Qurbonjon dodxoh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qurmonjon Mamatqizidan yoʻnaltirildi)
Qurbonjon dodxoh
Tavalludi 22-may 1811
Vafoti 1-fevral 1907
Fuqaroligi Qoʻqon xonligi va Rossiya Imperiyasi
Bolalari Abdullabek, Mahmudbek, Hasanbek, Botirbek va Qamchibek
Otasi Mamatboy

Qurbonjon dodxoh, Qurmonjon Mamatqizi, Olay malikasi (1811 — Oʻsh yaqinidagi Modi qishlogʻi — 1907.1.2) — chor Rossiyasi mustamlakachiligiga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolon rahbari. Qoʻqon xonligi vaziri Olimbek dodxoh Hasanboy oʻgʻli (18001863)ning rafiqasi.

Qoʻqon xonining harbiy sarkardasi Qashqardan qaytishda unga uylangach (1832), Qurbonjon dodxohni xon saroyiga olib kelib, Nodirabegimga tanishtiradi (1833). Nodirabegim va Uvaysiy kabi oʻzbek shoiralari taʼsirida Qurbonjon dodxohning dunyoqarashi shakllanadi. Qurbonjon dodxoh 5 oʻgʻil va 2 qizning onasi boʻlgan. Olimbek dodxoh hokimiyat uchun kurashlarda saroy fitnasi natijasida oʻldirilgach (1863), Qurbonjon dodxoh eri oʻrniga maʼlum muddat Andijon hokimi boʻlgan. Soʻngra farzandlarini olib, oʻz ovuliga joʻnab ketgan. U Olay malikasi sifatida nom chiqargan. Buxoro amiri Muzaffarxon jasur va dovyurakligi bois Qurbonjonga dodxoh unvonini bergan. Amir yordamida Qoʻqon taxtini qayta egallagan Xudoyorxon Qurbonjon dodxohni Olay vohasining hokimi qilib tayinlaydi (1865). Uning katta oʻgʻli Abdullabek esa Oʻsh hokimi qilib tayinlangan. Qurbonjon dodxoh bilan Qashqardagi Yettishahar uygʻur davlati hukmdori Yoqubbek oʻrtasida yaxshi munosabatlar oʻrnatilgan.

Qoʻqonda xon zulmi va chor Rossiyasi mustamlakachiligiga qarshi koʻtarilgan "Poʻlatxon" qoʻzgʻolonida Qurbonjon dodxoh va uning farzandlari — Abdullabek, Mahmudbek, Hasanbek, Botirbek va Qamchibek ham qatnashgan. "Poʻlatxon" qoʻzgʻoloni bostirilgandan keyin Olay vohasidagi aholi Qurbonjon dodxoh boshchiligida kurashni davom ettirishadi (qarangQurbonjon dodxoh qoʻzgʻoloni).

Qoʻzgʻolon bostirilgach (1876), Turkiston general-gubernatori K.P. Kaufman tomonidan Qurbonjon dodxoh avf qilinadi. Olay vohasidagi ichki boshqaruvda Qurbonjon dodxoh oʻz mustaqilligini saqlab qolgan. Olay malikasining dovrugʻi hatto Sankt-Peterburgdagi imperator saroyigacha yetib borgan.

Qurbonjon dodxoh Olay vohasida, soʻngra Oʻsh yaqinidagi qishlogʻida umrining oxirigacha yashagan. Qurbonjon dodxoh haqida Fargʻona vodiysi aholisi oʻrtasida koʻplab qoʻshiqlar va rivoyatlar toʻqilgan. Modi qishlogʻida uy-muzeyi mavjud. Fargʻona va Oʻshda koʻchalar, maktablar uning nomiga qoʻyilgan.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Oʻzbekistonning yangi tarixi. 1-kitob [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida), T., 2000; Chorategin T., Omurbekov T., Qirgʻiziston tarixi (XIX asr boshi — 1917-yil), Jalolobod, 2000.