Serpent

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Serpent

Serpent (fransuzcha: serpent — ilon) — qadimiy puflab chalinadigan musiqa asbobi, bir nechta zamonaviy puflab chalinadigan asboblar ajdodi. XVI-asrdan beri maʼlum. U oʻz nomini ilonsimon egri shakli tufayli olgan.

Asbobning ixtirochisi kanonik Edme Gilyam hisoblanadi. Va 1743-yilda Jan Lebel oʻz memuarlarida uning ixtiro qilinish tarixini eʼlon qildi[1].

Turli-tuman materiallar: yogʻoch, mis, rux yoki kumushdan tayyorlangan. Zamonaviy mis puflanma asboblarning mundshtuklariga juda oʻxshash fil suyagi yoki hayvonlarning suyagidan tayyorlangan chuqur kosachali mundshtukka ega boʻlgan. Korpusida dastlab oltita teshigi boʻlgan. Keyingi modellari bir nechta klapanga ega boʻlgan. Cherkov musiqasida, xususan cherkov xorida Baslarni qoʻllab-quvvatlash uchun foydalanilgan. Tovushi ancha kuchli, dagʻal, intonasiyalari barqaror emas. Koʻplab orkestrlar tarkibiga kirgan.

Serpentda musiqa chalish uchun ohanglarni yaxshi eshitish va farqlash qobiliyati talab etilgan, chunki unda musiqani sof chalish kattagina qiyinchiliklar bilan bogʻliq boʻlgan. Klapanlarning paydo boʻlishi bu muammoni faqat yanada chuqurlashtirdi. XVIII asrning musiqa tanqidchisi Charlz Byorni mahoratsiz odam qoʻllaridagi Serpent tovushini „juda och boʻlgan, hatto oʻta gʻazablangan essek buzogʻining oʻkirishi“ga oʻxshatgan.

Asbob 6 ta teshikka ega boʻlib, ular 3 tadan 2 guruhga birlashtirilgan. Ilk modellarda klapanlarda barmoqlar uchun teshiklar boʻlmagan[1]. Keyinroq chiqarilgan modellarida klarnetdagi kabi klapanlar boʻlgan, lekin ular faqat yangi teshiklar uchun qilingan, chunki eskilari odatdagidek boʻlib qolavergan[1].

Shunisi qiziqki, bu asbobdan Djerri Goldsmit va Bernard German „Begona“, „Yer markaziga sayohat“, „Doktor oq alvasti“ kabi Gollivud filmlariga saundtreklar yozishda foydalanganlar[1].

Serpentdan 1826-yilda Djoakomo Rossining „Korinf qamali“ operasida, 1842-yilda Rixard Vagnerning „Rientsi“ operasida foydalanilgan[2].

Koʻplab kompozitorlar, shu jumladan Mendelson ham serpentdan oʻz partituralarida foydalanganlar, lekin 19-asrning ikkinchi yarmida bu noodatiy asbob isteʼmoldan chiqdi. Uning asosida ofikleid konstruksiya qilindi[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Серпент“,Музыкальная энциклопедия. М.: Советская энциклопедия, 1978 — 951 bet.