Ryan White

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Rayan Uaytdan yoʻnaltirildi)

Ryan Wayne White

Oʻlimidan bir yil oldin, 1989-yil
Tavalludi 6-dekabr 1971-yil
Vafoti 8-aprel 1990-yil(1990-04-08)
(18 yoshda)
Indianapolis, Indiana, Qoʻshma Shtatlar
Fuqaroligi Qoʻshma Shtatlar
Mashhur ishlari „Ryan White: My Own Story“
Otasi Hubert Wayne
Onasi Jeanne Elaine
Veb-sayti ryanwhite.com

Ryan White (talaffuzi: Rayan Uayt; 1971-yil 6-dekabr, Kokomo, Indiana, AQSH — 1990-yil 8-aprel, Indianapolis, Indiana, AQSH)[1] — Amerika Qoʻshma Shtatlarida OIV (odamning immunitet tanqisligi virusi) va OITS (orttirilgan immun tanqisligi sindromi)ga qarshi kurashda milliy timsolga aylangan amerikalik oʻsmir.

White tugʻma gemofiliya bilan kasallangan hamda asosini donor qoni tashkil etadigan maxsus dorilar olishga majbur boʻlgan, oʻsha preparatlar orqali OIV infeksiyasini yuqtirib olgan. Kasallik Ryan qonida 1984-yil dekabr oyida aniqlangan. Shifokorlarning Ryan maktabda boshqa oʻquvchilarga hech qanday xavf tugʻdirmaydi mazmunidagi kafolatlariga qaramay, Kokomodagi koʻplab ota-onalar va oʻqituvchilar Ryanning bu maktabda tahsil olishiga qarshi chiqishgan[2]. Maktab maʼmuriyati tomonidan koʻrilgan choralar, uzoq davom etgan huquqiy kurash hamda ommaviy axborot vositalarida bu mojaroning yoritilishi natijasida Ryan OITSga qarshi kurashning ramziga aylangan. 1990-yili vafot etguniga qadar Ryan turli ijtimoiy harakatlar va tadbirlarda faol ishtirok etib kelgan, koʻplab jamoat arboblari bilan uchrashgan va OIV muammosi haqida jamoatchilik fikriga katta taʼsir oʻtkazgan.

Ryan Whitening nomi AQShning OIV bilan kasallangan kambagʻallarga yordam berish uchun tuzilgan federal dasturga berilgan, uning oʻlimidan koʻp oʻtmay bu dastur rasman qabul qilingan va hali ham amalda qoʻllanib kelinadi.

Yoshlik yillari va kasallanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ryan White 1971-yil 6-dekabrda Kokomodagi Sent-Jozef Memorial kasalxonasida Hubert Wayne va Jeanne Elaine oilasida dunyoga kelgan. Ryan uch kunlik boʻlganida, shifokorlar unga irsiy gemofiliya kasalligi tashxisini qoʻyishgan[3]. Kasallikka qarshi kurashish uchun u har hafta donorlarning qon plazmasidan tayyorlangan „VIII omil“ preparatlarini olgan[4]. 1984-yil dekabr oyida White pnevmoniya bilan kasallangan. 17-dekabr kuni o‘pka biopsiyasidan soʻng unga OITS tashxisi qoʻyilgan. Ryan immunitet tanqisligi virusini kasallangan donor qonidan tayyorlangan „VIII omil“ preparati orqali yuqtirgan. Ammo infeksiya aniq qachon Ryan qoniga tushganligi bugungi kunga qadar nomaʼlum. Oʻsha vaqtlarda olimlar OITS haqida yetarlicha maʼlumotga ega boʻlishmagan, faqatgina bu OIVning asorati hisoblanib, 1986-yilgacha HTLV-III deb nomlangan. Virus kashf etilganiga koʻp vaqt boʻlmaganligi sababli, donor skrining protseduralari deyarli yoʻq edi, koʻpchilik oʻzidagi kasallik va uning qanday yuqishi haqida umuman bilmagan, shuning uchun 1979 va 1984-yillarda ushbu preparatni qabul qilgan odamlarning 90 foizida OIV bilan kasallanish kuzatilgan[5]. Kasallik tashxisi qoʻyilgan vaqtda Ryanning T-hujayralari soni 25 taga tushib qolgan edi. Sogʻlom odamlarda ularning soni 1200 ta atrofida boʻladi[6]. Shifokorlar Whitening atigi 6 oy umri qolganligini aytishgan[7]. Tashxis qoʻyilgach, Ryan maktabga qaytishga imkon topa olmagan chunki u kasallik tufayli juda kuchsiz va nimjon holatga kelib qolgan edi. Ammo 1985-yil boshida Ryan oʻzini yaxshi his qila boshlagan. Biroq Ryanning onasi oʻgʻlining maktabga qaytishiga ruxsat soʻraganida maktab maʼmuriyati rad javobini bergan. 1985-yil 30-iyun kuni davlat maktablari okrugi rahbari Jeyms O. Smith tomonidan maktabga qayta qabul qilish haqidagi rasmiy arizaning rad etilishi toʻqqiz oylik huquqiy kurashlar boshlanishiga sabab boʻlgan[8].

