Quloq shangʻillashi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Quloq shangʻillashi — tashqi tovush taʼsirisiz quloqda shovqin sezilishi. Sogʻlom kishilarda baʼzan shovqinsiz tinch sharoitda ham Quloq shangʻillashi (fiziologik shangʻillash) kuzatiladi, bu ichki quloqning mayda tomirlarida qon harakatlanishining sezilishi natijasida sodir boʻladi. Oʻrta yoki ichki quloq yoxud eshituv nervi kasallanganda, simob, qoʻrgʻoshin, mishyak kabi baʼzi dori moddalardan zaharlanganda, gipertoniya, gipotoniya va boshqa kasalliklarda patologik Quloq shangʻillashi roʻy beradi. Qon bosimi oʻzgarganda, ruhiy iztirob, jismonan zoʻri-qish, toliqish va boshqalarda Quloq shangʻillashi kuchayishi mumkin. Baʼzan homiladorlik, klimakteriya davrida ham vaqtincha quloq shangʻillaydi. Quloq shangʻillaganda darhol vrachga uchrashish lozim, chunki u quloq va yuraktomir sistemasi kasalliklarining dastlabki belgisi boʻlishi ham mumkin. Homiladorlarda Quloq shangʻillashi roʻy bersa, albatta, ayollar konsultatsiyasiga koʻrinish lozim; bu davrda Quloq shangʻillashi homilador ayol qon bosimining keskin oʻzgaruvchanligi (beqarorligi) va homiladorlik toksikozi sababli boʻlishi mumkin (qarang Homiladorlik toksikozlari).

Baʼzan tashqi ozorlar — quloqni qattiq tozalashda ham shangʻillash kuzatiladi.