Radioaktiv minerallar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Radioaktiv Minerallardan yoʻnaltirildi)

Radioaktiv minerallar — tarkibida tabiiy radioaktiv elementlar Yer poʻstidagi oʻrtacha miqdordan koʻproq boʻlgan minerallar. Tarkibida uran, toriy yoki shu ikkala element boʻlgan 250 ga yaqin Radioaktiv minerallar maʼlum. Ular tarkibida asosiy komponent sifatida uranli minerallar yoki toriyli minerallar mavjud boʻlgan Radioaktiv minerallar hamda radioaktiv elementlar izomorf aralashma (uran va toriy tarkibli minerallar) holida boʻlgan Radioaktiv minerallarga boʻlinadi.

Uranli minerallar 2 guruhga boʻlinadi. Biri uran oksidi — uraninit UO2 va uning silikati — koffinit U(SiO4)]x(OH)4xfl aH iborat. Nasturan (uraninitning turi) va koffinit gidrotermal va ekzogen uran konlaridagi sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan asosiy minerallardir. Uraninit minerali pegmatit va albitlarda ham uchraydi. Uranning kukunsimon oksidlari va gidrooksidlari turli uran konlarining oksidlanish zonalarida toʻplamlar hosil qiladi (qarang Uran rudalari). Pegmatitlarda, shuningdek ayrim gidrotermal konlarda uran titanatlari (Mas, brannerit va boshqalar) boʻlishi aniqlangan. Ikkinchi guruhi tarkibida U+6 boʻlgan minerallarni oʻz ichiga oladi. Bular gidrooksidlar (bekkerelit, kyurit, uranofan, kazolit), fosfat lar (otenit, torbernit), arsenatlar (seynerit) vanadatlar (karnotit), molibdatlar (iriginit), sulfatlar (uranopilit), karbonatlar (uranotalit)dan iborat boʻlib, ularning hammasi uran konlarining oksidlanish zonasida tarqalgan.

Toriyli minerallar — toriy oksidi (torianit) va toriy silikati (torit) tabiatda kam tarqalgan. Ular granit, siyenit va pegmatitlarda aksessor minerallar sifatida uchraydi.

Uran va toriy tarkibli minerallari — titanatlar (davidit), titanotantalniobatlar (samarskit, kolumbit, piroxlor), fosfatlar (monatsit), silikatlar (sirkon) — otqindi va choʻkindi togʻ jinslarida koʻplab tarqalgan boʻlib, ularning tabiiy radioaktivligiga sababchidir. Radioaktiv minerallarning koʻpchiligi metamikt holatda boʻladi. Avtoradiogrammalar hosil qilish Radioaktiv minerallarga xos xususiyatdir. Radioaktiv minerallarda barqaror izotoplarning boʻlishi ulardan geologik hosilalarning mutlaq geologik yoi/ini aniqlashda foydalanishga imkon beradi (qarang Geoxronologiya).[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil