Rixsivoy Muhammadjonov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Rixsivoy Muhammadjonov
Tugʻilishi 30-noyabr 1940-yil(1940-11-30)
Toshkent, O'zbekiston
Vafot sanasi 22-mart 2019-yil(2019-03-22)
(78 yoshda)
Vafot joyi Toshkent, O'zbekiston
Kasbi ssenariynavis,dramaturg,kinorejissor
Faoliyat yillari 1972-2019

Rixsivoy Muhammadjonov - Ssenariynavis,dramaturg, kinorejissor. 1940-yil 30-noyabrda Toshkent shahrida tug'ilgan. 1962-yilda ToshDU filologiya fakultetining jurnalistika bo'limini, 1972-yilda Moskvadagi Oliy rejissorlik va ssenaristlar kursini tugatgan.

Faoliyati[tahrir]

Rixsivoy Muhammadjonov 1962-1970 yillarda O'zbekiston televideniyesining qishloq xo'jaligi muharririyatida va "Yoshlik" studiyasida muharrir, 1972-1977 yillarda "O'zbektelefilm"da badiiy televizion filmlar muharririyatida bosh muharrir sifatida faoliyat ko'rsatgan. 1975-yilda "O'zbektelefilm"da uning "Oq yol haqida qissa" ssenariysi asosida televizion badiiy film suratga olinadi. Film yaxshi qabul qilindi. O'sha yillarda "O'zbekfilm" kinostudiyasiga rahbarlik qilgan yozuvchi O'lmas Umarbekov yosh kinossenaristni "O'zbekfilm" qoshidagi ssenaristlar ustaxonasiga ishga taklif etadi. Rixsivoy Muhammadjonov 1977-1992 yillarda shu ustaxonada ijod qiladi. 1992-yildan esa u erkin ijodiy ish bilan mashg'ul bo'ladi.[1]

Chinor ostidagi duel[tahrir]

Chinor ostidagi duel - Asosan kinokomediya janridagi asarlar yozgan Rixsivoy Muhammadjonov 1978-yilda "Chinor ostida duel" kinossenariysini yaratadi. Kinorejissor Melis Abzalov uning asosida "Chinor ostidagi duel" badiiy filmini suratga oladi. Rixsivoy Muhammadjonovning ssenariysi asosida birinchi badiiy filmning yuzaga kelishi va uning tomoshabinlar tomonidan yaxshi qabul qilinishi ijodkorni yangi-yangi kinossenariylar yaratishga chorladi, unga ijodiy kuch-quvvat baxsh etdi.[2]

Suyunchi[tahrir]

Suyunchi (film) - 1982-yilda Melis Abzalov Rixsivoy Muhammadjonov qalamiga mansub ssenariy asosida "Suyunchi" badiiy filmini yaratadi. Rixsivoy Muhammadjonov va Melis Abzalovlarning ikkinchi yirik asarlari ham samimiy kutib olinadi va matbuotda ijobiy baholanadi.[3]

Melis Abzalov bilan hamkorlik[tahrir]

Melis Abzalov 1986-yilda Rixsivoy Muhammadjonov va Vladimir Sokolovlarning "Armon" kinossenariysi asosida "Armon" (tarixiy melodrama) badiiy filmini, 1993-1994 yillarda Said Ahmadning "Kuyov" komediyasi asosidagi Rixsivoy Muhammadjonov tomonidan yozilgan ssenariy asosida "Qarib quyulmagan" kinokomediyasini suratga oladi.[4]

Zulfiqor Musoqov bilan hamkorlik[tahrir]

Keyinchalik Rixsivoy Muhammadjonov ssenariylari asosida Zulfiqor Musoqov "Abdullajon"(1991) kinokomediyasini, "Osmondagi bolalar"(2002) va "Osmondagi bolalar-2"(2004) filmlarini suratga oladi.[5]

Erkin ijod[tahrir]

1990-yilda Rixsivoy Muhammadjonov ssenariysi asosida rejissor Bahodir Odilov "Birinchi bo'sa" (1990) qisqa metrajli kinokomediyasini suratga oladi. Rixsivoy Muhammadjonov 1993-yilda Erkin Vohidovning mashhur "Oltin devor" komediyasi asosida kinossenariy yozadi va o'zi mustaqil ravishda ilk bor rejissor sifatida "Oltin devor" badiiy filmini suratga oladi. Keyinchalik, turli yillarda "Chol va nabira"(2009), "Qaydasan muhabbat?"(2010),"Isnod"(2017) va so'nggi "Qor yog'moqda,oppoq qor"(2019) badiiy filmini suratga oladi.[6]

Asarlaridagi o'ziga xoslik[tahrir]

