Sandie Shaw
Sandie Shaw | |
|---|---|
|
Shaw 1967-yilda | |
| Umumiy maʼlumot | |
| Tavalludi |
Sandra Ann Goodrich 1947-yil 26-fevral |
| Janrlar | pop |
| Kasbi | Xonanda |
| Faoliyat yillari | 1964–2013 |
| Leybllar | |
| Fuqaroligi | Birlashgan Qirollik |
| Veb-sayt | sandieshaw.com |
Sandra Ann Goodrich (1947-yil 26-fevralda tugʻilgan) Sandie Shaw taxallusi bilan tanilgan, ingliz xonandasidir. 1960-yillarning eng muvaffaqiyatli britaniyalik ayol xonandalaridan biri boʻlgan Shaw „(There's) Always Something There to Remind Me“ (1964), „Long Live Love“ (1965) va „Puppet on a String“ (1967) taronalari bilan Buyuk Britaniya hit-paradlarida uch marta birinchi oʻrinni egallagan. Oxirgi tarona bilan u Buyuk Britaniya sharafini himoya qilib, Eurovision qoʻshiq tanlovi 1967da gʻolib chiqqan va mazkur tanlovda mamlakat tarixidagi ilk gʻolibga aylangan. U „Maftunkor 1960-yillar“ davrining timsoli sifatida koʻrilgan hamda koʻpincha „1960-yillarning yalangoyoq pop malikasi“ deb taʼriflangan. U 15 yillik tanaffusdan soʻng, 1984-yilda The Smiths guruhining „Hand in Glove“ qoʻshigʻiga kuylagan kaveri bilan yana Buyuk Britaniyaning Top 40 taligiga qaytgan. Shaw 2013-yilda musiqiy faoliyatini yakunlagan[1].
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yoshligi va faoliyatining boshlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sandra Ann Goodrich Angliyaning Essex grafligidagi (hozirgi London tarkibidagi) Dagenham shahrida tugʻilgan va oʻsib-ulgʻaygan[2]. U Dagenhamdagi Becontree Heath hududida joylashgan Robert Clack texnika maktabida tahsil olgan. Maktabni tamomlagach, yaqin atrofdagi Ford Dagenham zavodida ishlagan. Mahalliy isteʼdodlar tanlovida xonanda sifatida ikkinchi oʻrinni egallashidan oldin model boʻlib ham faoliyat yuritgan. Tanlov sovrini sifatida u Londondagi xayriya konsertida chiqish qilgan va shu yerda uning iqtidorini xonanda Adam Faith payqab qolgan. Faith uni oʻz menejeri Eve Taylor bilan tanishtirgan. Taylor 1964-yilda u uchun Pye Records ovoz yozish studiyasi bilan shartnoma imzolanishiga erishgan hamda unga „Sandie Shaw“ sahna taxallusini bergan.
Taylor Shawni qoʻshiqnavis Chris Andrews bilan tanishtirgan. Andrews u uchun ilk „As Long as You’re Happy Baby“ singlini yozgan, biroq ushbu qoʻshiq hit-paradlarga kira olmagan[3]. Shunga qaramay, ikkinchi singl uchun Taylor unga Bacharach va Hal David muallifligidagi „(There's) Always Something There to Remind Me“ qoʻshigʻini taqdim etgan. Mazkur qoʻshiq avvalroq xonanda Lou Johnson ijrosida AQSh pop hit-paradida 49-oʻrinni egallagan edi[4][5]. Shaw ijrosidagi versiya 1964-yilning kuzida UK Singles Chartida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan[6]. Shuningdek, keyingi yilning boshida AQShning Billboard Hot 100 hit-paradida 52-oʻrindan joy olgan[4].
