Saydulla Mamatqulov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Saydulla Mamatqulov

Saydulla Mamatqulov
Tugʻilishi 1943
Gʻoʻlakandoz shahar tipidagi qishlogʻi, Tojikiston SSR
Vafoti 2018 (75 yoshda)
Chuy viloyati, Qirgʻiziston
Turmush oʻrtogʻi Mastura Mamatqulova

Saydulla Mamatqulov (1943—2018) — tojikistonlik sozanda, bastakor, multiinstrumentalist.[1] Rubob ustasi boʻlgan Mamatqulov chang, dutor, doira va nay kabi asboblarni ham mahorat bilan chalgan.

Kelib chiqishi etnik qirgʻiz boʻlgan Mamatqulov Tojikistonning Proletar tumanida (hozirgi Jabbor Rasulov tumani) oʻzbeklar orasida ulgʻaygan. Toshkentdagi Muxtor Ashrafiy nomidagi Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining milliy cholgʻu asboblar boʻlimini yakunlagan.

Mamatqulov umrining soʻnggi yillarini Qirgʻizistonning Isfana shahrida oʻtkazdi. 2014-yilgacha Isfanadagi bolalar musiqa maktabida oʻzbek va tojik milliy cholgʻu asboblarini chalishni oʻrgatgan. Shu bilan birgalikda, Isfanadagi Oʻzbek gimnaziyasida musiqa fanidan dars bergan. Mamatqulov mazkur gimnaziya gimnini bastalagan.

Hayoti[tahrir]

Saydulla Mamatqulov 1943-yil Tojikiston Sovet Sotsialistik Respublikasining Leninobod viloyatiga (hozirgi Sugʻd viloyati) qarashli Proletar tumanining (hozirgi Jabbor Rasulov tumani) Gʻoʻlakandoz shahar tipidagi qishlogʻida tugʻilgan. Uning aniq tugʻilgan kuni nomaʼlum. Ota-onasi kolxozchi boʻlishgan. Mamatqulovning otasi erta vafot etgan. Onasi Oltin Mamatqulova qoʻlida katta boʻlgan. Mamatqulov besh farzandning kenjasi boʻlgan. Akalari Qodirboy, Odilboy, Alika, Mannon Mamatqulovlar umr boʻyi dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullangan. Qirgʻiz millatiga mansub boʻlgan Mamatqulov Tojikistonda oʻzbek tilida tahsil beruvchi maktabni tamomlagan.

Mamatqulov 2018-yilning yozida ogʻir xastalikka chalingan. Oʻsha yilning oktabrida Bishkekka shifoxonaga olib ketilayotgan paytida Chuy viloyatida vafot etgan. Vafoti paytida 75 yoshda edi. Mamatqulov Chuy viloyatining Quyi Chuy qishlogʻida dafn etilgan.

Ijodi[tahrir]

Saydulla Mamatqulov 2013-yilda

Saydulla Mamatqulov yoshligidan musiqaga qiziqqan. Oʻsmirlik chogʻida doira chalishni oʻrgangan. Maktabni tamomlaganidan keyin, Toshkentdagi Muxtor Ashrafiy nomidagi Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining milliy cholgʻu asboblar boʻlimini yakunlagan.

Mamatqulov 1971-yildan boshlab Proletar tumanining bolalar musiqa maktabida ishlay boshlagan. 1983—1989-yillarda Proletardagi Lenin kolxozining „Sanam-yor“ milliy musiqa va raqs ansambliga yetakchilik qilgan.

2000-yil Mamatqulov oilasi bilan Qirgʻizistonning Isfana shahriga koʻchib kelgan. Oʻsha yili Isfanadagi tuman bolalar musiqa maktabida rubob, doira va dutor chalishni oʻrgata boshlagan. Musiqa maktabida 2014-yilgacha ishlagan. Shuningdek, Mamatqulov Isfanadagi Oʻzbek gimnaziyasida musiqa fanidan dars bergan.

Mamatqulov oʻzbek klassik milliy kuylarini mukammal oʻrgangan. U oʻzi ham qoʻshiq bastalagan. „Qirgʻiziston“, „Ona vatan“ (Oʻzbek gimnaziyasining gimni), „Laylagim — oltin beshigim“ („Ulugʻ noming kuylayman“), „Sevgilim“ kabi qoʻshiqlarning kuyini yozgan. „Laylagim — oltin beshigim“ qoʻshigʻining sheʼrini ham, musiqasini ham oʻzi yozgan.

Mukofotlari[tahrir]

Saydulla Mamatqulov bir necha orden va mukofot bilan taqdirlangan. Qirgʻizistonda viloyat, respublika miqyosida uyushtirilgan bellashuvlarda muvaffaqiyatli qatnashgan.

Manbalar[tahrir]

  1. Baytoroyev, Abduraxman (08.06.2013). "Ikki millat faxri, xalqning oʻgʻli" (qirgʻizcha). Ata jurt. 

Havolalar[tahrir]