Quroq

Quroq – bu tikuvchilik sanʼatining bir turi boʻlib, unda turli xil mato parchalari bir butun yirik naqshga birlashtirib tikiladi. Yirik dizayn odatda bir necha marotaba takrorlanuvchi naqshlar asosida quriladi va ular turli rangdagi mato shakllaridan tashkil topadi. Bu shakllar aniqlik bilan oʻlchanib va kesilib tayyorlanadi; odatda ular geometrik shakllar boʻlganligi uchun bir-biriga osongina tikiladi.


Foydalanilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Quroq asosan koʻrpa va yostiq tayyorlashda qoʻllaniladi, shu bilan birga gilamlar, sumkalar, devorga osiladigan bezaklar, iliq qishki kiyimlar, yostiq jildlari, yubkalar, kamzul (jilet) va boshqa turdagi kiyimlar tayyorlashda ham ishlatiladi. Baʼzi toʻqimachilik rassomlari quroq bilan ishlaydi, koʻpincha uni kashtachilik bilan uygʻunlashtirishadi.
Agar quroq koʻrpa va yostiq tayyorlashda ishlatilsa, ushbu yirik quroq yoki tikilgan dizayn uch qatlamli koʻrpaning „yuqori“ qismini tashkil etadi. Oʻrtadagi qatlam „toʻldiruvchi qatlam“, pastki qatlam esa „taglik mato“ (backing) hisoblanadi. Toʻldiruvchi qatlam siljib ketmasligi uchun quroq koʻrpa odatda qoʻl bilan yoki tikuv mashinasi yordamida maxsus „yugurtirib oʻtish“ usulida tikiladi. Bu bichimlar quroqdagi alohida shakllarni ajratib koʻrsatish uchun tikiladi yoki butun yuzani qamrab olgan tartibli yoki tasodifiy naqshlar boʻladi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Quroq – yaʼni kichik mato boʻlaklarini birlashtirib katta tuzilma hosil qilish, hamda mato qatlamlarini kavsharlab tikish – qadimiy davrlardan beri qoʻllanilgan. Qadimgi misrliklar quroqni kiyimlar, devor bezaklari, parda va mebellarda ishlatganlar[1]. Bu haqdagi eng qadimiy tasvirlar 5500 yil avvalgi davrga – miloddan avvalgi 3400-yillarga taalluqlidir[2].
Xitoy qurogʻi haqidagi rivoyatlarga koʻra, bu uslub Liu Song sulolasi hukmdori Liu Yu davrida boshlangan[3]. Saqlanib qolgan eng qadimiy namunalar ilk oʻrta asrlar davriga taalluqlidir[2]. Oʻsha davrda quroq qatlamlari zirh tayyorlashda ham ishlatilgan – bu usul askarlarni sovuqdan himoya qilgan va ularni jangda saqlagan. Yaponiyada ham baʼzi harbiy zirhlar xuddi shunday tikilgan[4].
Ushbu texnika yordamida tayyorlangan koʻrpalar XI-XIII asrlardagi turar joylarda keng tarqala boshlagan[5]. Yevropada iqlim sovib borishi bilan yotoq uchun koʻrpalar kengroq tarqaldi, bu esa oddiy matolarga naqsh va bezaklar kiritish orqali ularni chiroyli koʻrinishga keltirish anʼanasini yuzaga keltirdi. Ushbu koʻrpa tayyorlash uslubi Amerikaga Pilgrimlar tomonidan olib kirilgan[6].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ The Beginnings of Quilting and Patchwork in Antiquity - Two Articles on the History of the Craft. Read Books Ltd, 2016. ISBN 9781473355132.
- ↑ 2,0 2,1 „Quilt History“. All About Quilts. Qaraldi: 2019-yil 13-mart.
- ↑ Aqiusha „百家衣的由來 (Origin of Baijia yi)“ (2014-yil 3-aprel). 2015-yil 18-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 11-fevral.
- ↑ „Asian Art Museum | Conservation of Japanese Armor“. www.asianart.org (2012-yil 20-fevral). Qaraldi: 2020-yil 6-yanvar.
- ↑ „Connecting Cultures Mobile Museum - Collection - US Hawaiian Quilt: "'Ulu" Design“ (en-US). www.connectingcultures.us. 2020-yil 6-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 12-iyul.
- ↑ Helen Page, The History of Patchwork and Quilting, 1999.
Foydalanilgan adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Zaman, Niaz. The Art of Kantha Embroidery, Second Revised, Dhaka: University Press, 1993. ISBN 978-984-05-1228-7.
- Schnuppe von Gwinner (1988), The History of the Patchwork Quilt, ISBN 0-88740-136-8
- Eleanor Levie (2004), American Quiltmaking 1970–2000, ISBN 1-57432-843-3
- Celia Eddy (2005), Quilted Planet, ISBN 1-84533-009-9