Raunkier klassifikatsiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻsimliklarning hayotiy shakllarga doir eng maqbul klassifikatsiya daniyalik botanik K. Raunkier tomonidan (1934) ishlab chiqilgan klassifikatsiyadir. Bu klassifikatsiya yangilanib turuvchi organlarning, ayniqsa, kurtakning yashashi va joylashuviga asoslanganligi bilan juda muhimdir.

Fanerofitlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

 1.	Fanerofitlar — kurtaklari yer yuzasidan ancha yuqorida joylashgan boʻlib koʻzga yaqqol tashlanadi. Faneros — yaqqol koʻrinib turuvchi demakdir. Bularga, asosan, daraxt va butalar kirib, qishda barglarini toʻkadi. Shox-shabbalari va novdalarini sovuq urmaydi.

Hamefitlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

 2.	Hamefitlar — bu guruhga ba’zi bir buta va chala butalar kirib yangilanish kurtaklari yer yuzasiga ancha yaqin joylashadi. Tashqi tomoni tangachalar bilan qoplangan boʻladi. Qish mavsumida qor tagida qoladi, ammo novdalari nobud boʻlmaydi. Heme — past, yer bagʻirlovchi degan ma’noni bildiradi.

Gemikriptofitlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

 3.	Gemikriptofitlar — bu guruh vakillarining yangilanish kurtagi yer yuzasi bilan barobar joylashadi. Yer usti poya va novdalari qurib qoladi. Qurigan novda va poyalar qoldigʻi yangilanuvchi kurtaklarni qoplab oladi. Bularga, asosan, koʻp yillik oʻtlar kiradi. Geme — yarim, kriptos — yashirin degan manoni bildiradi.

Kriptofitlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

 4.	Kriptofitlar — bu guruhga yer ustki organlari batamom qurib qoladigan, yangilanuvchi organlardagi kurtaklari yer ostida boʻlgan ildiz poyali, ildiz tugunakli, piyozboshchali oʻsimliklar kiradi.

Terofitlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

 5.	Terofitlar — bu guruhga, asosan, bir yillik turlar kirib, ular qishda butunlay qurib qoladi. Koʻkarib chiqish qishda saqlanib qolgan urugʻlari orqali amalga oshadi.

Gelofitlar va Gidrofitlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

 Bundan tashqari suv oʻsimliklaridan iborat boʻlgan, kurtagi suv ostida, vegetativ organi suvdan koʻtarilib turadigan gelofitlar va kurtagi suv ostida novdalari suvda joylashgan gidrofitlar guruhi ham mavjud.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Hamidov A. Oʻsimliklar geografiyasi. — Toshkent, — 1984.
  • Pratov Oʻ., Shamsuvaliyeva L., Sulaymonov E. va bosh. Botanika (morfologiya, anatomiya, sistematika, geobotanika). — Toshkent: „Taʼlim nashriyoti“, — 2010. — 288 b