Selestin
Selestin (lot. caelestis — zangori osmon) - sulfatlar sinfiga mansub mineral. Stronsiy, sulfat kislota birikmasidan tarkib topgan. Kimyoviy tarkibi SrSO4; Sa va Va aralashgan boʻladi. Romb singoniyada kristallanadi. Kristallari ustunsimon, disksimon, piramidaga oʻxshash. Donador, tolasimon, plastinkasimon, tuproqsimon agregatlar hosil qiladi. Havo rang yoki havo rangkulrang, baʼzan qizgʻish yoki sargʻish xillari mavjud. Shishadek yaltiroq. Moʻrt. Qattiqligi 3—3,5, zichligi 4 g/sm3 chamasida. Aso-siy konlari ohaktosh, dolomit, gipslar bilan bogʻliq. Xemogenbiogen choʻkindi jinslarda xol-xol koʻrinishida yoki gʻovaklarni toʻldiruvchi sifatida uchraydi. Sinonimlari: apotom, shyutsit. Stronsiy va uning turli birikmalari pirotexnikada, maxsus qotishmalar i.ch.da, rangli televizor, lazer elektronika va boshqalarda qoʻllanadi. S.dan stronsiy olinadi. Oʻrta Osiyo, Rossiya Federatsiyasi (Volga boʻyi, Ural), Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH, Italiya va boshqa joylarda konlari mavjud. S. Oʻzbekistonda keng tarqalgan. Fargʻona vodiysi, Oʻzbekiston gʻarbi va janubida boʻr va paleogen davrlari yotqiziqlarida uchraydi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |