Shahrixon-xoʻjaobod gazneft koni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shahrixon-xoʻjaobod gazneft koni — Andijon viloyati Xoʻjaobod tumanidagi kon. Andijon shahridan 16 km jan.sharqda. 1947-yil ochilgan, 1953-yilda foydalanishga topshirilgan. Kon kenglik boʻyicha choʻzilgan Shahrixon togʻ tizmasining gʻarbiy qismida, 720–750 m balandlikda. Shahrixon va Xoʻjaobod burmalariga boʻlingan asimmetrik tuzilishga ega boʻlgan antiklinal strukturada joylashgan. Andijon burmasining gʻarb tomonida surilma amplitudasi 300–350 m ga yetadi. Konda jami 194 ta quduq qazilgan boʻlib, paleozoy, mezozoy va kaynozoy erasi yotqiziqlari ochilgan. Hozirgi kunga kelib kondagi 1, 3, 8gorizontlardan tashqari hamma gorizontlardan neft va gaz toʻliq chiqarib olingan. 1gorizont baqtriya seriyasining quyi qismida 380–720 m chuqurlikda ochilgan. Asosan, turli oʻlchamli qumtoshlardan tuzilgan, konglomerat, alevrolit, gil qatchalari bilan qavatlanadi. Neft uyumi chegarasida gorizont qalinligi 30–40 m. 3gorizont sumsar qatlarining yuqori qismidagi gil jinslar ichida joylashgan mayda zarrali qumtoshlardan tarkib topgan. Kalinligi 16–25 m, foydali qalinlik 7–10 m. 3gorizontdagi qatlam suvlarining minerallashganlik darajasi 6,9—56,7 g/l, xlorkaltsiy tipga mansub. Tarkibida mikrokomponentlardan yod 2,7—13,3 mg/l, brom 1,5–2 mg/l. Kondan hozirgi kunda foydalanilmoqda.