Ragnar Frisch
| Ragnar Frisch | |
|---|---|
|
Ragnar Frisch 1944-yilda | |
| Tavalludi |
3-mart, 1985-yil Oslo, Norvegiya |
| Vafoti |
31-yanvar, 1973-yil (77 yoshda) Oslo, Norvegiya |
| Fuqaroligi | Norvegiya |
| Millati | Norveg |
| Sohasi | Iqtisodiyot |
| Ish joylari | Oslo universiteti |
| Taʼlimi | Oslo universiteti |
| Mashhur shogirdlari |
Olav Reiersøl Trygve Haavelmo[1] |
| Mashhur ishlari |
Ekonometrika Iqtisodiyotda ishlab chiqarish nazariyasi Frisch ishchi kuchi taklifining elastikligi Frisch–Waugh–Lovell teoremasi |
| Mukofotlari | Iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofoti (1969) |
Ragnar Anton Kittil Frisch (3 mart, 1895 — 31-yanvar, 1973-yil) — norvegiyalik iqtisodchi va ekonometrik olim boʻlib, XX asr boshlarida iqtisodiyotni miqdoriy va statistik asoslangan fan sifatida shakllantirishga katta hissa qoʻshgan tadqiqotchilardan biri sifatida tanilgan. Frisch 1926-yilda iqtisodiy tizimlarni tavsiflashda statistik usullardan foydalanishni ifodalash uchun ekonometrika atamasini, 1933-yilda esa mos ravishda individual va umumiy iqtisodiy tizimlarni ifodalash uchun mikroiqtisodiyot va makroiqtisodiyot atamalarini joriy etgan[2].
Frisch 1926-yilda Oslo universitetida matematika va statistika boʻyicha dissertatsiyasini himoya qilib, falsafa doktori ilmiy darajasini olgan. Doktorlik dissertatsiyasidan soʻng Frisch besh yil davomida AQShda Minnesota universiteti va Yale universitetida ilmiy tadqiqotlar olib borgan. 1930–1931-yillarda Yale universitetida qisqa muddat dars berganidan soʻng, unga iqtisodiyot boʻyicha professor lavozimi taklif qilingan. Biroq hamkasblarining Oslo universitetiga qaytish haqidagi bosimi tufayli Frisch bu taklifni rad etgan. Osloga qaytgach, 1931-yilda Frisch Qirol huzuridagi Kengash tomonidan Oslo universitetining Huquq fakultetiga (oʻsha paytda „Qirol Frederick universiteti“) iqtisodiyot va statistika boʻyicha professor etib tayinlangan. 1932-yilda Frisch Oslo universitetida yangi tashkil etilgan Iqtisodiyot institutiga rahbar etib tayinlangan[3]. Frisch 1965-yilda nafaqaga chiqqunga qadar Oslo universitetida qoldi.
Frisch 1930-yilda Ekonometrika jamiyatining asoschilaridan biri boʻlgan va jamiyatning „Econometrica“ jurnaliga dastlabki 21 yil davomida muharrirlik qilgan. Frisch Medali unining sharafiga nomlangan boʻlib, soʻnggi besh yil ichida chop etilgan ekonometrika boʻyicha eng yaxshi maqola uchun har yili Ekonometrika jamiyati tomonidan beriladi. Shuningdek, Oslo universitetidagi Amaliy iqtisodiy tahlil boʻyicha Frisch markazi ham uning nomi bilan atalgan[4][5]. Oslo universiteti qoshidagi Iqtisodiyot institutidagi katta auditoriya zali ham uning nomi bilan atalgan[6].
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ragnar Frisch 1895-yilning 3-martida Osloda zargar Anton Frisch va Ragna Fredrikke Frisch (qizlik familiyasi Kittilsen) oilasida tugʻilgan. Frischlar oilasi (Norveg oilalari) XVII asrda Germaniyadan Norvegiyadagi Kongsberg shahriga koʻchib kelgan va uning ajdodlari bir necha asrlar davomida Kongsberg kumush konlarida ishlagan. Ragnar Frischning bobosi Antonius Frisch 1856-yilda Christiania sharida zargar boʻlgan. Shu tariqa, uning oilasi kamida 300 yil davomida kumush, oltin va shunga oʻxshash qimmatbaho metallar bilan shugʻullanib kelgan[7][8] . Oilaviy kasbni davom ettirishi kutilgan Frisch Oslodagi David Andersen ustaxonasida zargarga shogird boʻlgan. Biroq onasining tavsiyasiga koʻra, Frisch shogirdlik bilan bir vaqtda Qirol Frederick universitetida (Oslo universiteti) ham tahsil olishni boshlagan. Frisch oʻz yoʻnalishi sifatida iqtisodiyotni tanlagan, chunki bu universitetdagi „eng qisqa va eng oson oʻqish“ deb hisoblangan. Ushbu universitetni 1919-yilda tugatib, iqtisodiyot boʻyicha bakalavr diplomini olgan[7]. 1920-yilda Frisch bir vaqtning oʻzida hunarmandchilik boʻyicha Norvegiyadagi malaka sinovlaridan ham oʻtgan, otasining ustaxonasiga ham yordam bergan.
Taʼlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1921-yilda Frisch universitetdan stipendiya olib, uch yil davomida Fransiya va Angliyada iqtisodiyot hamda matematikani oʻrgangan. Norvegiyaga qaytgach, 1923-yilda oilaviy biznes qiyinchiliklarga duch kelayotganiga qaramay, ilmiy faoliyatini davom ettirgan, chunki Frisch uchun haqiqiy yoʻl zargarlik emas, balki ilmiy tadqiqot edi[9]. Frisch ehtimollar nazariyasi mavzusi boʻyicha bir necha maqolalar chop etgan. 1925-yildan Oslo universitetida dars berishni boshlagan. 1926-yildan esa matematik statistika boʻyicha dissertatsiya himoya qilib, falsafa doktori ilmiy darajasini olgan.
1926-yilda Frisch iqtisodiyot va fizika kabi fanlar nazariy va empirik jihatdan miqdoriy asosga tayanishi kerak degan fikrdagi maqolasini chop ettirdi. Shu yilning oʻzida Frisch „Sur un problème d'économie pure“ nomli muhim maqolasini eʼlon qilib, maqolada oʻzining miqdoriy yondashuvini boshlab bergan. Ushbu maqolada tartibli va miqdoriy naflilik tushunchalarini aniq taʼriflangan hamda miqdoriy naflilikni empirik baholash masalalarini koʻrib chiqqan. Frisch, shuningdek, ishlab chiqarish nazariyasi boʻyicha maʼruza oʻqigan va bu sohada matematik usullarni qoʻllashni yoʻlga qoʻygan[10].
1927-yilda Frisch Rockefeller fondidan stipendiya olib, AQShga borgan. AQShda iqtisodiyotda yangi matematik va statistik yondashuvlarga qiziqqan boshqa iqtisodchilarni izlab, Irving Fisher, Wesley Clair Mitchell, Allyn Young va Henry Schultzlar bilan hamkorlik qilgan. Frisch investitsiyaning iqtisodiy tebranishlarga tas’iri haqida maqola yozgan. Endigina iqtisodiy siklllar haqida kitob yozgan Wesley Mitchell yangi ilgʻor usullarni joriy etgan Frischning maqolasini ommalashishiga yordam berdi[9].
Karyerasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Frischning stipendiyasi Italiya va Fransiyaga sayohat qilish uchun uzaytirilgan boʻlsa-da, keyingi yili Frisch otasining vafoti tufayli Norvegiyaga qaytishga majbur boʻldi. U bir yil davomida oilaviy aktivlarni sotish orqali oilaviy ustaxonasini modernizatsiya qildi va qayta kapitallashtirdi, shuningdek, biznesni boshqarish uchun yangi zargarni izlab topdi. Keyin Frisch akademik faoliyatini davom ettirdi va 1928-yilda Oslo universitetining statistika va iqtisodiyot boʻyicha dotsenti etib tayinlandi. 1927-1928-yillarda Frisch vaqt qatorlari statistikasi boʻyicha bir qator maqolalarni nashr ettirdi. 1929-yilda esa ekonometrik metodologiya boʻyicha „Statistik oʻzgaruvchilarda korrelyatsiya va sochilish“ nomli birinchi muhim inshosini nashr etdi, shundan soʻng oʻsha yili iqtisodiy tahlilga dinamikani kiritgan „Iqtisodiy nazariyada statika va dinamika“ asari nashr etildi[11][12].
Frisch 1931-yilda universitetning toʻliq professori sifatida ish boshladi. Shuningdek, u 1932-yilda universiteti qoshida Rockefeller fondi tomonidan moliyalashtirilgan Iqtisodiyot institutiga asos solgan va uning tadqiqot boʻyicha birinchi direktori boʻlgan. Ragnar Frisch 1961-yilda „Accademia Nazionale dei Lincei“ tomonidan Antonio Feltrinelli mukofoti hamda 1969-yilda Jan Tinbergen bilan birgalikda Iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofotini iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilish uchun dinamik modellarni ishlab chiqqani va qoʻllagani uchun oladi[13]. Frisch Amerika sanʼat va fanlar akademiyasi va „American Philosophical Society“ (Amerika falsafa jamiyati) aʼzosi ham boʻlgan[14][15]. Frisch Norvegiyaning fashistlar Germaniyasi tomonidan bosib olinishi paytida, 1943-yil oktyabr oyida Oslo universitetining 13 nafar professor oʻqituvchilari va 100 dan ortiq talabalari bilan birga hibsga olingan[16]. Frisch 1943-yil 17-oktyabrdan Bredtveit konslagerida, 1943-yil 22-noyabrdan Berg konslagerida, 1943-yil 9-dekabrdan 1944-yil 8-oktyabrgacha Grini qamoqxonasida hibsda boʻlgan[17].
Frisch iqtisodiyotning zamonaviy fan sifatida asoschilaridan biri boʻlgan. U iqtisodiyot sohasida bir qator muhim yutuqlarga erishdi va ekonometrika va makroiqtisodiyot kabi bir qator yangi tushunchalarni fanga kiritdi. Frischning 1926-yilda isteʼmolchilar nazariyasi boʻyicha yozgan maqolasi dastlabki „Neo-valrasian“ tadqiqotlarini tashkil etishga yordam berdi. Ayniqsa ishlab chiqarish jarayonlarida alohida ajratib boʻlmaydigan resurslar qoʻllanilganda yuzaga keladigan oʻzaro bogʻliqlikni, yaʼni jarayon ustidan toʻliq nazorat olib borib boʻlmasligini tushunishga yordam berdi[18]. Ekonometriyada Frisch vaqt qatorlari (1927-yil) va chiziqli regressiya tahlili (1934-yil) ustida ishlagan. Frederick V. Waugh bilan birgalikda mashhur Frisch–Waugh–Lovell teoremasini ishlab chiqdi. Oligopoliya nazariyasida konseptual variatsiya yondashuvini ishlab chiqdi. Frisch 1930-yilda Yale universitetida oʻqigan maʼruzasiga asoslanib, iqtisodiyotda „model“ atamasini hozirgi maʼnosida qoʻllagan olim sifatida tan olinadi. Bu fikrni Paul Samuelson ham oʻz maʼruzalarida taʼkidlab oʻtgan[19].
Uning 1933-yilda yozgan impuls-tarqalish modeli biznes sikllarini tushuntirishga xizmat qilgan soʻngra klassik iqtisodiyotda biznes sikli nazariyasining asosiy gʻoyalaridan biriga aylangan. Shu bilan bir qatorda, Frisch davlatning iqtisodiy rejalashtirishida va buxgalteriya hisobida ekonometrik modellarni qoʻllashni yoʻlga qoʻyishga hissa qoʻshgan. Frisch „Ekonometrika jamiyati“ asoschilaridan biri va yigirma yildan ortiq vaqt davomida „Econometrica“ jurnalining muharriri boʻlgan. Uning sharafiga nomlangan Frisch medali har ikki yilda bir marta oldingi besh yil ichida yuqorida tilga olingan „Econometrica“ jurnalida chop etilgan eng yaxshi maqola uchun beriladi. Frischning eng sevimli mashgʻuloti asalarichilik boʻlgan va shu sohada genetik tadqiqotlar olib borgan[20].
Oilasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Frisch 1920-yilda Marie Smedalga turmushga chiqdi va ularning Ragna ismli qizi boʻlgan[21]. Uning nabirasi Nadia Hasnaoui (Ragnaning farzandi) Norvegiyalik teleboshlovchi boʻlib yetishdi. 1952-yilda birinchi xotini vafot etganidan soʻng, Frisch 1953-yilda bolalikdagi doʻsti Astrid Johannessen bilan qayta turmush qurdi[7]. Astrid Johannessen 1980-yilda vafot etadi.
Tanlangan asarlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Frisch, Ragnar (1926). "Kvantitativ formulering av den teoretiske økonomikks lover [Quantitative formulation of the laws of economic theory]". Statsøkonomisk Tidsskrift 40: 299–334.
- Frisch, Ragnar (1926). "Sur un problème d'économie pure [On a problem in pure economics]". Norsk Matematisk Forenings Skrifter, Oslo 1 (16): 1–40.
- Frisch, Ragnar (1927). "Sammenhengen mellem primærinvestering og reinvestering [The relationship between primary investment and reinvestment]". Statsøkonomisk Tidsskrift 41: 117–152.
- Frisch, Ragnar (1929). "Correlation and scatter in statistical variables". Nordic Statistical Journal 1: 36–102.
- Frisch, Ragnar (1929). "Statikk og dynamikk i den økonomiske teori [Statics and dynamics in economic theory]". Nationaløkonomisk Tidsskrift 67: 321–379.
- Frisch, Ragnar (1933). "Propagation problems and impulse problems in dynamic economics". Economic Essays in Honour of Gustav Cassel: 171–205.
- Frisch, Ragnar (1933). Pitfalls in the Statistical Construction of Demand and Supply Curves. Leipzig: Hans Buske[22].
