Aldegidlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Rchodan yoʻnaltirildi)

Aldegidlar, RCHO — molekulasida organik radikal R va vodorod atomi bilan bogʻlangan karbonil guruhi (>C=O) boʻlgan organik birikmalar. Al-degid guruhi (-CHO)ning qanday radikal bilan birikkanligiga qarab toʻyingan, toʻyinmagan, aromatik va geterotsiklik A. boʻlishi mumkin. A.ni atashda tegishli organik kislotalarning nomlaridan foydalaniladi. Mas, chumoli kislotaga toʻgʻri kelgani chumoli aldegid yoki formaldegid, sirka kislotaga toʻgʻri kelgani sirka aldegid yoki atsetaldegid deyiladi. Jeneva nomenklaturasi boʻyicha A.ni atash uchun uglevodorodlar nomi yoniga al qoʻshimchasi qoʻyiladi. Masalan, HCHO metanal, CH3CHO etanal. Baʼzi A. tasodifiy nomlarga ega; mas, furfurol A. birlamchi spirtlarni oksidlash, organik kislotalar hosilalarini qaytarish va boshqa usullar bilan olinadi. Ular juda tez reaksiyaga kirishuvchi faol moddalar hisoblanadi. Reaksiya paytida radikaldagi vodorod atomlari va karbonil guruhdagi kislorod boshqa atomlarga almashinishi hamda >C=O dagi qoʻshbogʻ uzilishi natijasida boshqa atomlarni biriktirib olishi mumkin. Bulardan tashqari, A. aldol, kroton va murakkab efir kondensatsiyalari degan kondensatsiyaga uchrashi mumkin. A. oson oksidlanadi. Ular polimerlanishi, yaʼni bir necha molekulalari oʻzaro birikib, yuqori molekulyar birikma hosil qilishi mumkin. Baʼzi A. ishqorlar taʼsirida Kannitssaro reaksiyasi deb ataladigan reaksiyaga kirishadi. Ular fenolformaldegid smolalar olishda, antiseptiklar sifatida, dezinfeksiyalashda va boshqa maksadlarda ishlatiladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil