Kontent qismiga oʻtish

Samayfa ibn Nakur

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Zu al-Kala Samayfa ibn Nakur al-Himyoriy (arabcha: ذُو ٱلْكَلاَع سْمَيْفَع بْنُ نَاكُور الْحِمْيَرِيّ‎) 630-yillarda boʻlib oʻtgan Shom (Suriya)ning musulmonlar tomonidan fath qilinishi davrida qoʻmondon boʻlgan. Shomdagi Himyar qabilasining yetakchisi hamda bu qabilaning Zu al-Kala sulolasiga asos solgan. Samayfa Hims shahrida yashagan, o'sha vaqtda Himyar va boshqa yamanlik qabilalar musulmon garnizonida ustunlik qilishar va Suriyaning hokimi Muoviya ibn Abu Sufyondan koʻra koʻproq Samayfaga boʻysunishar edi. Samayfa Muoviya qoʻshinining eng nufuzli sarkardalaridan biri sifatida Siffin jangida qatnashgan. Uning jangda halok boʻlishi Shomda Himyar qabilasi mavqeining pasayishiga olib kelgan.

Samayfa dastlab tarixiy manbalarda Zu al-Kala sulolasining boshligʻi sifatida tilga olinadi. Bu sulola Muhammad paygʻambar davrida Yamandagi eng kuchli sulolalardan biri boʻlgan. Samayfa Abu Bakr xalifaligi davrida (h. 632–634) faol boʻlgan[1]. 630-yillarda Suriyani musulmonlar tomonidan bosib olish harakatlarida ishtirok etgan va boshqa koʻplab yamanlik qabilalar kabi qoʻshin tarkibida Hims shahriga joylashib olgan. U yerda Himyar qabilasining ikki asosiy yetakchisidan biriga aylangan, yetakchilarning ikkinchisi Zu al-Asboh Kurayb ibn Abraha boʻlgan[2]. Samayfa uning opasi Kuraybaga uylangan[3].

  1. Donner 1993.
  2. Crone 1980.
  3. Madelung 1997.