Safvon ibn Muattal
Safvon ibn al-Mu’attal as-Sulamiy (arabcha: صفوان بن المعطل السلمي; 638 yoki 679-yilda vafot etgan) – sahoba, ilk musulmonlar istilolarida ishtirok etgan arab qoʻmondonlaridan biri. Banu Sulaym qabilasiga mansub boʻlib, islomni birinchilardan boʻlib qabul qilganlardan hisoblanadi. Safvon Muhammadning rafiqasi Oysha bilan karvondan ajralib qolganida munofiq shoir Abdulloh ibn Ubay ibn Salul tomonidan tuhmatga uchragan. Keyinchalik amir etib tayinlangan va Madinadan Basraga koʻchib oʻtgan. Vizantiyaliklarga qarshi Jazira (Yuqori Mesopotamiya) va Armaniston hududlarida olib borilgan harbiy yurishlarda ishtirok etga. Baʼzi manbalarda uning Armanistonda halok boʻlgani aytilsa, boshqa maʼlumotlar uning uzoq umr koʻrib, Armaniston noibi lavozimida xizmat qilgan vaqtida vafot etganligini keltirib oʻtgan.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Safvon ibn al-Muattal yirik Banu Sulaym qabilasining Zakvon urugʻiga mansub boʻlgan[1]. Uning tugʻilgan yili manbalarda qayd etilmagan[2]. Sulaym qabilasining koʻplab vakillari al-Harra mintaqasida istiqomat qilar edi. Ushbu urugʻning koʻpchiligi Makka shahrida yashab, Quraysh qabilasi bilan yaqin aloqada boʻlishgan. Ulardan farqli ravishda Safvon Madinada yashagan[1]. Safvon paygʻambar Muhammadning 627-yilda al-Muraysiy qudugʻiga yurishidan oldin islomni qabul qilgan[3].