Rixsivoy Muhammadjonov kinossenariylarining fazilati shundaki, ularda hayotdagi mavjud voqea va hodisalardan katta sotsial muammolar ko'tariladi va ular yuqori badiiy saviyada o'z yechimini topadi. Ssenariyga asos bo'lgan hayot voqeligi shu darajada jonli va ishonchli tarzda, milliy asosda tasvir etiladiki,kitobxon uni qiziqish bilan o'qiydi, undan katta ma'naviy oziq va estetik zavq oladi. Rixsivoy Muhammadjonov ssenariylariga rejissorlar katta qiziqish bilan qarashi va uning ssenariylari asosida suratga olingan badiiy filmlar kinotomoshabinlar tomonidan samimiy kutib olinib, zo'r qiziqish bilan tomosha qilinishining asosiy omili ham shunda bo'lsa kerak. O'zbek xalqi azaldan askiya,kulgi, hazil-mutoyibaga o'ch va hajviy asarlarga katta qiziqish bilan qaraydi. Urush va urushdan keyingi yillarda o'zbek kinosida bir qator elga manzur bo'lgan "Nasriddinning sarguzashtlari", "Nasriddin Buxoroda", "Mahallada duv-duv gap", "Maftuningman" va boshqa kinokomediyalar yaratildi. O'tgan asrning 70-80 yillarida bu sohada susayish alomatlari paydo bo'la boshlagan edi. Vaqt o'tishi bilan birin-ketin Hamzaning "Maysaraning ishi" komediyasi asosida "Maysaraning ishi", Said Ahmadning komediyalari asosida "Kelinlar qo'zg'oloni", "Qarib quyulmagan", Rixsivoy Muhammadjonovning kinokomediyalari asosida "Chinor ostidagi duel", "Suyunchi", "Abdullajon","Sho'r peshonalar", "Oltin devor" kabi kinokomediyalarning yuzaga kelishi kinokomediya janrining bu susayishiga ma'lum darajada malham bo'ldi. Shuning uchun ham 80-90 yillarda o'zbek kinosida kinokomediya janrining rivoji haqida gap borganda kinodramaturg Rixsivoy Muhammadjonov asarlarining ham ahamiyati borligini e'tirof etmaslik mumkin emas.Rixsivoy Muhammadjonov kinokomediyasi asosida suratga olingan "Suyunchi" badiiy filmining bosh qahramoni - Ona obrazi talantli aktrisa Zaynab Sadriyeva ijrosida nihoyatda hayotiy va jonli chiqqan. U haqiqiy milliy xarakter. Ona o'zining butun ongli hayotini farzandlari,nabiralari va qishloq yoshlarining tarbiyasiga bag'ishlagan mehnatsevar,dilbar o'zbek ayollarining tipik vakili. Kinodramaturg "Suyunchi" asari orqali juda katta sotsial masala - yoshi ulug' odamlarga izzat-ikrom,inson qadri muammosini ko'taradi. Ma'naviyat va ma'rifat masalalarining asosiy negizlaridan bo'lgan oilaga mehru muhabbat, ayollarga hurmat, qariyalarga izzat-ikrom masalalari Ona-Vatanimizda davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan mustaqillik yillarida "Suyunchi" badiiy filmi zamon bilan hamnafas asar sifatida hamon o'z qadr-qimmatini yo'qotgani yo'q.Rixsivoy Muhammadjonov ssenariylari asosida yaratilgan badiiy filmlar xalqaro festivallarda qatnashgan. 1986-yilda Toshkentda bo'lgan Osiyo,Afrika va Lotini Amerikasi mamlakatlarining Xalqaro Toshkent kinofestivali "Armon" badiiy filmi bilan ochilishi ham asar mualliflari ijodiga berilgan katta bahodir.[7]

Vafoti[tahrir]

Rixsivoy Muhammadjonov 2019-yil 22-martda Toshkentda vafot etgan.

Mukofotlari[tahrir]

2010-yilda "O'zbekiston Respublikasi san'at arbobi" faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Filmografiya[tahrir]

Rejissor sifatida[tahrir]

  • «Oltin devor»(Ruscha: «Золотая стена»)(1993)
  • «Chol va nabira»(Ruscha: «Дед и внук»)(2009)
  • «Qaydasan muhabbat?» (Ruscha: «Где же любовь?») (2010)
  • «Isnod» (Ruscha: «Позор»)(2017)
  • «Qor yog'moqda oppoq qor» (2019)

Ssenariynavis sifatida[tahrir]

  • «Oq yol haqida qissa» (Ruscha: «Баллада о белогривой») (1975) (Televizion badiiy film)
  • «Chinor ostidagi duel» (Ruscha: «Дуэль под чинарой») (1979)
  • «Suyunchi» (Ruscha: «Бабушка-генерал») (1982)
  • «Armon» (Ruscha: «Уходя, остаются») (1986)
  • «Tangalik bolalar» (Ruscha: «Мальчики из Танги») (1990)
  • «Abdullajon» (Ruscha: «Абдулладжан, или Посвящается Стивену Спилбергу») (1991)
  • (Ruscha: «Бедные люди»)(1992)
  • «Oltin devor» (Ruscha: «Золотая стена»)(1993)
  • «Osmondagi bolalar» (Ruscha: «Мальчики в небе»)(2002)
  • «Baribir hayot go'zal» (Ruscha: «Жизнь прекрасна или киллер поневоле»)(2004)
  • «Osmondagi bolalar-2» (Ruscha: «Мальчики в небе-2»)(2004)
  • «Marjona» (Ruscha: «Марджана»)(2004)
  • «Osmon yaqin» (Ruscha: «Небо близко»)(2006)
  • «Chol va nabira» (Ruscha: «Дед и внук»)(2009)
  • «Sotqin» (Ruscha: «Изменник»)(2015)
  • «Isnod» (Ruscha: «Позор»)(2017)
  • «Qor yog'moqda oppoq qor» (2019)

Manbalar[tahrir]

Havolalar[tahrir]

  1. O'tkir Shokirov "O'zbek san'atkorlari" kitobidan.
  2. O'tkir Shokirov "O'zbek san'atkorlari" kitobidan.
  3. O'tkir Shokirov "O'zbek san'atkorlari" kitobidan.
  4. O'tkir Shokirov "O'zbek san'atkorlari" kitobidan.
  5. O'tkir Shokirov "O'zbek san'atkorlari" kitobidan.
  6. O'tkir Shokirov "O'zbek san'atkorlari" kitobidan.
  7. O'tkir Shokirov "O'zbek san'atkorlari" kitobidan.