II, TSMK, G'aznachilik, nr. 1524, v. 168 b)
XVIII asrda shahzoda Mustafoning pichoqlanishi tasvirlangan g'arbiy ofort .
Shahzoda Mustafoning jasadi (o'rtada), Sulaymon Qonuniy (chapda) yig'lamoqda.

Taxt uchun kurashda shahzoda Mustafoni yoʻq qilish maqsadida vazir Damat Rustam Posho tomonidan soxta maktublar ishlab chiqilgani taxmin qilinadi. Bu maktublar shahzoda Mustafoning otasi tirikligida taxtiga havas qilib, isyon harakatlarini qoʻllab-quvvatlaganini koʻrsatadi. Avvaliga bu iddaolarga ishonmagan Qonuniy ulardan bunday narsalar bilan uning oldiga kelmasliklarini soʻraydi. Biroq shahzoda Mustafo ham yonidagi davlat arboblari tomonidan aldanib qolgan. Davlat arboblari shahzodaga : “Sultonimiz taxtni sizga qoldiradi, lekin Rustam posho bunga to’sqinlik qilmoqda. Siz yaxshisi soqol oʻstirib, tugʻ tiking. Otangiz niyatingiz borligini tushunib, taxtni sizga qoldirsin” kabi soʻzlar bilan aldamoqchi boʻldilar. Shahzoda Mustafo bu soʻzlarga ishondi va aytganlarini qildi. Soqolini oʻstirib, bayroq tikdi. Shahzodalarga soqol oʻstirish man qilingan. Chunki soqol sultonlik belgisidir. Tugʻ tikish ham sultonlik belgisidir. Bu ikki belgini bajargan shahzoda taxtda umidi borligini bildiradi. Miniatyuralarda koʻrinib turganidek, shahzoda Mustafoning soqoli bor. Shehzade Mustafoning bu oʻyinga osonlik bilan aldanishining sababi, oʻtmishda oʻrnak boʻlgan bobosi Yavuz Sulton Salimdir . Otasi bilan bir muddat kurashgan Sulton Salim otasining iltimosiga koʻra taxtga oʻtirdi. Bularni oʻrgangan Sulton Sulaymon oʻzining eng ishonchli din ulamolaridan maslahat soʻradi. U ishonchli qul xoʻjayinining pulini oʻgʻirlab, unga tuzoq oʻrnatganligi haqidagi xayoliy hikoya bilan nima qilish kerakligini soʻradi.[11] Oʻsha davr ulamolaridan Mahmud Abussuud afandi Sulton Sulaymonga “Bunday boʻlsa, qulni oʻlgunicha qiynoqqa solish maqsadga muvofiqdir”, dedi. javob berdi. Bu ibora shariatga koʻra, shahzoda Mustafoning davlat buyrugʻi uchun oʻldirilishi maqsadga muvofiqligini bildiradi.

1553-yilda Eron yurishi uchun joʻnab ketganidan soʻng vaziri aʼzam Damat Rustam Posho Oqsaroyga kelganida qoʻshinni toʻxtatib, yanicharlarning shahzoda Mustafoga moyilligi va sulton qariganligi sababli Dimetokaga qolishi, yurishda davom eta olmaydigan sultonning oʻrniga Mustafoning hukmdor boʻlishi xohlayotganliklari haqida mish-mish tarqatdi. Fitnadan saqlash uchun Qizil Ahmediylardan otliq qoʻshin boshligʻi boʻlgan Shamsi ogʻani (Shamsi posho) Istanbulga yubordi va sultonning oʻzini askarlarga safarda boshchilik qilib borishini taklif qildi. Oʻzi Oqsaroydan uzoqlashmay, kutib turdi.

Sulton buni eshitib, Rustam poshoni chaqirib, 1553-yil avgust oyining oxirida Eron yurishiga joʻnadi. Kutahya sanjoqbeyi, shahzoda Boyazidni Rumeli himoyasida boʻlish uchun Edirnaga yubordi. 21-sentabr kuni Bolvadinga kelgan Saruhan Sanjoq begi shahzoda Salim askarlari bilan qoʻshinni kutib oldi, ertasi kuni sulton huzuriga borib, uning qoʻlini oʻpdi va unga safarga qoʻshilish buyurildi. 5-oktabr kuni Konya-Ereg’li yaqinidagi Akhuyuk qishlog’iga kelgan shahzoda Mustafo, u yerda chodirda o’rnatilgan barcha hamrohlari bilan qo’shinni kutib oldi. Ertasi kuni barcha davlat amaldorlari shahzodaning oldiga kelib, uning qoʻlidan oʻpishdi, ularga hilqat (sodiqlik libosi) kiydirildi.[12]

U yerdan shahzoda otga minib, podshohning huzuriga keldi, devonxona yaqinida otdan tushib, ichkariga yurdi. Vazirlar uning yonidan oʻtisharkan, salom berib, yoʻl boʻshatishdi. Shahzoda Mustafo otasining qoʻlini oʻpish uchun chodiri humoyunga kirishi bilan qarshisidan yetti tilsiz jallod chiqib, boʻgʻish uchun ustiga otildi. Shahzoda amallab ulardan qutulib qocharkan, kuchli kurashchi va saroy xodimgari hisoblangan Zol Mahmud ogʻa yetib olib, yerga yotqizib boʻgʻdi. Baʼzi rivoyatlarga koʻra, bu vaqtda sultonning oʻzi ham chodirda boʻlgan, pardaning ortida turib qatlni nazorat qilgan yoki oʻgʻli bilan gaplashgan.[6]