Maktab bilan ziddiyat[tahrir | manbasini tahrirlash]

OIV infeksiyasining yuqish yoʻllari 1980-yillarda toʻliq oʻrganilmagan edi. 1983-yilda Amerika Tibbiyot Assotsiatsiyasi OIVning himoyasiz jinsiy aloqa tufayli va qon orqali yuqish ehtimoli kattaligini taʼkidlashgan[9]. Olimlar OIV infeksiyasi qon orqali yuqishini bilishgan, isbot sifatida bolalarda OITS bilan kasallanish holatlari juda kamligini koʻrsatishgan (White maktabdan haydalgan paytda, AQShda bolalar orasida kasallikning atigi 148 holati aniqlangan edi). Shifokorlarning bu fikrlariga qaramasdan koʻp oilalar Whitening maktabda boʻlishi boshqa bolalarga xavf tugʻdiradi, deb Ryanning maktabga qatnashiga qarshi chiqishgan[10].

Maktab koʻplab ota-onalar va oʻqituvchilar tomonidan katta bosimga uchragan, bu esa Ryanning tashxisi aniq boʻlganidan keyin uni maktabdan haydalishiga sabab boʻlgan. 50 nafar oʻqituvchi va 117 nafar ota-ona Whiteni maktabga kirishini man etish toʻgʻrisidagi petitsiyaga imzo chekishgan. Ryan va uning onasi maktab maʼmuriyati qarori ustidan sudga shikoyat qilishgan. Bu orada, Ryan telefon va kompyuter orqali masofadan turib taʼlim olishni boshlagan. Sud majlisida komissiya Ryanni maktabga borishini taqiqlash asossiz deb topgan. Maktab Indiana taʼlim kengashiga apellyatsiya bergan, keyinchalik maktab maʼmuriyati doktor Alan Adlerdan White haqida tibbiy xulosa soʻragan. Tibbiy xulosada Ryan maktabga borishi mumkinligi va bu boshqa oʻquvchilar uchun xavf tugʻdirmasligi taʼkidlangan edi. 21-fevral kuni White darsga kelganida maktab oʻquvchilaridan 151 nafari maktabga kelmay uylarida qolishgan. Xuddi shu kuni bir guruh ota-onalar Howard okrug sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilishgan, sudya Ryanning maktabga borishiga ruxsat berish 1949-yilda Indianadagi yuqumli kasalliklar toʻgʻrisidagi qonunga zid deb qaror qilgan. San-Franciscoda OITS bilan kasallangan bemorlarni davolashda katta tajribaga ega boʻlgan Indiana shtati sogʻliqni saqlash komissari doktor Wudrou Myers va Kasalliklarni nazorat qilish markazi White boshqa oʻquvchilar uchun xavf tugʻdirmasligi toʻgʻrisida bayonot berishgan lekin koʻplab ota-onalar va maktab maʼmuriyati, bu bayonotlarni eʼtiborsiz qoldirishgan[7].

1986-yil fevral oyida New England Journal of Medicine OIV bilan kasallangan odamlar bilan uch oy davomida birga yashagan lekin jinsiy aloqada boʻlmagan 101 nafar insonni oʻrganish natijalarini eʼlon qilgan. Tadqiqot natijalari infeksiya xavfi umumiy tish choʻtkalari, ustara, kiyim-kechak, taroq va idish-tovoqlar bilan aloqa qilish orqali yuqmasligini koʻrsatgan[11].

Koʻpchilik Whitening onasi maktab maʼmuriyatiga qarshi kurashning tashabbuskori ekanligiga ishonishgan, ammo bu yolgʻon boʻlib chiqqan. Ryanning oʻzi barcha masalalar boʻyicha qaror qabul qilgan. Oradan vaqt oʻtib Ryanning onasi maktabga qaytish qarori ham butunlay oʻgʻlining fikri ekanligini aytgan: „Shaxsan men ancha oldin voz kechgan boʻlardim. Bu men uchun va butun oilamiz uchun katta yengillik boʻlardi. Ammo, xoh ishoning xoh ishonmang, Ryan har doim maktabni chin dildan sevgan, maktabga qaytishni xohlagan, men esa uning xohishlarini hurmat qilaman[12].

