Said ota masjidi (Xiva)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Masjid
Said ota masjidi
Yor Muhammad Devon masjidi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Xiva
Manzil „Ichan-qalʼa“ MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 26-uy
Mulkdor Davlat mulkiga qarashli
Masjid turi Masjid
Meʼmoriy uslub Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik XVIII asrXIX asr
Umumiy maydoni 8,95x13,5 m

Said ota masjidi (yoki Yor Muhammad Devon masjidi) — Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyati Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Aksariyat manbalarga koʻra, masjid XVIII asrga tegishli boʻlib, XIX asr boshida, 1806—1825-yillar orasida hozirgi koʻrinishini olgan. Bugungi kunda „Ichan-qalʼa“ MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 26-uyda joylashgan. Masjidni Ichan qalʼaning janubi-gʻarbiy qismiga Yor Muhammad Devon qurdirgan.

Meʼmoriy yodgorlik Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bugungi kunda Said ota nomi bilan ataladigan ushbu masjidni aslida XIX asrning boshida, Xiva xoni Muhammad Rahimxon I hukmronligi davrida (1806—1825) Yor Muhammad devon (devonbegi) mablagʻlari hisobiga bunyod qildirgan. Aksariyat manbalarda masjid XVIII asrda qurilgani aytiladi. Bir gumbazli hamda oldi ayvonli qilib qurilgan masjid Said Aloviddin maqbarasining janubida joylashgan va Abdurasulboy madrasasining sharq tomonidagi devoriga yopishtirib qurilgan[3].

Munis va Ogahiy kabi tarixchilarning asarida Yor Muhammad devonbegining xonlikdagi faoliyati haqida koʻplab maʼlumotlar keltirilib oʻtilgan, jumladan ulardan birida shunday yoziladi: “(U) xonning oʻz sir-asrorlariga sherik qiladigan eng yaqin kishisidir”. Masjidning mehrobi ustida saqlanib qolgan yozuvlardan va aholi orasidagi rivoyatlardan Yor Muhammad devonbegining paygʻambar avlodidan boʻlgan ekanligi maʼlum boʻladi. Masjid bugungi kunda qayta taʼmirdan chiqarilan[4]. Ayrim manbalarga koʻra, Abdurahmon ismli shaxs rahnamoligida 1988—1989-yillarda tiklangan[5].

Qurilish uslubi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Said ota masjidining umumiy tarhi 8,95x13,5 m ni tashkil etadi, xonaqoh murabba tarhli (6,3x6,3 m), gumbazi tomli, ayvoni oldida biroz turtib chiqqan. Ichki devoridagi ravoqlari xonani keng koʻrsatadi. Masjid bezaksiz, sirti ganch bilan suvalgan. Ayvon mehrobiga sirli oʻyma parchinlar qoplangan. Yogʻoch oʻymakorligida ishlangan ustunlari diqqatga sazovor. Tarhiga koʻra masjid toʻrtburchak shakliga oʻxshaydi va uning ikki tomoni gʻarbga qaratilgan. Biroq, keyinchalik masjid kub tuzilishiga ega boʻlgan. 1983-yilda qayta taʼmirlangan[6].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]