Qutayba Ibn Muslim Albohiliy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Qutayba Ibn Muslim Albohiliy, Abu Hafs (660—715, Andijon viloyati Jalolquduq tumani, Kox qishlogʻi) — Umaviylarning Xurosondagi noibi (705—715), Movarounnahrni bosib olgan arab sarkardasi. Q. ibn M. qays (qaysit) nomli shim. arab qabilasiga mansub boʻlgan. Hajjoj ibn Yusuf tomonidan Xuroson amiri (noibi) qilib tayinlangach (705), dastlab Xuroson va Toxaristonni toʻla ravishda arablarga boʻysundirdi. Soʻngra u 706—715 yillar orasida Movarounnahrning katta qismini (Romitan va Poykendni, 707; Varaxsha, Vardona va Buxoroni, 709; Shuman, Kesh va Nasafni, 710; Xorazm va Samarqandni, 712; Shosh, Fargʻona va Qoshgʻarni, 713—715 yillarda) arab xalifaligiga tobe etgan. Q. ibn M. qoʻshiniga Buxoro va Samarqanddagi sugʻdiylar va turkiylar, xususan, Vardona mulkining hukmdori Vardonxudot qattiq qarshilik koʻrsatgan.

Q. ibn M. tomonidan mahalliy aholini islom diniga kiritish dastlab qattiq qarshilikka uchragan. Mas, u toʻrtinchi marta jang qilib Buxoroni olgach, arablar buxoroliklar bilan birga turib, ularning xatti-harakatlaridan xabardor boʻlib tursalar buxoroliklar zaruratdan musulmon boʻladi degan maqsadda Buxoro aholisiga oʻz uylarining yarmini arablarga berishga undab buyruq chiqardi. Q. ibn M. shu yoʻl bilan Buxoro va boshqa shaharlarda musulmonchilikni oʻrnatdi. U Movarounnahrda dastlabki Jomeʼ masjidini Buxoroda qurdirdi (712—713). Q. ibn M. boshqa shaharlarda ham masjidlar qurdirib, zardushtiylik va buddaviylikka qarshi ayovsiz kurashdi.

Beruniynning "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" asarida keltirilishicha, "Qutayba Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini oʻrgangan va bilimini boshqalarga oʻrgatadigan kishilarni halok etib, butkul yoʻq qilib yuborgan edi. Shuning uchun u (xabar va rivoyatlar) islom davridan keyin haqiqatni bilib boʻlmaydigan darajada yashirin qoldi".

Q. ibn M.ning yangi xalifa Sulaymon (hukmronlik davri: 715—717)ga boʻysunmasligi, Movarounnahrdagi arab qoʻshinlari oʻrtasida unga nisbatan norozilik paydo boʻlishi va isyon koʻtarilishiga olib keldi. Arablarning shaybon qabilasiga mansub Hayyon anNabatiy (uning 7 ming kishilik qoʻshini boʻlgan) va tamim (tamimiy) qabilasi vakili Vaqi ibn Abu Sud boshchiligidagi isyonchilar Q. ibn M.ning chodiriga bostirib kirib, u bilan birgalikda Abdurrahmon, Abdulloh, Solih, Husayn, Abdulkarim nomli ukalarini, oʻgʻli Kasir ibn Qutayba va jiyanlarini (jami 11 erkakni) oʻldirishgan. Q. ibn M. Kox qishlogʻidagi Raboti Sarxang (hozirgi Mozorbuva) qabristonida dafn etilgan. Uning shaxsi ilk oʻrta asrlardan boshlab Movarounnahrda islom ulamolari tomonidan muqaddaslashtirilgan.

Adabiyot[tahrir]

  • Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966; Beruniy, Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar, t. 1, T., 1968; Istoriya at-Tabari, T., 1987.

Qahramon Rajabov.