Ziddiyatlar xronologiyasi
1985—1986-oʻquv yili
30-iyun James O. Smith Whiteni maktabga kelishini taʼqiqladi[13].
26-avgust Oʻquv yilining birinchi kuni. Whitega masofadan taʼlim olishga ruxsat berildi[14].
2-oktyabr Maktab direktori Ryanni maktabga borishini taʼqiqlash qarorini qoʻllab-quvvatladi[15].
25-noyabr Indiana Taʼlim Departamenti Whiteni darslarga qabul qilish kerakligini belgilagan[16].
17-dekabr Maktab maʼmuriyati departament qaroriga qarshi appelyatsiya bergan[17].
6-fevral Taʼlim departamenti appelyatsiyani koʻrib chiqqach, Whiteni maktabga borishi mumkinligini qayta belgilagan[18].
13-fevral Howard okrug sogʻliqni saqlash komissarligi White talabalar uchun xavfli emas deb xulosa bergan[19].
19-fevral Okrug sudi Ryanni maktab borishini taʼqiqlashni bekor qildi[20].
21-fevral White maktabga qaytgan. Xuddi shu kuni boshqa sudyaning qarori bilan Ryannig taʼlim muassasasiga kirishiga taʼqiq yana eʼlon qilingan[21].
2-mart Whitening maktabga qaytishiga qarshi boʻlganlar pul yigʻish uchun maktabda kim oshdi savdosi oʻtkazganlar[22].
9-aprel Whitening ishi okrug sudiga taqdim etilgan[23].
10-aprel Okrug sudi sudyasi Jack R. OʻNeill maktabdagi taʼqiqni bekor qilgan[24].
18-iyul Indiana apellyatsiya sudi bu ish boʻyicha apellyatsiyani rad etgan[25].

Nihoyat, 10-aprel kuni Frankfortdagi Klinton okrugi sudi Whitening maktabga borishini taqiqlovchi qarorni bekor qilgan. Xuddi shu kuni yigirma ikki nafar oʻquvchi boshqa maktabga oʻtib ketishgan. Bir necha hafta oʻtgach, baʼzi ota-onalar oʻzlarining „muqobil“ maktabi „Russiaville Home Study School“ni ochishgan[26]. White 1986—1987-oʻquv yili davomida maktabda tahsil olgan lekin bu yerda uning doʻstlari kam boʻlgan va oʻzini yolgʻiz his qilgan. Maktab maʼmuriyati uni bir marta ishlatiladigan idishlardan ovqatlanishini, alohida hojatxonadan foydalanishini va jismoniy tarbiya darslariga bormasligini talab qilgan[27].

Ryan gazeta tarqatuvchi boʻlib ishlagan, koʻp odamlar OIV qogʻoz orqali yuqishidan qoʻrqib, gazetaga obunalarini bekor qilishgan[7]. Ryanga zoʻravonlik va tahdidlar ham boʻlgan. Oʻsha yillarda OIVning „geylar kasalligi“ sifatidagi stereotipi tufayli Ryan ham gomofobik hujumlarga duchor boʻlgan. Onasining soʻzlariga koʻra, koʻchadagi odamlar Ryanga qarata „Sening gey ekaningni bilamiz!“ deb baqirishgan[10]. Whiteni qoʻllab-quvvatlagan Kokomo Tribune muharrirlar va noshirlarni ham gomoseksuallar deb atashgan va ularga qarshi kuch ishlatishgan[10]. Nomaʼlum shaxs tomonidan otilgan oʻq Whitelarning uyi derazasini sindirganida, oila Kokomoni tark etishga qaror qilishgan[7][27].

Oʻquv yili tugaganidan soʻng, Whitelar oilasi Indiana shtatining Cicero shahriga koʻchib oʻtadilar, bu yerda Ryan mahalliy Hamilton Heights High maktabida oʻqishni boshlaydi. Koʻchib oʻtishdan biroz vaqt oldin koʻngillilar guruhi Cicero shahrida OIV infeksiyasini yuqtirish yoʻllari haqida maʼlumotlar tarqatib, targʻibot tadbirlarini oʻtkazishadi. 1987-yil 31-avgustda yangi oʻquvchini maktab direktori Tony Cook, mahalliy taʼlim tizimi rahbari Bob G. Carnal va Ryan bilan qoʻl berib koʻrishishdan qoʻrqmagan bir qancha talabalar kutib olishgan[28].

