Qorin parda

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qorin parda (lotin tilida peritoneum) — har tomonlama berk seroz qopcha hisoblanib, ikki varaqdan iborat boʻladi. Ular quyidagilar[1]:

  • Parietal varaq - qorin boʻshligʻi devorlariga yopishib turuvchi qismi. Bu varaq lotin tilida peritoneum parietali deb nomlanadi.
  • Vistseral varaq - qorin boʻshligʻi aʻzolarini oʻrab, ularning eng tashqi seroz pardasini hosil qiluvchi qismi boʻladi. Bu varaq lotin tilida peritoneum viscerale deb ataladi.

Bu ikki varaqning orasida “cavum peritonei” deya ataluvchi yoriq shaklidagi boʻshliq mavjud. Aynan shu “cavum peritonei” ayollarda bachadon naylari orqali tashqi muhit bilan oʻzaro aloqada boʻladi.

Vistseral varaq[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qorin boʻshligʻida oz miqdorda boʻlsa ham suyuqlik bor va u lotin tilida “liquor peritonei” deyiladi. Qorin parda ichidagi suyuqlik aʻzolarning oʻzaro ishqalanishini yengillashtirib beradi. Qorin pardaning perietal varagʻi uzluksiz holda qorin boʻshligʻining old va yon devorlariga yopishib turadi. Soʻngra diafragmaning pastki yuzasiga va qorin boʻshligʻining orqa tomondagi devoriga oʻtadi. Bu yerda ichki aʻzolarga duch kelib, ularni oʻrab, vistseral qorin pardani hosil qiladi.

Parietal qorin[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qorin devorlari va qorin parda orasida qoʻshuvchi toʻqima qavati bor. Unda oz mqdorda yoki koʻp miqdorda yogʻ toʻqimasi mavjud va bu lotin tilida “tela subserosa” deb aytiladi. Parietal qorin parda qorinning oldi devorining pastki qismida beshta burma hosil qiladi. Bu burmalar kindikka oʻralgan boʻladi. oʻrtada joylashgan toq burmalar (lotincha plicae umbilicalis) mediana va ikkita juft burmalar (lotincha plicae umblicalis medialis, plicae umblicalis laterales) hisoblanadi. Bu sanab oʻtilgan burmalar chov boylamidan yuqorida chap va oʻng tomonda ikkitadan chov chuqurchalari “fossae inguinalis”ni chegaralaydi. Chov boylamining medial qismi ostida “fossa femoralis” boʻlib, son kanalining ichki halqasiga toʻgʻri keladi. Kindikdan yuqorida esa old devor va diafragmadan jigarning diafragmal yuzasiga oʻtadi va ligamentum falciforme hepatisni hosil qilib, uning old qismida ligamentum teres hepatis bitib ketgan kindik venasi joylashadi.[2]Qorin parda oʻroqsimon boylamning orqa tomonida diafragmadan jigarning diafragmal yuzasiga oʻtib, jigarning tojsimon boylami ligamentum(keyingi oʻrinlarda lig.) coronarium hepatisni hosil qiladi. Jigarning tojsimon boylami jigarning chap va oʻng chetlarida uchburchaksimon boylamlar “ligamentum triangulare dextrum et sinistrum”ni hosil qiladi. Jigarning diafragmal yuzasidan uning oldingi oʻtkir qirrasi orqali vistseral yuzasiga oʻtib, u yerdan boshqa aʻzolarga: oʻng boʻlakdan oʻng buyrakning yuqori uchiga oʻtib ligamentum hepatorenale, jigar darvozasidan oshqozonning kichik egriligiga tortilib ligamentum hepatoduodenale-ni hosil qiladi. Bu oxirgi ikki boylam ikki varaq qorin pardadan iborat boʻlib, kichik charvi omentum minus deb ham atalib, bu kichik varaq vistseral qorin parda orasida qon tomir, limfa tomir, limfatik tugun va nervlar joylashadi. Oshqozonning old va orqa yuzasidan oʻrovchi bu ikki varaq uning katta egriligida yana uchrashadi va koʻndalang chambar ichakning, ingichka ichakning old yuzasidan pastga yoʻnalib, katta omentum majus ning old plastinkasini hosil qiladi. Bu plastinka har xil holda pastga tushib va yana oʻrqaga buklanadi va yuqoriga koʻtarilib, katta charvining orqa plastinkasini hosil qiladi. Shunday qilib, katta charvi toʻrt varaq qorin pardadan iborat boʻladi. Katta charvining orqa plastinkasi koʻndalang chambar ichak va uning tutqichiga yopishadi va u bilan birga oshqozon osti bezining old qirrasiga boradi: u yerdan qorin parda varaqlari ikkiga ajraladi. Ulardan biri yuqoriga diafragmaga yoʻnaladi. Boshqasi esa pastga yoʻnalib, oshqozon osti bezining pastki yuzasidan colon transversum tutqichiga oʻtib ketadi. Agar qorinning old devoridagi parietal qorin pardaning yoʻlini yuqoriga emas, balki koʻndalang yoʻnalishda koʻrsak, unda qorin parda old devordan qorinning yon devoriga, undan orqa devorga oʻtib, oʻngdan koʻrichak va chuvalchangsimon oʻsimtaning har tomondan oʻrab, oxirgi tuzulma uchun meso appendixni hosil qiladi. Qorin parda colon ascendens old va ikki yonidan oʻraydi.