Shahzoda Mustafo oʻldirilgandan soʻng, uning miroxoʻri va bir mahrami ham olib ketilib, boshlari kesilgan. Ayni vaqtda darvozabonlar sardori kelib, Rustam poshodan hukmdorlik muhrini olib, vazir Haydar poshoga ishdan boʻshatilganini xabar qildi. Shundan soʻng u muhrni ikkinchi vazir Ahmad poshoga berib, uning oliy vazirligi haqida xushxabar berdi. Keyinroq Kazaskerlarga hamroh boʻlgan ulamolarga shahzodaning janoza namozini oʻqish uchun Eregʻliga borish buyurildi va namozdan keyin uning jasadi Bursaga olib ketildi. Qoʻshindagi shahzodaning shaxsiy xazinasi, chodirlari va hayvonlari ham davlat xazinasi tomonidan musodara qilinib, undagi erkaklarning koʻpchiligiga isteʼfo berilgan.[12]

Shahzoda Mustafoning oʻlimi askarlar va jamoatchilik orasida katta gʻalayonga sabab boʻldi. Yanicharilar voqeada hisoblangan Rustam Poshoning chodiriga hujum qildi, lekin uni topa olmadi. Ular motam belgisi sifatida tushlik qilmadilar hamda Rustam poshoni ishdan boʻshatishni talab qildi.[13] Bu bosim Qonuniyning Rustam poshoni ishdan boʻshatib, Qora Ahmad poshoni oʻsha kuni tayinlashiga sabab sifatida koʻrilmoqda. Yanicharilar necha marta qoʻzgʻolon koʻtarib Rustam poshoni oʻldirmoqchi boʻlishmasin, ularni yo shahzoda Boyazid yoki Sulton Sulaymon askarlari toʻxtatdi, Rustam posho yashirincha qarorgohni tark etib, Istanbulga qaytdi. Shahzoda Mustafoni juda yaxshi koʻrgan shahzoda Jahongir ham Sulton Sulaymon bilan yurishda edi. Akasining oʻlimi haqidagi xabarni eshitgach, qattiq qaygʻuga tushib, kasal boʻlib qoldi. Soʻngra chiday olmadi va Halabda vafot etdi.

Shahzoda Mustafoning oʻldirilishidan keyin Konyada boʻlgan onasi Mohidavron Sulton hamda uning oilasi (xotini, qizlari va oʻgʻli shahzoda Mahmud) Bursaga yuborildi. Biroq, shahzoda Mustafo vafotidan soʻng, askarlar orasida „ Shahzoda Mustafo oʻlsa, oʻgʻli bor, taxtga u oʻtiradi!“ qabilidagi gʻiybatni eshitgan Qonuniy nabirasini ham boʻgʻib oʻldirishni buyurgan. Yetti yoshli shahzoda Mahmud ham otasining oʻlimidan koʻp oʻtmay boʻgʻib oʻldirilgan va shahzoda Mustafoning yoniga dafn etilgan.[6] Shahzoda Mustafo qabri 1555-yil yoki 1556-yilda ukasi Salim II tomonidan qurilgan boʻlib, qabrdagi bitikda shunday misralar bor: “Shoh Salim ibn Sulaymon amr buyurdi, bu goʻzal ravza-i jannatinamoda qattol tarixning adoi bandasi, marqadi gulzor Sulton Mustafo orom olmoqda".[14]

Adabiyotdagi oʻrni[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shehzoda Mustafo vafot etgach, Fununiy, Rahmiy, Edirnali Nazmiy, Muiniy, Mustafo, Mudomiy, Samiy, Qora Fazliy, Nisoyi, Shayx Ahmad Afandi, Salimiy, Qodiriy kabi shoirlar maarsiyalar yozdilar. U haqida yozilgan eng mashhur marsiya toshlijalik Yahyo Bey tomonidan bitilgan. Shaxzoda Mustafo - sulton boʻlmagan holda unga juda koʻp marsiyalr yozilgan yagona shahzoda.

Ommaviy madaniyatda oʻrni[tahrir | manbasini tahrirlash]

2003-yilda efirga uzatilgan <i>Xurram</i> Sulton turk serialida Erju Turan shahzoda Mustafo rolini oʻynadi. 2011-yildan ommaga havola qilingan "Muhtasham asr ” turk serialida Shehzade Mustafoni Mehmet Gunsurgavdaalanttirgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Arşivlenmiş kopya“. 12-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 8 eylül 2015.
  2. Bilinmeyen Osmanlı. OSAV, 2000. 
  3. „Arşivlenmiş kopya“. 31 ekim 2015da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 8 eylül 2015.
  4. „Arşivlenmiş kopya“. 5 şubat 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 8 eylül 2015.
  5. TDV İslam Ansiklopedisi, cilt: 31, sayfa: 290
  6. 6,0 6,1 6,2 Kanuni ve Şehzade Mustafa, 2012. 
  7. De la République des Turcs, 1539. 
  8. Bağdatlı Ahdî, Gülşen-i Şu'arâ (Ahdî Tezkiresi)
  9. 9,0 9,1 9,2 Yılmaz Öztuna, Kanuni Sultan Süleyman (Sayfa: 174-189), Babıali Kültür Yayınları, 2006
  10. „Arşivlenmiş kopya“. 6 ağustos 2022da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 6 ağustos 2022.
  11. The Lords Of The Golden Horn, 1967. 
  12. 12,0 12,1 İbrahim Peçevi, Peçevi Tarihi (Sayfa: 162), Neşriyat Yurdu, 1968
  13. „TarihNotları.com sitesi, Ağlayanlarla Beraber Ağlıyoruz, Erişim tarihi:03.01.2012“. 22 aralık 2011da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3 ocak 2012.
  14. „Mustafa-i Cedid Türbesi“. bgc.org.tr. 5-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3 temmuz 2014.