Kuzda Ciceroda Ryan Whitega bagʻishlangan tadbir oʻtkazilgan, tadbir davomida gubernator Robert Orr Ryan va uning onasini OITS haqida insonlar ongida tushuncha paydo qilishdagi jasorati uchun mukofotlar bilan taqdirlagan. Keyinroq Ryan oilasining koʻchib oʻtishi haqida shunday deydi: „Uch yil ichida birinchi marta oʻzimizning uyimiz, meni qoʻllab-quvvatlaydigan maktabimiz va koʻplab doʻstlarimiz borligini his qildik. Men baxtliman. Men yana oddiy oʻsmirga aylandim. Bularning barchasi maktabimiz oʻquvchilarining haqiqatga quloq tutganlari, kasallik haqida ota-onalariga aytganlari, menga doʻstona munosabatda boʻlganliklari tufaylidir“[12].

Millat vakili[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ommaviy axborot vositalarida OITS haqida maqolalar soni ortib borayotgan bir paytda olib borilgan tadbirlar Whiteni matbuot eʼtiboriga tushirgan. 1985—1987-yillarda Amerika ommaviy axborot vositalarida OITS haqidagi xabarlar soni ikki baravarga koʻpaygan[29].

Bu vaqtga kelib Ryan tez-tez televideniyeda paydo boʻlar, gazetalarga intervyu berardi, kasalligi haqida odamlarga maʼlumotlar tarqatardi. Bunday chiqishlar Ryanni OITS pandemiyasiga qarshi kurashning ramziga aylantirdi. White Phillip Donahuening tok-shousiga tez-tez tashrif buyurgan va turli xayriya mablagʻlari yigʻishda qatnashgan[7]. OIVga nisbatan jamoatchilik munosabatini yaxshilashga yordam berish maqsadida White bilan birga koʻplab mashhurlar sahnada chiqishlar qilishgan. Xonandalar John Mellencamp, Elton John va Michael Jackson, aktyorlardan Matt Frewer, Elizabeth Taylor, Brooke Shields va Alyssa Milano, sportchilardan Greg Louganis va Kareem Abdul-Jabbar, basketbol murabbiyi Bob Knight, taniqli shifokor Everett Koop, Prezident Ronald Reagan shular jumlasidan. Ularning barchasi Ryan bilan uchrashishgan, televideniyada chiqishlar qilishgan. Elton John Whitelarning oilaviy doʻstiga aylangan: u eng kamida oyiga bir marta Ryanga qoʻngʻiroq qilar, Ryan bilan xat yozishar va ularning xonadoniga tashrif buyurar edi[12]. Xonanda oilaga Cicerodan uy sotib olishga yordam bergan, Elton uy uchun dastlabki toʻlovni toʻlash maqsadida oilaga 16 500 dollar qarz bergan. Pul qaytarilgach, Elton uni Ryanning singlisini kollejdagi oʻqishi toʻlovi uchun ishlatgan[30].

Michael Jackson Whitega qizil Mustang kabrioletini sovgʻa qilgan[2]. Greg Louganis Ryanni changʻidan sakrash boʻyicha milliy chempionatga taklif qilgan va unga oʻzi qoʻlga kiritgan oltin medalini sovgʻa qilgan[12]. Ryan OITS va boshqa jiddiy kasalliklarga chalingan koʻplab bolalar bilan doʻst boʻlgan[7]. Mashhur kishilar bilan munosabatlar olib kelgan shon-shuhratga va sovgʻalariga qaramay, White jamoatchilikning diqqat markazida boʻlishni yoqtirmasligini aytgan va u har qanday vaqtda butun shon-sharafini salomatlikka almashtirishga tayyor ekanini taʼkidlagan[2].

1988-yilda White Prezident Reaganning OITSga qarshi konferensiyasida omma oldida soʻzga chiqqan. Ryan ilk bor maktabga qaytmoqchi boʻlganida duch kelgan kamsitilishlari, kasallikdan yaxshi xabardor odamlar uni Cicero shahrida iliq kutib olishganlari haqida gapirib bergan. Ryan oʻz tajribasiga tayanib, jamoatchilikka OIV/OITS haqida maʼlumot berish muhimligini taʼkidlagan[27].

