Kontent qismiga oʻtish

Shafiqa Oxundova

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Shafiqa Gʻulom qizi Axundova
ozarbayjoncha: Şəfiqə Qulam qızı Axundova
Tavalludi 21-yanvar 1924-yil
Vafoti 26-iyul 2013-yil(2013-07-26)
(89 yoshda)
Boku, Ozarbayjon
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSROzarbayjon bayrogʻi Ozarbayjon
Taʼlimi Ozarbayjon davlat konservatoriyasi
Kasbi Kompozitor
Otasi Gʻulom Oxundov
Mukofotlari Şöhrət ordeni
«Mehnatda jasorat ko’rsatgani uchun (Harbiy jasorati uchun) yubiley medali. Vladimir Ilich Lenin tavalludining 100 yilligi munosabati bilan ta’sis etilgan»

Shafiqa Gʻulom qizi Axundova (ozarbayjoncha: Şəfiqə Qulam qızı Axundova; 1924-yil 21-yanvar, Shaki, Ozarbayjon SSR – 2013-yil 26-iyul, Boku, Ozarbayjon) – ozarbayjonlik bastakor, Ozarbayjon SSRda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1973), Ozarbayjon xalq artisti (1998). Sharqda opera yozgan birinchi ayol[1][2].

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shafiqa Oxundova 1924-yil 21-yanvarda Shaki shahrida taniqli madaniyat arbobi Gʻulom Oxundov oilasida tugʻilgan[3][4]. Bokuda oʻrta maktabni tamomlagan. 1943—1944-yillarda Bokudagi Asaf Zeynalliy nomidagi musiqa maktabida boshlangʻich musiqa taʼlimini olgan[2] va bu musiqa maktabida unga Üzeyir Hacıbəyov ustozlik qilgan. 1956-yilda Üzeyir Hacıbəyov nomidagi Ozarbayjon davlat konservatoriyasini „Musiqa nazariyasi va kompozitsiya“ mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan[2], konsevatoriyada Shafiqaga Boris Zeydman ustozlik qilgan[5]. Shafiqa Oxundova yuzlab qoʻshiqlar, romanslar, operalar, operettalar, simfonik syuitalar, shu jumladan katta simfonik orkestr uchun syuitalar, pyesalar, xor asarlari hamda oʻnlab teatr spektakllari musiqasi muallifi hisoblanadi. 1943-yildan Ozarbayjon bastakorlar uyushmasi aʼzosi. 1943—1945-yillarda Ozarbayjon davlat opera va balet teatrida ishlagan. 1956—1989-yillarda Ozarbayjon davlat sanʼat instituti oʻqituvchisi boʻlgan. 1972-yilda Shafiqa Sulaymon Rahimovning shu nomdagi qissasi asosida „Kelinlar qoyasi“ (ozarbayjoncha: „Gəlin qayası“) operasini yozgan. Bu Sharqda ayol kishi tomonidan yozilgan birinchi opera boʻlgan[3]. Bundan tashqari, 1965-yilda „Ev bizim, sirr bizim“ operettasini yozgan. „Oydin“ (ozarbayjoncha: „Aydın“, „Sen nima uchun yashaysan?“ (ozarbayjoncha: „Nə üçün yaşayırsan?“), „Yoʻlbars ertagi“ (ozarbayjoncha: „Pələngin nağılı“), „Tugʻilgan kun“ (ozarbayjoncha: „Ad günü“) va boshqa bolalar spektakllari musiqasi muallifi hamdir.

Shafiqa Oxundova Sulaymon Rustam, Nabi Xazri, Zivar Agayeva, Baxtiyor Vahobzoda, Narimon Hasanzoda, Mustafo Iskandarzoda, Ruxsora Ibodova, Maʼsuma Aliyeva, Pasha Gelbinur sheʼrlariga musiqa yozgan. 1973-yilda Shafiqa Oxundova Ozarbayjon SSRda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi unvoniga, 1998-yilda Ozarbayjon xalq artisti unvoniga sazovor boʻlgan. 2004-yilda bastakor „Shuhrat“ (ozarbayjoncha: „Şöhrət“) ordeni bilan taqdirlangan[3][6].

Umrining soʻnggi yilida Shafiqa Oxundovaning sogʻligʻi ancha yomonlashadi. Uning oyoqlari ishdan chiqib, nutq va ovqatlanish bilan bogʻliq muammolar paydo boʻladi. 2013-yil 26-iyulda Shafiqa Oxundova Bokudagi Markaziy klinik shifoxonada vafot etadi[7][2]. Shu yilning 27-iyul kuni Rashid Beybutov nomidagi Ozarbayjon davlat ashula teatrida xalq artisti bilan vidolashuv marosimi boʻlib oʻtgan[8]. Shafiqa Oxundova Bokudagi II Faxriy xiyobonida dafn etilgan[8].

  1. „Şərqdə ilk opera bəstələyən qadın- Şəfiqə Axundova vəfat edib“ (ozarbayjoncha). bbc.com (2013-yil 26-iyul). 2026-yil 27-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 27-fevral.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 „100 year anniversary of Shafiga Akhundova, first female opera composer in the East“ (inglizcha). azernews.az (2014-yil 21-yanvar). 2024-yil 26-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 27-fevral.
  3. 3,0 3,1 3,2 „Скончалась композитор Шафига Ахундова“ (ruscha). 1news.az (2013-yil 26-iyul). 2026-yil 27-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 27-fevral.
  4. „The people’s composer: Shafiga Akhundova“ (inglizcha). oxfordfeministepress.com. 2025-yil 12-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 27-fevral.
  5. „Первая женщина-композитор Востока Шафига Ахундова отмечает 86-ой день рождения“ (ruscha). ru.trend.az (2010-yil 21-yanvar). 2026-yil 27-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 27-fevral.
  6. „Шафига Ахундова и Михаил Гусман награждены орденами «Шохрет», а Залимхану Ягубу присвоено звание “Халг Шаири”“ (ruscha). news.day.az (2005-yil 20-yanvar). 2025-yil 22-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 27-fevral.
  7. „Shafiga Akhundova - first female composer of East“ (inglizcha). azernews.az (2013-yil 31-iyul). 2024-yil 3-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 31-iyul.
  8. 8,0 8,1 „Состоялась церемония прощания с композитором Шафигой Ахундовой“ (ruscha). news.day.az (2013-yil 27-iyul). 2025-yil 11-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2026-yil 27-fevral.