Rahimjon Otayev (Otauli)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Rahimjon Otaev (Otauli)dan yoʻnaltirildi)

Otauli (Rahimjon Otayev) — Oʻzbekiston davlat mustaqilligi yillarida faol ijod qilayotgan taniqli adib, tarjimon, publitsist va munaqqid. U 1949-yilda Chimkent viloyatining Turkiston tumanidagi Chipon qishlogʻida tugʻilgan. 1973-yilda hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Oʻrta maktabda oʻqituvchi, Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligida uslubchi, Respublika Matbuot va axborot agentligida maslahatchi muharrir boʻlib ishlagan. 1983-yildan buyon Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida xizmat qiladi.

Otaulining „Osmon to'la yulduzlar“ falsafiy essesi, „Surnay navolari“ qissalar va turkum badialar toʻplami, „Tilsim (Turkiston dostoni)“, „Elchi (Afandi o'lmaydigan bo'ldi)“, „Ulus (Forobiyning do'sti)“, „Zamona zayli“ nasriy dostonlari nashr etilgan. Gazeta-jurnallarda yozuvchining koʻpgina qissalari, hikoyalari, badialari, publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalari eʼlon qilingan. Eron adibi Muhammad Ali Jamolzodaning „Sho’robod“ asarini, Fozil Iskandarning „Quyonlar va bo'g'ma ilonlar“ falsafiy ertagini — rus tilidan, Muxtor Magʻavinning „Tiriklik qo'shig'i“ va Abish Kekilboevning „Poygato'riq“ qissalarini — qozoq tilidan, Toʻlepbergen Qaipbergenov va Ollonazar Abdievning bir qator asarlarini — qoraqalpoq tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Yozuvchi 1984-yilda Eng jumboq tuyg'u publitsistik maqolasi uchun „Sharq yulduzi“ jurnalining yillik mukofoti, 1995-yilda „Tilsim (Turkiston dostoni)“ asari uchun Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasining Alp Jamol mukofotiga sazovor boʻlgan. 2000-yilda "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Internetdagi elektron kutubxonalarda[tahrir | manbasini tahrirlash]