„Ryan White Story“ filmida Ryan rolini ijro etgan aktyor Lukas Haas (2007)

1989-yilda ABC televideniyesining „Ryan White Story“ filmida Ryan rolini Lukas Haas ijro etgan. Judith Light Ryanning onasini, Nikki Cox esa uning singlisi Andrea rolini oʻynagan. Shuningdek, filmda Sarah Jessica Parker (hamshira sifatida), George Dzundza (shifokor sifatida) va George C. Scott (advokat sifatida) rollar ijro etishgan. Whitening oʻzi bu filmda kichik rol oʻynagan, u bosh qahramon bilan doʻst boʻlgan, OIV bilan kasallangan Chad ismli boshqa bolani gavdalantirgan[31]. Filmni 15 millionga yaqin inson tomosha qilgan[32]. Kokomo shahri aholisining bir qismi oʻz shaharlari filmda salbiy koʻrinishda tasvirlanganini nohaqlik deb hisoblashgan. Premyeradan soʻng, sobiq mer Robert F.Sargentning matbuot xizmati ofisi butun mamlakat boʻylab shikoyatlar va gʻazablangan xatlar bilan toʻlib ketgan[31][32].

1990-yilning boshida Whitening sogʻligʻi yomonlashgan. Shunga qaramay, 26-mart kuni Los-Anjelesda AQShning sobiq prezidenti Ronald Reagan va uning rafiqasi Nensi bilan uchrashuv vaqtida Ryan yaqinlashib kelayotgan bitiruv kechasi va kollejga borish umidlari haqida suhbatlashgan[33]. Oʻsha kuni kechqurun, Oscar marosimida mehmon sifatida qatnashayotgan White oʻzini juda yomon his qilgan va marosim tugashidan oldin u yerni tark etishga majbur boʻlgan[7].

Oʻlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1990-yil 29-martda, oʻqishni tugatishdan bir necha oy oldin, White nafas yoʻllari infeksiyasi bilan Indianapolisdagi Riley bolalar kasalxonasiga yotqizilgan. Ahvoli yomonlashgani bois unga nafas olish apparati ulanib, tinchlantiruvchi dori berilgan. Elton John kasalxonada Ryanning oilasi yonida turgan. Kasalxonaning telefonlari xayrixohlarning qoʻngʻiroqlari koʻpligidan barcha murojaatlarni qabul qila olmagan. Boshqalar qatorida, Vitse-prezident Dan Quayle va senator Ted Kennedy Whitening salomatligi toʻgʻrisida doimiy ravishda shifoxona bilan bogʻlanib turishgan[12]. Ryan hushidan ketgan vaqtda uning otasi 11 yil ichida birinchi marta uni koʻrishga kelgan (Hubert Wayne va Jeanne Elaine oʻgʻlining yetti yoshligida ajralishgan, otasi Kokomoda yashagan boʻlsada, oila bilan aloqalari uzilgan edi)[7]. Ryan White 1990-yil 8-aprel kuni ertalab soat 7:11 da 18 yoshida vafot etgan[2][7]. 1984-yilda shifokorlar Ryanga 6 oy umri qolganligini aytishgan boʻlsa-da, u yana 5 yildan koʻproq yashadi. Oʻsha kuni kasalxonada boʻlgan rohib Raymond Probasco shunday degan: „Bu nimjon yigitcha bizga ruhiyatning haqiqiy kuchini koʻrsatdi“.

„Biz Ryandan qarzdormiz, uni uyidan va maktabidan haydab chiqargan qo'rquv va johillik bir kun kelib albatta yo'qoladi. OITS bilan og'rigan bemorlarga qalbimiz va ongimizni ochib berishdagi xizmatlari uchun Ryandan qarzdormiz. Biz Ryandan kasallar, ularning do'stlari va oilalariga hamdardlik hamda koʻrsatgan bag'rikengligi uchun qarzdormiz. Kasallikning o'zi dahshatli, undan azob chekayotgan odamlar emas. U bizga qanday yashashni va qanday o'lish kerakligini o'rgatdi“
—AQSH prezidenti Ronald Reagan, 11-aprel 1990-yil[33]

11-aprel kuni Indianapolisdagi Meridian Streetda joylashgan Presviterian cherkovida boʻlib oʻtgan Ryanning dafn marosimi va vidolashuvida 1500 dan ortiq odam qatnashgan[34]. Whitening tobutini futbolchi Howie Long, jurnalist Phil Donahue va „Skyline Pigeon“ qoʻshigʻini kuylagan qoʻshiqchi Elton John kabi mashhur shaxslar koʻtarib kelishgan. Dafn marosimida Michael Jackson va AQSHning birinchi xonimi Barbara Bush ham ishtirok etgan. Shu kuni Indianada shtatining bayroqlari flagshtokning yarim boʻyiga tushirilgan. Dafn marosimi kuni sobiq prezident Reygan 1987-yilgacha oʻz nutqlarida OITS haqida deyarli gapirmagani uchun tanqid qilingan[4][9] faqat 1985-yilda The Washington Post tomonidan eʼlon qilingan bayonotda Whitega hurmat koʻrsatgan[33][34]. Reyganning nutqi va Whitening dafn marosimi Ryanning OITS haqidagi insonlar tasavvurini oʻzgartirish uchun qanchalik koʻp ish qilganligining ramzi sifatida koʻrsatilgan[34].

