Sadriddin Salim Buxoriy

Ushbu maqola xushsifat maqolalar sarasiga kiradi.
Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Sadriddin Salimovdan yoʻnaltirildi)
Sadriddin Salim Buxoriy
(Sadriddin Salimov)
Tavalludi 16-sentyabr 1946-yil
Buxoro, Oʻzbekiston SSR
Vafoti 10-mart 2010-yil(2010-03-10)
(63 yoshda)
Buxoro, Oʻzbekiston Respublikasi
Istiqomat joylari Buxoro, Oʻzbekiston
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSROʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Millati Oʻzbek
Sohasi shoir, publitsist, tarixshunos, tarjimon, tasavvufshunos
Ish joylari Buxoro viloyati Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Buxoro nashriyoti
Institutlar Buxoro pedagogika instituti
Taʼlimi Buxoro pedagogika instituti
Mashhur ishlari „Gʻarbu Sharq devoni“ (tarjima), „Bahouddin Naqshband yoki yetti pir“, „Ikki yuz yetmish yetti pir“
Mukofotlari Mehnat shuhrati ordeni
Turmush oʻrtogʻi Mohira Salimova
Dini Islom

Sadriddin Salim Buxoriy (Sadriddin Salimov) (1946-yil 16-sentyabr, Buxoro, Oʻzbekiston SSR, SSSR — 2010-yil 10-mart, Buxoro, Oʻzbekiston) — atoqli oʻzbek adibi, zullisonnayn shoiri, publitsisti, tarixshunosi, tarjimoni hamda tasavvufshunos olimi. U, shuningdek, televizion badiiy filmlar va telefilmlar ssenariysi muallifi hamdir. Oʻzbek va tojik tillarida sheʼrlar bitgan. Johann Wolfgang von Goethening „Gʻarbu Sharq devoni“ni bevosita nemis tilidan oʻzbekchaga oʻgirgan. Asarlari koʻpgina tillarga tarjima qilingan. Naqshbandiya tariqatiga oid ilmiy izlanishlari xorijiy jurnallarda chop etilgan[⇨].

Turli yillarda Buxoro davlat universitetida oʻqituvchi, Buxoro viloyati Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari (1997—1999) va umrining soʻngigacha Buxoro nashriyotida bosh muharrir (2001—2010) boʻlib ishlagan. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi edi. Oʻzbekiston prezidenti farmonlariga muvofiq Mehnat shuhrati (1999) va Fidokorona xizmatlari uchun (2005) ordenlari bilan mukofotlangan[⇨].

Sadriddin Salim Buxoriy vafot etganidan soʻng Buxoro shahridagi „Durdona“ nashriyotiga uning nomi berildi, u haqidagi xotira va yodnomalardan tuzilgan „Sharif shahar shoiri“ nomli kitob nashr etildi. Buxoro davlat universitetida hozirga qadar uning xotirasiga bagʻishlab adabiy-maʼrifiy anjumanlar, xotira va maʼrifat kechalari oʻtkazilib kelinmoqda[⇨].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sadriddin Salimov 1946-yil 16-sentyabrda Oʻzbekiston SSRning Buxoro viloyati Buxoro shahri Choʻpboz guzarida ziyolilar oilasida tavallud topgan[1]. 1967—1972-yillarda Buxoro pedagogika institutining (hozirgi Buxoro davlat universiteti) nemis tili fakultetida tahsil olgan. Soʻngra shu institutning „Fakultetlararo chet tillar“ kafedrasida ishlab, uzoq yillar nemis tilidan talabalarga dars bergan[2]. 1997—1999-yillarda Buxoro viloyati Maʼnaviyat va maʼrifat markaziga rahbarlik qilgan. 2001-yildan umrining oxirigacha Buxoro nashriyotida bosh muharrir boʻlib ishlagan[3][4].

Sadriddin Salim Buxoriy 2010-yil 10-martda (fevral oyida)[2] ogʻir yurak xuruji oqibatida Buxoroda vafot etdi[5].

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sadriddin Salim Buxoriyning bir necha sheʼriy kitoblari, shuningdek, tarixiy-maʼrifiy mavzular hamda tasavvuf avliyolari tarixiga doir oʻttizdan ortiq asarlari nashr qilingan. Koʻp asarlarni tarjima qilgan. Sadriddin Salim Buxoriyning bir qator asarlari nemis, bulgʻor, rus, ukrain, ingliz, turk va tojik tillariga tarjima qilingan. „Bahouddin Naqshband yoki yetti pir“ risolasi Samadjon Azimov tarjimasida Germaniyada bosilib chiqqan (2014)[3][4].

Hikmatdir dunyo

Illat izlaganga illatdir dunyo,
Gʼurbat izlaganga gʼurbatdir dunyo.
Kim neni izlasa, topgay begumon,
Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo.

Sadriddin Salim Buxoriyning sheʼridan taniqli parcha[6].

Sheʼriy kitoblari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sadriddin Salim Buxoriy Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasining aʼzosi edi. Shoirning „Oq qaldirgʻoch“ nomli birinchi kitobi 1977-yilda chop etildi. Shundan soʻng uning „Oq qushim“ (1979), „Erka qushim“ (1979), „Yorugʻlik odami“ (1983), „Roʻmolcha“ (1988), „Buxoroga Buxoro keldi“ (1999), „Hikmat ast dunyo“ (tojik tilida, 2002), „Durdonalar“ (2005), „Hikmatdir dunyo“ (2010-yildan keyin) kabi sheʼriy toʻplamlari nashr qilingan[3][2][4].

Tasavvufshunoslik va tarixshunoslikka oid asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sadriddin Salim Buxoriyning tasavvufshunos olim va tarixshunos sifatidagi izlanishlari natijalari jamlangan „Dilda yor“ (1993), „Buyuk xorazmiylar“ (1994), „Uch avliyo“ (2000), „Chor Bakr yoki Joʻybor avliyolari“ (2001), „Hazrat Azizon ar-Rometaniy“ (2002), „Bahouddin Naqshband yoki yetti pir“, „Xojai Jahonim bor“ (2003), „Eshoni Imlo. Xalfa Xudoydod“ (2005), „Hazrat Abu Hafs Kabir“, „Buxoroyi sharif avliyolari“, „Buyuk Gʻijduvoniylar“, „Ikki yuz yetmish yetti pir“ (2006), „Hazrat Bahouddin Naqshband“, „Daxmai Behishtiyon“ (2007), „Xoja Orif ar-Revgariy“, „Mavlono Orif Deggaroniy“ (2008), „Avliyo Shoh Axsaviy Fayzobodiy al-Buxoriy“ (2009), „Hazrat Xoja Ismatulloh Valiy“ (2010), „Hazrat Boyazid Bastomiy yoki Navoiy viloyati ziyoratgohlari“, „Shofirkonning tabarruk ziyoratgohlari“, „Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari“ (2010-yiladan keyin) kabi tarixiy-maʼrifiy yoʻnalishdagi asarlari chop etilgan[3][2][4][7].

Uning „Ikki yuz etmish yetti pir“ kitobida 500 dan ortiq allomalar haqida maʼlumotlar berilgan[7]. Olimning naqshbandiya tariqatiga oid ilmiy izlanishlari Germaniyaning „Der Morgenstern“ („Tong yulduzi“) jurnalida chop etilgan[8].

Tarjimalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sadriddin Salim Buxoriy tarjimon sifatida Abduxoliq Gʻijduvoniy, Xoja Orif ar-Revgariy, Xoja Ali Rometaniy, Bahouddin Naqshbandlarning hikmatli asarlari, ruboiylarini fors tilidan, Johann Wolfgang von Goethening „Gʻarbu Sharq devoni“ni bevosita nemis tilidan oʻzbekchaga oʻgirgan[9][3][1][2][4].

Ssenariylari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sadriddin Salim Buxoriy „Imom Buxoriy“ nomli besh qismli televizion badiiy film (1998), „Abu Hafs Kabir“ (2001), „Xojai Jahon“ (2003) kabi telefilmlar ssenariysi muallifidir[3][1][4][7].

Mukofotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sadriddin Salim Buxoriy Oʻzbekiston prezidenti farmonlariga muvofiq 1999-yili Mehnat shuhrati va 2005-yili Fidokorona xizmatlari uchun ordenlari bilan mukofotlangan[3][2][4][7].

Nomini abadiylashtirish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vafotidan soʻng Buxoro shahridagi „Durdona“ nashriyotiga Sadriddin Salim Buxoriy nomi berildi. 2016-yil 15-dekabrda Buxoro davlat universitetida viloyat hokimligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati boʻlimi, Matbuot va axborot agentligi viloyat hududiy boshqarmasi, Buxoro davlat universiteti, „Buxoronoma“ va „Buxarskiy vestnik“ gazetalari tahririyati bilan hamkorlikda Sadriddin Salim Buxoriy tavalludining 70 yilligi munosabati bilan „Sharif shahar shoiri“ deb nomlangan xotira kechasi oʻtkazildi[7]. Shu munosabat bilan shoir haqidagi xotira va yodnomalardan tuzilgan „Sharif shahar shoiri“ nomli kitob nashr etildi[5].

2020-yil 16-noyabrda ham Buxoro davlat universitetida Sadriddin Salim Buxoriy xotirasiga bagʻishlab „Sharif shahar shoiri“ mavzusidagi maʼrifat kechasi oʻtkazildi[10][11].

2021-yilda ham Buxoro davlat universitetida Sadriddin Salim Buxoriy tavalludining 75 yilligiga bagʻishlangan „Sadriddin ham Buxoroga aylangandir“ deb nomlangan xotira kechasi oʻtkazildi. Tadbir doirasida shoirning Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan „Nazm boʻstoni“ rukni ostida nashr etilgan „Qadimiy kuy“ sheʼriy toʻplami taqdimoti ham boʻlib oʻtdi[12].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 „Hikmatdir dunyo“. Kitobxon.com. Qaraldi: 2022-yil 12-avgust.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 „Sadriddin Salim Buxoriy (1946—2010)“. Ziyouz.com. Qaraldi: 2021-yil 25-noyabr.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 Oʻzbek adiblari 2016.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 4,5 4,6 „Sadriddin Salim Buxoriy (1946—2010)“. Saviya.uz. Qaraldi: 2021-yil 25-noyabr. [sayt ishlamaydi]
  5. 5,0 5,1 „Ashurali Jo’rayev. Sadriddin ham Buxoroga aylangandir … & Sadriddin Salim Buxoriy. Ikki kitob“. Kh-davron.uz. Qaraldi: 2022-yil 12-avgust.
  6. „„Ilmning ertangi kuniga ishonchimizni yoʻqotyapmiz“ nomli maqolaga munosabat“. Academy.uz (2020-yil 11-oktyabr). Qaraldi: 2021-yil 25-noyabr.
  7. 7,0 7,1 7,2 7,3 7,4 „Sadriddin Salim Buxoriy tavalludining 70 yilligi xotira kechasi“. Buxdu.uz. 2021-yil 25-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 25-noyabr.
  8. „Sadriddin Salim Buxoriy. She’rlar & Samad Azimov. Nurdan kelib, nurga ketdi“. Kh-davron.uz. Qaraldi: 2022-yil 12-avgust.
  9. „Sharq sheʼriyati oshuftasi“. Xs.uz. 2023-yil 18-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 12-avgust.
  10. „Boqiy meros targʻibotga muhtojmi?“. Uza.uz. Qaraldi: 2022-yil 12-avgust.
  11. „Sadriddin Salim Buxoriy xotirasiga bagʻishlangan Sharif shahar shoiri mavzusidagi maʼrifat kechasi“. Buxdu.uz. Qaraldi: 2020-yil 17-noyabr.
  12. „Sadriddin Salim Buxoriy. Qadimiy kuy“. Ziyouz.com. Qaraldi: 2022-yil 12-avgust.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu maqolani tinglang (5 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 7-iyul, 2022-yil(2022-07-07) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Mirvaliyev S., Shokirova R.. Oʻzbek adiblari. Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016.