Frischning 1960-yilgacha boʻlgan asarlarining bibliografiyasi
- Arrow, Kenneth J. (1960). "The Work of Ragnar Frisch, Econometrician". Econometrica 28 (2): 175–192. doi:10.2307/1907716. https://archive.org/details/sim_econometrica_1960-04_28_2/page/174.
Tanlangan insholar toʻplami
- Foundations of Modern Econometrics: The Selected Essays of Ragnar Frisch, 2 volumes, Aldershot, UK: Edward Elgar, 1995.
Qoʻshimcha adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Ragnar Frisch and his Contributions to Economics“, Econometrics and Economic Theory in the 20th Century. New York: Cambridge University Press, 1998 — 3–108-bet. ISBN 978-0521633659.
- Henderson, David R., ed (2008). "Ragnar Frisch (1895–1973)". The Concise Encyclopedia of Economics. Library of Economics and Liberty (ikkinchi nashri). Liberty Fund. p. 535. ISBN 978-0865976665. http://www.econlib.org/library/Enc/bios/Frisch.html.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Ragnar Frisch on Econometree“.
- ↑ „The Sveriges Riksbank Prize in Economic Sciences in Memory of Alfred Nobel 1969“ (en-US). NobelPrize.org. Qaraldi: 2021-yil 11-noyabr.
- ↑ „The Sveriges Riksbank Prize in Economic Sciences in Memory of Alfred Nobel 1969“ (en-US). NobelPrize.org. Qaraldi: 2021-yil 11-noyabr.
- ↑ Gaustadalleen 21, Kontakt Adresse „Om Frischsenteret – Frischsenteret“ (no). www.frisch.uio.no. 2021-yil 11-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 11-noyabr.
- ↑ „Awards | The Econometric Society“ (en). www.econometricsociety.org. Qaraldi: 2021-yil 11-noyabr.
- ↑ Pileberg, Silje „Jublileum for Ragnar Frisch og Trygve Haavelmo: Dei valde korte, lette studium og fekk Nobelprisen begge to“ (nb). Forskning.no – Norges største nettavis om forskning (2019-yil 20-dekabr). Qaraldi: 2026-yil 3-mart.
- 1 2 3 Frisch, Ragnar „Autobiography“, . Nobel Lectures, Economics 1969–1980. Singapore: World Scientific Publishing Co., 1992. Qaraldi: 2006-yil 20-noyabr.
- ↑ Huhnhäuser, Alfred. Die deutsche Einwanderung in Kongsberg, Beiträge zur Geschichte des Deutschtums in Norwegen, Oslo, 1944.
- 1 2 Olav Bjerkholt (2000), „A turning point in the development of Norwegian economics — the establishment of the University Institute of Economics in 1932“. Memorandum No 36/2000, University of Oslo
- ↑ "Quantitative formulation of the laws of economic theory" (see Selected Publications)
- ↑ J.W. (1931). "Frisch (Ragnar): Correlation and Scatter in Statistical Variables". Journal of the Royal Statistical Society 94 (1): 95–98. doi:10.2307/2341822.
- ↑ See Selected Publications
- ↑ „The Sveriges Riksbank Prize in Economic Sciences in Memory of Alfred Nobel 1969“.
- ↑ „Ragnar Anton Kittil Frisch“ (en). American Academy of Arts & Sciences. Qaraldi: 2022-yil 31-avgust.
- ↑ „APS Member History“. search.amphilsoc.org. Qaraldi: 2022-yil 31-avgust.
- ↑ "Arrest of Professor Frisch". Econometrica 12 (1): 93. 1944. ISSN 0012-9682. https://www.jstor.org/stable/1905570.
- ↑ Nordmenn i fangenskap 1940–1945, 2nd (no) Ottosen, Kristian: , Oslo: Universitetsforlaget, 2004 — 226-bet. ISBN 978-8215002880.
- ↑ Frisch, Ragnar. Theory of Production. Chicago, IL: Rand McNally and Company, 1965.
- ↑ Bjerkholt, Olav (September 2014). "Ragnar Frisch and the Postwar Norwegian Economy: A Critical Comment on Sæther and Eriksen". Econ Journal Watch 11 (3): 297–312. http://econjwatch.org/file_download/837/CompleteIssueSept2014.pdf. Qaraldi: November 8, 2014.Ragnar Frisch]]
- ↑ „Ragnar Frisch:Facts“. nobelprize.org. Qaraldi: 2024-yil 21-mart.
- ↑ Bjerkholt, Olav „Ragnar Frisch 1895–1995“. Statistics Norway Research Department.
- ↑ Allen, R.G.D. (1934). "Review of Pitfalls in the Statistical Construction of Demand and Supply Curves". Economica 1 (3): 342–344. doi:10.2307/2548809. ISSN 0013-0427. https://www.jstor.org/stable/2548809.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Vikiiqtibosda Ragnar Frischga tegishli iqtiboslar mavjud. |