Soʻngra oʻng buyrakning pastki qismi old yuzasini oʻrab, medial yoʻnalishda psoas major va siydik yoʻlining old yuzasidan oʻtib, ingichka ichak tutqichi ildizi radix mesemterii oldida ichak tutqichning oʻng varagʻiga buralib oʻtadi. Ingichka ichakni har tomondan seroz parda bilan taʻminlab ichak tutqichning chap varagʻiga oʻtadi.Ichak tutqichning chap varagʻi oʻz ildizi sohasida qorinning orqa devoridagi parietal varaqqa oʻtadi. Va chap buyrakning pastki qismini qoplab colon descandens ga oʻtadi. Pastga tushuvchi chambar ichak ham yuqoriga koʻtariluvchi chambar ichak bilan bir xil holda qorin pardaga nisbatan joylashadi. Soʻngra qorin parda yana qorinning old devoriga oʻtadi.

Qorin pardaning tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qorin pardaning tuzilishini oʻzlashtirishi oson boʻlishi uchun , uning boʻshligʻi uch qavatga boʻlinadi. Bular:yuqori ,oʻrta va pastki qavatdir.

Yuqori qavati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qorin parda boʻshligʻining yuqori qavati uchta xaltaga bursa hepatica, bursa pregastrica va bursa omentalisga boʻlinadi.

  • Bursa hepatica — jigar xaltasi jigarning oʻng boʻlagini oʻz ichiga olib oshqozon oldi xaltasi bursa pregastricadan lig.falciforme hepatis yordamida ajralib turadi va orqada lig.coronarium hepatis bilan chegaralanadi.
  • Bursa pregastrica. Oshqozon oldi xaltasi bursa pregastrica jigarning chap boʻlagini va taloqni, oshqozonni old yuzasini oʻz ichiga oladi. Xaltani orqa tomondan jigarning toj boylamining chap qismi chegaralaydi. Taloq qorin parda bilan har tomonlama oʻraladi. Taloqning darvozasidagina qorin parda oshqozonga oʻtib, lig.gastralienalis-ni hosil qiladi, diafragma oʻtib lig.phenicosplenicumni hosil qiladi.
  • Bursa omentalis. Charvi xaltasi bursa omentalis, qorin parda umumiy boʻshligʻining bir qismidir. Bu boʻshliq oshqozon va kichik charvining orqasida joylashadi (kichik charvi toʻgʻrisida yuqorida bayon etilgan).

Oʻrta qavati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Charvi xaltasi qorin parda boʻshligʻining boshqa qismlari bilan foramen epiploicum vositasida qoʻshilib turadi. Foramen epiploicum yuqoridan jigarning dumli boʻlagi, oldindan lig.hepatoduodenale-ning erkin cheti bilan, pastdan esa oʻn ikki barmoq ichakning yuqori qismi bilan, orqadan pastki venani yopib turuvchi qorin parda varagʻi va tashqariroqda jigarning qirrasidan oʻng buyrakka tortilgan. Lig.hepatorenale bilan chegaralanadi.

Pastki qavati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Charvi xaltasining kirish teshigiga yaqin lig.hepatoduodenalening orqasida joylashgan qismi uning dahlizi vestibulum bursae omentalis deyiladi. Charvi xaltasining dahlizi yuqoridan jigarning dumli boʻlagi bilan, pastdan oʻn ikki barmoq ichak va pancreasning boshi bilan chegaralanadi. Charvi xaltasini yuqori devorini jigarning dumli boʻlagining pastki yuzasi hosil qilsa,orqa devorini qorin boʻshligʻining orqa devoriga tegib turgan aʻzolarni aorta, pastki kovak vena, oshqozon osti bezi chap buyrak va buyrak usti bezini old tomondan yopib turuvchi parietal qorin parda hosil qiladi. Qorin pardaning ushbu varagʻi oshqozon osti bezining old qirrasidan va pastga davom etib, katta charvini orqa varagʻini hosil qiladi va oʻz navbatida mesocolon transversum yopishib, charvi xaltasini pastki devorini hosil qiladi. Charvi xaltasini pastki devorini taloq boylamlari lig.gastrolienale, lig.phenicosplenicum tashkil qiladi.

Qatlamlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Inson anatomiyasida qorinning anterolateral devori qatlamlari (yuzadan chuqurgacha)[3]:

  • Teri
  • Teri osti to'qimasi
  • Fasya
    • Kamper fastsiyasi - yog'li yuzaki qatlam
    • Scarpa fastsiyasi - chuqur tolali qatlam
    • Qorinning yuzaki fastsiyasi
  • Muskul
    • Tashqi qiya qorin mushaklari
    • Qorinning ichki qiya mushaklari
    • Qorinning to'g'ri qismi
    • Qorinning ko'ndalang mushaklari
    • Piramidal mushak
  • Transvers fasya
  • Qorin bo'shlig'idan tashqari yog'
  • Qorin pardasi

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „The Peritoneum“. Qaraldi: 22-iyun, 2022-yil.
  2. „Falciform ligament“. RadioPaedia.org. Qaraldi: 20-iyun, 2022-yil.
  3. Jana Vaskov. „Abdominal wall: Layers, muscles“ (18-iyun, 2022-yil). Qaraldi: 28-iyun, 2022-yil.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • «Odam anatomiyasi» fanidan oʻquv uslubiy majmua, 2017-yil.
  • «Odam anatomiyasi», Toshkent, 2007-yil.