Qosim Shayx majmuasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qosim Shayx majmuasi

Qosim Shayx majmuasining kirish qismidan koʻrinishi, old tomonda Abdulahadxon daxmasi, orqaroqda Qosim Shayx xonaqohining peshtoqi va gumbazi koʻrinib turibdi
Joylashuvi Karmana Oʻzbekiston
Turi masjid, ziyoratgoh, daxma
Arxitektura uslubi Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi
Meʼmor Abdurahim Gʻozgʻoniy (meʼmorlardan biri)
Asoschi Abdullaxon II
Asosiy sanalar 1558, 1911
Qurilish boshlanishi 1558
Qurilish yakunlanishi 1911
Binolar Qosim Shayx xonaqohi (1558) • Qosim Shayx daxmasi • Abdulahadxon daxmasi (1911)
Mashhur kishilari Qosim Shayx
Abdulahadxon
Holati davlat himoyasida
Qurilish materiali pishgan gʻisht
Map
Qosim Shayx majmuasi xaritada
Qosim Shayx majmuasi Vikiomborda
Qosim Shayx majmuasi. 1887-yil
Qosim Shayx majmuasi xaritasi:
1. Qosim Shayx daxmasi
2. Qosim Shayx xonaqohi
3. Abdulahadxon daxmasi
4. Saqlanib qolgan hujra
5. Saqlanmagan hujralarning poydevorlari
6. Masjid tahoratxonasi
7. Masjid mullalarining xos xonalari
8. Ekin maydonlari
9. Hovuz

Qosim Shayx majmuasi (XVI—XX asrlar) — Oʻzbekistonning Navoiy viloyati, Karmana shaharchasida joylashgan meʼmoriy majmua. Ushbu majmua tarkibiga Qosim Shayx xonaqohi (1558-yilda qurilgan), Qosim Shayx daxmasi, Abdulahadxon daxmasi (1911-yilda qurilgan) kabi meʼmoriy obidalar kiradi. Qosim Shayx majmuasi va u yerdagi aksar obidalar Karmanada XV asrda yashab oʻtgan Qosim Shayx Azizon sharafiga nomlangan.

Majmua hududidagi obidalar 2000—2001-yillarda taʼmirlangan[1].

Qosim Shayx xonaqohi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qosim Shayx xonaqohi (Qosim shayx Azizon xonaqohi) — 1558-yilda Buxoro xoni Abdullaxon II tomonidan Karmanada qurdirilgan meʼmoriy obida. Bu xonaqohda Qosim Shayx karmanaliklarda taʼlim bergan[2].

Tarixchilar tomonidan xonaqoh 15—20 yillar ichida qurilgani taxmin qilinadi. Xonaqoh uch tomonining (shimoliy, janubiy va gʻarbiy tomonlari) kungurador, peshtoqli koʻrinishda tiklangan. Xonaqohning boʻyi ham, eni ham 25 m oʻlchamda. Uning ichki qismida jami 6 ta xona va oʻrtada katta namozxona mavjud, kunbotar tomonda mehrob oʻrnatilgan. Binoning toʻrttala tomonida taxminan 6x6 m oʻnburchakli hujralar bor. Sharq tomonda 6x4 m hajmli chillaxona mavjud. Har bir xonaning tepasi gʻishtin gumbazlar bilan qoplangan. Xonaqohning ichki qismi ganchkor naqshlar bilan bezatilgan. Bino ichi 5 ta gumbaz bilan qoplangan. Markaziy gumbazning yerdan balandligi 12 m, uning 4 tomonida yerdan balandligi 8 m boʻlgan 4 ta gumbaz mavjud. Xonaqoh devorlarining qalinligi 80 sm ni tashkil etadi[2].

Xonaqoh tashqi koʻrinishida minora shaklidagi baland gumbaz alohida ajralib turadi. Gumbaz bino tomidan taxminan 9 m balandroq. Gumbaz devorlari orasida havo yoʻllari qoldirilgan boʻlib, ular kunning issiq va sovuq kunlarida xona ichida moʻtadil haroratni saqlash uchun xizmat qilgan. Gumbazning tashqi tomon tepa qismi moviyrang gʻishtchalar bilan qoplangan. Undan pastki qismda kufiy uslubda Qurʼon oyatlaridan namunalar yozilgan[2].

Qosim Shayx daxmasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qosim Shayx Azizon 1580 yoki 1581-yilda, taxminan 80–81 yoshda oʻzi tugʻilgan Marjonxotin qishlogʻida vafot etgan. Qosim Shayxning jasadi oʻzining vasiyatiga muvofiq oʻz xonaqohining sharqiy tomoniga qoʻyilgan[3].

Qosim Shayx vafotidan soʻng Qosim Shayx xonaqohining sharqiy tomoniga 2,5 m balandlikda pishiq gʻisht (Abdullaxon gʻishti) terilib, uning oʻrtasida Qosim Shayx qabri uchun sagʻana qurilgan. Sagʻana 9x10 m ni tashkil etadi. Bu yerga keluvchi ziyoratchilar uchun 8x15 m oʻlchamda oldi ayvonli 3 ta xona qurilgan[3].

Shoʻrolar davrida qarovsizlik oqibarida qabr atrofi tikanzorga aylangan, marmar toshlari olib ketilgan[3].

Abdulahadxon daxmasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1911-yilda Buxoro amiri Abdulahadxon Karmana yaqinidagi saroyida vafot etadi. Uning oʻgʻli Olimxon otasini Qosim Shayx xonaqohining janubi-gʻarbiy tomoniga koʻmdiradi va qabr atrofida daxma qurdiradi.

Majmua tarkibidagi boshqa inshootlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qosim Shayx majmuasining janubiy tomonida — xonaqohdan 35 m narida 4x17 m hajmda oshxonalar boʻlgan. Bugungi kunda ulardan 4x4 m hajmli bitta xona saqlanib qolgan[4].

2019-yilda majmuaning shimol tomonidagi maʼmuriy binolarning old qismiga sharqiy uslubda naqshinkor, keng, yogʻoch ayvon qurilgan[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Zaripov, Shernazar 2021, s. 57.
  2. 2,0 2,1 2,2 Zaripov, Shernazar 2021, s. 71.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 Zaripov, Shernazar 2021, s. 83.
  4. Zaripov, Shernazar 2021, s. 71—72.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]