Ryan White uyi yaqinidagi Cicero shahri qabristoniga dafn etilgan. Oʻlimidan soʻng bir yil ichida qabr toʻrt marta vandalizmga uchrab buzib tashlangan[35]. Vaqt oʻtishi bilan u joy Ryanga ishonucvhilar uchun ziyoratgohga aylangan[36].

Xotirasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Barak ObamaRyan White dasturi“ni imzolamoqda (2009)

White XX asr 80-yillarining oxirlarida OIV bilan kasallangan eng mashhur odamlardan biri hisoblanadi. Aktyor Rock Hudson bilan birga Ryan OIV bilan kasallangan bemorlarning eng yetakchi jamoatchilik vakillaridan biriga aylangan. White aka-uka Ray, Magic Johnson, Kimberly Bergalis va Freddie Mercury singari kasallik bilan bevosita aloqador boʻlganlar bilan birgalikda virusning jiddiyligi haqida jamoatchilikni xabardor qilishga harakat qilishgan[37].

Whitening oʻlimidan keyin koʻplab xayriya tashkilotlari tuzilgan. 1991-yildan beri oʻtkazib kelinayotgan Indiana universiteti raqs marafoni Riley bolalar kasalxonasi uchun 50 million dollardan koʻproq mablagʻ xayriya qilgan[38][39].

Whitening oʻlimi Elton Johnni oʻzining OITSga qarshi fondini yaratishiga sabab boʻlgan[40]. Shuningdek, u qoʻshiqlaridan biridan tushgan pulni Riley kasalxonasiga xayriya qilgan. Jeanne Elaine 1992-yildan 2000-yilgacha faoliyat yuritgan Ryan White jamgʻarmasiga asos solgan. Yillik xayriya miqdori 300 000 dollarga yetgan. 1992-yilda u oʻgʻli tirikligida yozgan „Ryan White: My Own Story“ (Ryan White: Mening hikoyam) kitobini nashr ettirgan[41].

Elton Johnning „The Last Song“, Michael Jacksonning „Gone Too Soon“ va Tiffany Darwishning „Here in My Heart“ qoʻshiqlari Ryan White xotirasiga bagʻishlangan. 1980-yillarning boshida OITSga jamiyat tomonidan eʼtibor berilmagan va u „geylar muammosi“ yoki hatto „gomoseksuallik uchun jazo“ deb hisoblangan, chunki ilk aniqlangan holatlar orasida gomoseksualizm vakillari ham boʻlishgan[9]. Whitega qoʻyilgan tashxis koʻpchilikka bu muammoga har kim duch kelishi mumkinligini koʻrsatgan. Ryan baʼzi gomofoblar tomonidan OITS epidemiyasining „aybsiz qurboni“ sifatida koʻrsatilgan lekin Ryan va uning oilasi har doim bunday qarashlarga qarshi boʻlib kelishgan, chunki bu atama OIV gomoseksuallar oʻz kasalliklariga „loyiq“ ekanligini taʼkidlash uchun ishlatilgan. Whitening onasi The New York Times gazetasiga bergan intervyusida Ryanning soʻzlaridan iqtibos keltirgan: „Men ham OITSga chalingan insonlar bilan bir xilman“. 1990-yil avgust oyida, Whitening oʻlimidan toʻrt oy oʻtgach, AQSh Kongressi OIV/OITSga qarshi favqulodda yordam toʻgʻrisidagi dasturni qabul qilgan. Bu dastur Ryan White CARE Act[42] deb nom olgan, odatda oddiygina Ryan White Act[43] deb ataladi. Uning maqsadi OIV bilan kasallangan, kambagʻal, boshqa moliya manbalariga ega boʻlmagan yoki sugʻurtasi davolanish uchun toʻlovni toʻlashga yetmaydiganlarga yordam koʻrsatishdan iborat. Dastur 1996, 2000, 2006 va 2009-yillarda uzaytirilgan. 2009-yilda Barak Obama 22 yil avval joriy qilingan OIV bilan kasallangan bemorlarning AQShga sayohat va immigratsiyasiga qoʻyilgan taqiqni bekor qilish rejalarini ham eʼlon qilgan. Uning soʻzlariga koʻra, bu cheklov „haqiqiy maʼlumotlardan koʻra koʻproq qoʻrquvga asoslangan[44][45].

