Qutbiy oʻlkalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qutb oʻlkalaridan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Qutbiy oʻlkalar, qutb oʻlkalari — Yer sharining Shim. va Jan. qutblari atrofidagi qattiq tabiatli sovuq oʻlkalar. Eng iliq oyning oʻrtacha temperaturasi 5° boʻlgan izotermalar oʻtgan joylar Q.oʻ. chegarasi hisoblanadi. Yillik radiatsiya balansi 1 sm2ga 1 kkal. Yil davomida arktika va antarktika havosi hukmron. Quyosh nurining kam tushganligidan iqlim sovuq. Qish oylarida oʻrtacha temperatura shimoliy Q.oʻ.da —40° gacha, janubiy Q.oʻ.da —60°, —70° ga yetadi, yoz oylarida shim.da 0—5° va jan.da —20°, —30°. Yer sharining sovuqlik qutbi ham shu oʻlkada — Sharqiy Antarktidada boʻlib, havo temperaturasi —89,2° kuzatilgan. Yogʻin kam, asosan, qor yogʻadi. Yillik yogʻin shimoliy Q.oʻ.da 150–400 mm, jan.da 100–200 mm. Yer yuzasining katta qismi muz bilan qoplangan. Qor va muzdan holi joylarda ham tuproq qatlami deyarli yoʻq. Oʻsimliklardan yoʻsin va toshlarga yopishgan lishaynik uchraydi. Dengiz hayvonlaridan morj, tyulen, baliqlar, qisqichbaqa bor. Yozda "qushlar bozori" boʻladi. Yirik hayvonlardan oq ayiq, qutb tulkisi, Antarktidada pingvin bor (yana q. Geografik qutblar).