Navbatdagi qoʻshiq sifatida „I’d Be Far Better Off Without You“ chiqarilgan, ammo radiodagi boshlovchilar uning B-tomonidagi (plastinkaning orqa tomoni) Andrews tomonidan yozilgan „Girl Don't Come“ qoʻshigʻini afzal koʻrishgan va plastinka tomonlari oʻzgartirilgan. „Girl Donʼt Come“ Buyuk Britaniyada 3-oʻringacha yetib borgan va AQShda uning eng katta hitiga aylanib, 42-oʻrinni egallagan[7]. Shundan soʻng Buyuk Britaniyada uning „I’ll Stop at Nothing“, 1965-yilgi Buyuk Britaniyadagi ikkinchi bor 1-oʻrinni egallagan hiti „Long Live Love“ va „Message Understood“ kabi yangi hitlari ketma-ket chiqqan[6][5]. Ushbu singllarga Taylor, Andrews va Shawning oʻzi (garchi ismi koʻrsatilmagan boʻlsa-da) Pye Records aranjirovkachisi Ken Woodman koʻmagida prodyuserlik qilgan[manba kerak]. Keyingi chiqarilishi rejalashtirilgan taronalar — Les Reed va Gordon Mills muallifligidagi „It's Not Unusual“ dastlab Shaw uchun yozilgan edi. Biroq, demo versiyada qoʻshiqni kuylagan oʻsha paytda hali tanilmagan xonanda Tom Jones oʻzining kuchli talqini bilan Shawda juda katta taassurot qoldirgan. Natijada Shaw qoʻshiqni yozishdan voz kechib, Jonesning oʻziga uni chiqarishni maslahat bergan. Bu qoʻshiq Jonesning mashhurlikka erishishiga sabab boʻlgan hiti boʻlib qolgan[8][5].
Shaw oʻsha davrning mashhur Britaniya telekoʻrsatuvlarida, jumladan Top of the Pops, Ready Steady Go! va Thank Your Lucky Stars dasturlarida muntazam ravishda ishtirok etib turgan. U „Maftunkor 1960-yillar“ (Swinging Sixties) davrining timsoli sifatida qabul qilingan hamda sahnaga odatda yalangoyoq chiqish odati uni keng jamoatchilikka yanada yaqinlashtirgan[9][10]. Matbuotda uni tez-tez „1960-yillarning yalangoyoq pop malikasi“ deb taʼriflashgan[11][12]. Yevropadagi nufuzini yanada oshirish maqsadida u oʻzining koʻplab hit qoʻshiqlarini italyan, fransuz, nemis va ispan tillarida ham yozgan[13]. Shuningdek, Shaw 1960-yillarda bir nechta original albomlarini taqdim etgan. Bular: Sandie (1965); Me (1965); Puppet on a String (1967); Love Me, Please Love Me (1967); The Sandie Shaw Supplement (1968) va Reviewing the Situation (1969). Bu albomlar asosan Andrews tomonidan yozilgan qoʻshiqlar hamda boshqa ijrochilarning mashhur taronalariga kuylangan kaverlardan tarkib topgan edi.

1967-yilga kelib Shawning plastinka sotuvlari kamaya boshlagan, shu sababli uning menejeri uni koʻproq kabare janriga yoʻnaltirishga qaror qilgan[14]. Uni BBC telekanali Vena shahrida boʻlib oʻtadigan Eurovision qoʻshiq tanlovi 1967da Buyuk Britaniya sharafini himoya qilishga taklif etgan. Bu uning obroʻsiga putur yetkazishi mumkinligidan xavotirlanib, u boshida ikkilangan. Ammo The Rolf Harris Show dasturida beshta qoʻshiq ijro etganidan soʻng, tomoshabinlarning ovoz berishi natijasida tanlovga Bill Martin va Phil Coulter qalamiga mansub „Puppet on a String“ kompozitsiyasi tanlab olingan. Garchi Shaw bu qoʻshiqni yoqtirmagan va uni oʻz uslubiga mos emas deb hisoblagan boʻlsa-da, tarona tanlovda rekord darajadagi farq bilan gʻalaba qozongan[15]. Bu gʻalaba Shawni Buyuk Britaniyaga Eurovision qoʻshiq tanlovining bosh sovrinini keltirgan ilk ijrochiga aylantirgan[6]. Mazkur tarona unga Buyuk Britaniya hit-paradlaridagi uchinchi bor 1-oʻrinni taqdim etgan va bu oʻsha davrdagi ayol xonandalar uchun rekord natija boʻlgan[5].
„Puppet on a String“ xalqaro miqyosda ham hitga aylangan (AQSh bundan mustasno) va Germaniyada yilning eng koʻp sotilgan singli boʻlgan. Buyuk Britaniya hamda Yevropada 1 milliondan ortiq nusxada sotilgani uchun oltin disk sertifikatiga loyiq koʻrilgan[3]. Global miqyosda ushbu singl 4 milliondan ortiq nusxada sotilib, shu kungacha Eurovision qoʻshiq tanlovi tarixidagi eng koʻp sotilgan gʻolib qoʻshiq boʻlib kelmoqda[16]. Ayrim hisob-kitoblarga koʻra, bu tarona britaniyalik ayol xonandalar tarixidagi eng koʻp sotilgan singldir[17]. Uning Eurovision qoʻshiq tanlovidagi ushbu muvaffaqiyati umuman roʻy bermasligi ham mumkin edi. Boisi BBC uni bir ajrashish mojarosida „uchinchi shaxs“ (boshqa ayol) sifatida ayblangani sababli tanlovdan chetlashtirmoqchi boʻlgan edi[18].
Moda olami Shaw faoliyatining ajralmas qismiga aylangan. U 1968-yilda oʻzining „Sandie Shaw“ kiyim-kechak, poyabzal hamda zargarlik buyumlari brendiga asos solgan. Oʻsha yili u televizorda oʻzining „The Sandie Shaw Supplement“ deb nomlangan shaxsiy koʻrsatuvini olib borgan va shu nomdagi musiqiy albomini LP chiqargan. Shaw „Mrs. Brown, You've Got a Lovely Daughter“ filmida oʻzining debyut rolini ijro etishi kerak edi, biroq tasvirlash ishlari boshlanishidan oldin loyihani tark etgan[19]. Uning Buyuk Britaniyadagi eng kuchli Top 10 talikka kirgan soʻnggi (umumiy hisobda sakkizinchi) hiti 1969-yilda chiqarilgan „Monsieur Dupont“ qoʻshigʻi boʻlgan. Bu tarona aslida nemis xonandasi Manuela tomonidan nemis tilida ijro etilgan edi[6].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Lachno, James. „Sandie Shaw has retired from music“. The Telegraph (2013-yil 10-aprel). 2022-yil 12-yanvarda asl nusxadan arxivlangan.
- ↑ „Sandie Shaw (MBE) - Dagenham's Eurovision Superstar“. East End Women's Museum (2022-yil 13-may).
- 1 2 Murrells, Joseph. The Book of Golden Discs, 2nd, London: Barrie and Jenkins, 1978 — 229-bet. ISBN 0-214-20512-6.
- 1 2 Whitburn, Joel. Top Pop Singles 1955–2002, 1st, Menomonee Falls, WI: Record Research Inc., 2003 — 365, 634-bet. ISBN 0-89820-155-1.
- 1 2 3 4 Rice, Jonathan; Rice, Tim; Gambaccini, Paul; Read, Mike. The Guinness Book of 500 Number One Hits, 1st, Enfield, UK: Guinness Superlatives, 1982. ISBN 0-85112-250-7.
- 1 2 3 4 Roberts, David. British Hit Singles & Albums, 19th, London: Guinness World Records Limited, 2006 — 495-bet. ISBN 1-904994-10-5.
- ↑ Roberts, David. Guinness Rockopedia, 1st, London: Guinness Publishing Ltd., 1998. ISBN 0-85112-072-5.
- ↑ Bonfante, Jordan (18 September 1970). „The Ladies' Men of Music“. Life. 69-jild, № 120. London: Time. 54-bet. ISSN 0024-3019.
- ↑ „Barefoot Principles“. sandieshaw.com (2009). Qaraldi: 2021-yil 2-mart.
- ↑ „Foot surgery for pop singer Shaw“. BBC News (2007-yil 15-avgust). Qaraldi: 2021-yil 2-mart.
- ↑ „First Impressions: Sandie Shaw“. lady.co.uk.
- ↑ „Full circle: Why is Sandie Shaw back on stage?“. The Independent (2010-yil 7-avgust).
- ↑ „Sandie Shaw's French recordings“. Ready steady girls!. 2023-yil 6-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 29-avgust.
- ↑ Erlewine, Stephen Thomas „Biography Sandie Shaw“. allmusic.com. Qaraldi: 2022-yil 8-iyun.
- ↑ O'Connor, John Kennedy. The Eurovision Song Contest: The Official History. Carlton Books, 2007 — 208-bet. ISBN 978-1-84442-994-3.
- ↑ O'Connor, John Kennedy. The Eurovision Song Contest: The Official Celebration. Carlton Books, 2015. ISBN 978-1780976389.
- ↑ Kelly, Mike. Wot Pop: 50 Years of Hits 1952-2002 — A-Z of Hitmakers Plus the UK’s Top 5000 Singles. Southgate Publishers 30 September 2002. ISBN 978-1857411409
- ↑ Nikkhah, Roya. „Sandie Shaw's love scandal that almost cost Britain its first Eurovision victory“. The Telegraph (2010-yil 25-dekabr). 2022-yil 12-yanvarda asl nusxadan arxivlangan.
- ↑ Shaw, Sandie. The World at My Feet: A Personal Adventure. London: Harper Collins, 1991. ISBN 000215921X.