Dasturning amal qilish muddati 2013-yilda tugagan, ammo Kongress ushbu dastur bilan belgilangan OIVga qarshi kurash ishlariga mablagʻ ajratishda davom etmoqda[46]. Dastur yiliga taxminan 500 000 kishiga yordam qoʻlini choʻzadi va 2004-yilda bu dastur 2567 tashkilotga mablagʻ ajratgan[43][44][47]. 2006-yil sentyabr oyida ushbu federal dasturning jamgʻarmasi 2,1 milliard AQSh dollaridan ortiq summani tashkil etgan[48].

Ryan White USA Today jurnalining XX asrning soʻnggi 25 yilidagi eng nufuzli odamlari roʻyxatida yigirma toʻrtinchi oʻrinni egallagan[49] va Indianapolisdagi bolalar muzeyida Anne Frank va Ruby Bridges bilan birga „Bolalar kuchi“ koʻrgazmasida xotirlangan[50]. 1993-yildagi intervyusida OITS faoli Larry Kramer shunday degan: „Menimcha, kichkina Ryan White bu kasallik haqidagi fikrlarni oʻzgartirish uchun boshqalardan koʻra koʻproq ish qilgan[51].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „A Timeline of Key Events in Ryan’s Life“ (deadlink). 2007-yil 12-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 21-aprel.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 J., Dirk. „Ryan White Dies of AIDS at 18; His Struggle Helped Pierce Myths“. New York Times (9-aprel; 1990). 2010-yil 15-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 29-iyul.
  3. Brannon H. „Mother of AIDS martyr Ryan White speaks at Pruis Hall“ (en) (deadlink). bsudailynews.com. 2012-yil 3-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 29-iyul.
  4. 4,0 4,1 Resnik, S. (1999). Blood Saga: Hemophilia, AIDS, and the Survival of a Community. — University of California Press. ISBN 0-520-21195-2
  5. James P. Crowley, M.D. „Blood Saga: Hemophilia, AIDS, and the survival of a community - Book Review“ (en). The New England Journal of Medicine. 2014-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 29-iyul.
  6. „What Are HIV and AIDS?“. United States Department of Health and Human Services (2021-yil 8-aprel). 2021-yil 4-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: iyul 29, 2023.
  7. 7,0 7,1 7,2 7,3 7,4 7,5 7,6 7,7 7,8 White R., Cunningham, M.. Ryan White: My Own Story. Dial Books, 1991. ISBN 0-8037-0977-3. 
  8. Specter, M. AIDS Victim’s Right to Attend Public School Tested in Corn Belt. — The Washington Post, 3-sentyabr 1985-yil.
  9. 9,0 9,1 9,2 Shilts, R.. And the Band Played On: Politics, People, and the AIDS Epidemic. St. Martin’s Press, 1987. ISBN 0-312-00994-1. 
  10. 10,0 10,1 10,2 Cohen, S. „City Of Firsts“ Struggles with Division over AIDS in School. — Associated Press, 28-aprel 1986-yil.
  11. Wallis, C. Lessening Fears; Contact does not spread AIDS. — Time, 17-fevral 1986-yil. Архивировано 8 fevral 2009 года.. Qaraldi 29-07-2023
  12. 12,0 12,1 12,2 12,3 12,4 Тейлор, Роберт. Райан Уайт: история одного мальчика. — 2008. Архивировано 23 aprel 2011 года.
  13. Domestic news. — Associated Press, 31-iyul 1985-yil.
  14. Perlman, L. AIDS Victim Begins School By Phone. — Associated Press, 26-avgust 1985-yil.
  15. Official Recommends AIDS Victim Stay Home for School. — 2-sentyabr 1985-yil.
  16. Perlman, L. Rule Teen-ager Can Attend Classes. — Associated Press, 25-noaybr 1985-yil.
  17. Perlman, L. School Board Votes to Appeal Decision Allowing AIDS Victim in Classes. — Associated Press, 18-dekabr 1985-yil.
  18. Strauss, J. Boy Can Return To School If Health Officer Approves, Board Says. — Associated Press, 6-fevral 1986-yil.
  19. Perlman, L. Health Officer Says AIDS Victim Ryan White Can Return To School. — Associated Press, 13-fevral 1986-yil.
  20. Perlman, L. Judge Denies Motion To Bar Indiana AIDS Victim From Classes.. — Associated Press, 19-fevral 1986-yil.
  21. Strauss, J. AIDS Schoolboy Back in Classroom But Judge Rules Against Him. — Associated Press, 21-fevral 1986-yil.
  22. Opposition Group Raises Needed Funds For Bond. — Associated Press.
  23. Strauss, J. Judge Delays Ruling In Ryan White Case. — Associated Press, 9-aprel 1986-yil.
