Kontent qismiga oʻtish

Sayf al-Davla

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Sayf al-Davla
Photo of the two sides of a gold coin with Arabic inscriptions
943/944-yilda Bag‘dodda Sayf ad-Davla va uning akasi Nosir ad-Davla nomidan zarb qilingan oltin dinor.
Halab amiri
Saltanat 945–967
Oʻtmishdoshi Usmon ibn Said al-Kilobiy (Ixshidiylar amiri)
Davomchisi Saʼd ad-Davla
Farzandlari Saʼd ad-Davla
Toʻliq nomi
Ali ibn Abu al-Hayja Abdulloh ibn Hamdon ibn Hamdun ibn al-Horis at-Tagʻlibiy
qabila Banu Tagʻlib
Sulola Hamdoniylar
Otasi Abdulloh ibn Hamdon
Dini Oʻn ikki imom

Ali ibn Abu al-Hayjo Abdullloh ibn Hamdon ibn Hamdun ibn al-Horis at-Tagʻlibiy (arabcha: علي بن أبو الهيجاء عبد الله بن حمدان بن الحارث التغلبي‎) (916-yil 22-iyun – 967-yil 8-fevral), asosan, Sayf ad-Davla (سيف الدولة - soʻzma-soʻz tarjimasi — „sulola qilichi“) nomi bilan mashhur. Halab amirligiga asos solgan. Ushbu amirlik tarkibiga shimoliy Suriyaning katta qismi va gʻarbiy Jaziraning ayrim hududlari kirgan.

Hamdoniylar sulolasining eng koʻzga koʻringan aʼzosi[1] Sayf ad-Davla dastlab 940-yillarning boshlarida Abbosiylar hukumatining zaiflashgan davrida oʻzining katta akasi Nosir al-Davla qoʻl ostida xizmat qilgan. Nosir ad-Davla oʻsha vaqtda Bagʻdoddagi zaif Abbosiylar hukumati ustidan nazorat oʻrnatishga harakat qilayotgan edi. Bu urinishlar muvaffaqiyatsizlik bilan tugagach, Sayf ad-Davla oʻz eʼtiborini Suriyaga qaratdi, Quyi Misrda Ixshidiylar viloyat ustidan nazorat oʻrnatishga urinayotgan paytda ularga qarshi chiqdi. Ixshidiylar bilan ikki marotaba urush olib borganidan soʻng, Sayf ad-Davla tomonidan shimoliy Suriya (markazi Halab shahri) va gʻarbiy Jazira (markazi Mayyafariqin shahri) ustidan oʻrnatilgan hokimiyat Ixshidiylar hamda Abbosiylar xalifaligi tomonidan tan olindi. 955-yilga qadar Sayf ad-Davlaning hokimiyati koʻplab qabilaviy qoʻzgʻolonlar bilan toʻqnash keldi, biroq u bu isyonlarni bostirishga muvaffaq boʻldi, shuningdek, koʻchmanchi badaviylar orasida eng qudratli va taʼsirga ega qabilalarning unga boʻlgan sadoqatini saqlab qolishga erishdi.

Sayf al-Davla Arab–Vizantiya urushlaridagi faol roli bilan yaxshi tanilgan. X asrning boshlarida kuchayib borayotgan Vizantiya imperiyasi musulmonlar nazoratidagi sharqiy chegaralarga bostirib kira boshlaganida Sayf ad-Davla bu tahdidlarga qarshi chiqqan. Koʻp sonli va yaxshi qurollangan dushmanga qarshi kurashda Sayf ad-Davla Vizantiya hududlariga yurishlar uyushtirgan va ularning baʼzilarida muvaffaqiyatga ham erishgan. Bu gʻalabalari tufayli u musulmon olamida keng eʼtirof etilgan. 955-yilgacha Hamdoniylar hukmdori koʻpchilik janglarda ustunlikni saqlab turgan. Ammo shu yildan keyin yangi vizantiyalik sarkarda Nikephoros Phokas va uning qoʻmondonlari kuchli hujumlar boshlab, Hamdoniylarning qudratini sindirishga muvaffaq boʻldi. Vizantiyaliklar Kilikiyani bosib oldi va hatto 962-yilda bir muddat Halab shahrini ham egalladi. Sayf ad-Davlaning soʻnggi yillari harbiy magʻlubiyatlar, kasallik sabab sogʻligʻining yomonlashuvi va oʻz qoʻmondonlari orasida isyonlar bilan kechdi. U 967-yil boshida vafot etdi. Oʻlimidan soʻng Hamdoniylar amirligi ancha zaiflashdi va 969-yilga kelib, vizantiyaliklarga Antakya va Suriya sohillarini boy berib, ularning tobe hududiga aylandi.

Sayf ad-Davlaning Halabdagi saroyi oʻz davrining jonli madaniy hayot markaziga aylangan edi. U atrofida toʻplagan adabiy davra, jumladan, buyuk shoir al-Mutanabbiyning oʻsha davrda va uning kelajak avlodlar orasida mashhurligini taʼminladi. Biroq shu bilan birga, amirlik armiya xarajatlarini taʼminlash maqsadida solinadigan ogʻir soliq siyosatidan aziyat chekdi. Hamdoniylar hukmdori oʻz hududlarida shialikni faol targʻib qilgan. Uning boshqaruvi davrida badaviy qabilalarning ahamiyati ortgan va buning natijasida 1024-yilda Halabda Mirdosiylar sulolasi barpo etilgan.

  1. Canard 1971.