  24. Kusmer, K. Teen-Age AIDS Victim Returns To School after Lengthy Court Battle. — Associated Press, 10-aprel 1986-yil.
  25. Huddleston, S. Parents Drop Effort to Keep AIDS Victim Out of School. — Associated Press, 18-iyul 1986-yil.
  26. Alternative School Opens in AIDS Scare. — The Washington Post, 23-aprel 1986-yil.
  27. 27,0 27,1 27,2 Franklin, T. Teen’s Story of AIDS Prejudice Wins Hearts. — The Chicago Tribune, 3-mart 1988-yil.
  28. Richardson, F. AIDS Schoolboy Says First Day At New School Went „Great“. — Associated Press, 31-avgust 1987-yil.
  29. Brodie, M. AIDS at 21: Media Coverage of the HIV Epidemic 1981—2002. — Kaiser Family Foundation, 2004. Архивировано 2 oktyabr 2008 года. Qaraldi 29-07-2023
  30. Cohen, C.E. A Year After Ryan White’s Death, His Mother, Jeanne, Picks Up the Pieces and Carries on His Fight. — 8 апреля 1991. Архивировано 10 yanvar 2011 года. ot 14-06-2010. Qaraldi 29-07-2023
  31. 31,0 31,1 O’Connor, J.J. Review/Television; AIDS and Hemophilia. — The New York Times, 16-yanvar 1989-yil. Архивировано 18 sentyabr 2017 года. ot 14-06-2010. Qaraldi 29-07-2023
  32. 32,0 32,1 Kokomo Mayor Swamped With Angry Calls Following Ryan White TV Movie. — Associated Press, 18-yanvar 1989-yil.
  33. 33,0 33,1 33,2 Рейган, Р. „We Owe It to Ryan“. — The Washington Post, 11-yanvar 1990-yil.
  34. 34,0 34,1 34,2 1,500 Say Goodbye to AIDS Victim Ryan White.. — Associated Press, 11-aprel 1990-yil.
  35. Vandals Again Desecrate Grave of AIDS Victim Ryan White. — Associated Press, 8-iyul 1991-yil.
  36. Ryan White Admirers Leave Notes, Mementos at Grave. — Associated Press, 10-dekabr 1992-yil.
  37. AIDS at 21: Media Coverage of the HIV Epidemic 1981—2002. — Kaiser Family Foundation. Архивировано 2 oktyabr 2008 года.. Qaraldi 29-07-2023
  38. Alexander, L. Indiana U. students reach 39M goal at dance marathon. — Indiana Daily Student, 12-noyabr 2007-yil.
  39. „IU Dance Marathon Raises Record $2.6 Million for Riley Hospital for Children.“ (Wayback Machine saytida 2016-11-12 sanasida arxivlangan) IU Newsroom. Indiana University. 18-noyabr, 2013-yil. Web. Qaraldi 20-may, 2014-yil
  40. Elton John. „'The boy who saved me from myself': Elton John on the young friend whose death from AIDS turned around his own life“ (en). dailymail.co.uk. 2012-yil 17-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 29-iyul.
  41. Schindehette S., Breu G. Ten years after her son’s death, Jeanne White shuts down his foundation but carries on the fight against AIDS. — People magazine, 15-may 2010-yil.
  42. Ryan White Comprehensive AIDS Resources Emergency Act
  43. 43,0 43,1 „«The Ryan White HIV/AIDS Program»“ (deadlink). Health Resources and Services Administration, HHS. 1996-yil 1-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 31-mart.
  44. 44,0 44,1 Franke-Ruta, G. White House announces end to HIV travel ban. — The Washington Post, 30-noyabr 2009-yil. Архивировано 4 oktyabr 2012 года.
  45. Video: Barak Obama podpisivaet „Zakona Ryana Uayta“
  46. Weiss G. „NACCHO Commemorates the 25th Anniversary of the Ryan White CARE Act“ (en). National Association of County and City Health Officials (2015-yil 21-avgust). Qaraldi: 2023-yil 31-avgust.
  47. Taylor, J. Caring for „Ryan White“: The Fundamentals of HIV/AIDS Treatment Policy. — The George Washington University, 22-avgust 2005-yil.
  48. Reichmann, D. Bush Signs 3 Health Care-Related Bills. — The Washington Post, 12-dekabr 2006-yil. Архивировано 3 mart 2016 года. Qaraldi 29-07-2023
  49. „Most influential people“. USA Today. 2011-yil 8-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 29-iyul.
  50. „The Power of Children“ (deadlink). The Children’s Museum of Indianapolis. 2008-yil 13-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 29-iyul.
  51. Nimmons, D. Larry Kramer; AIDS activist; Interview. — sentyabr 1993-yil.