Qora musulmonlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qora musulmonlar - “Islom millati” (The Nation of Islam, rus. “Nasiya islama”). Tashkilot 1930 yili AQSHning Detroit shahrida asl ismi Uolles Don Fard tomonidan tuzilgan. Fard keyinchalik o‘z ismini Vali Fard Muhammad qilib o‘zgartirgan. Fard Osiyo va Afrikaning tahqirlangan qora tanli aholisiga haqiqiy, najotkor dinni olib kelganini da’vo qiladi. Shuningdek, u qoratanlilarni AQSH qonunlariga bo‘ysunmaslik, armiyasida xizmat qilmaslik, umuman o‘zlarini bu davlat fuqarosi deb hisoblamaslikka chaqiradi. 1930 yili «qora musulmonlar»ning birinchi diniy tashkiloti - «Ibodatxona №1» Detroit shahrida tuziladi.
1934 yili Vali Fard Muhammad sirli ravishda g‘oyib bo‘lgach tashkilotga uning o‘ng qo‘li hisoblangan Alija Muhammad (asl ismi Robert Pul) (1897—1975) rahbarlik qila boshlaydi. Pul Chikago shahrida «Ibodatxona №2»nitashkil qiladi va keyinchalik mazkur joy tashkilotning shtab kvartirasiga aylanadi. Tashkilot izdoshlari uni hozirga qadar ham Muhtaram Alija Muhammad deb hurmat bilan eslaydilar.
1947 yili «Islom millati» safiga Malkolm-X (iks) qo‘shiladi. Asl familiyasi Littl bo‘lgan Malkolm, keyinchalik ommalashgan, «qullikdan qolgan familiya» o‘rniga inglizcha «X» (iks), ya’ni «sobiq» ma’nosini bildiruvchi so‘zga almashtirish an’anasini boshlab beradi. Tez orada u Alija Muhammadning eng yaqin izdoshiga aylanadi. Aynan uning sa’y-harakatlari bilan AQSHning g‘arbiy va sharqiy qirg‘oqlarida bir necha «ibodatxonalar» tashkil etilgan hamda «Islom millati» va «Muhammad gapirmoqda» nomli jurnallar chop etila boshlagan. Mazkur xizmatlari evaziga u Garlemdagi (Nyu-Iork shahridagi qora tanlilar kvartali) «Ibodatxona №7»ning bosh voizi va «Islom millati» tashkilotining jamoatchilik bilan ishlash bo’yicha vakili etib tayinlanadi. 1964 yili Saudiya Arabistoniga safar Malkolm-Xning dunyoqarashiga qattiq ta’sir o‘tkazadi. Natijada, shu yili u «qora musulmonlar» safini tark etib Sunniylikni qabul qiladi. 1965 yili 21-fevral kuni suiqasd natijasida vafot etadi. Uning o‘rniga Garlem ibodatxonasiga Luis Farraxan bosh voiz etib tayinlandi.
1975 yili Alija Muhammad vafot etgach uning o‘g‘li Uolles Din Muhammad (keyinchalik o‘ziga arabcha «al-Varis», ya’ni «Merosxo‘r» nomini olgan) va Luis Farraxan o‘rtasida rahbarlik uchun kurash ketdi. Natijada «qora musulmonlar» ikki guruhga bo‘linib ketdi.
Bir guruhga rahbarlik qilgan Uolles Din Muhammad tashkilotning aqidaviy asoslariga o‘zgartirishlar kiritib, uni sunniylikka yaqinlashtirishga va an’anaviy islom tomonidan tan olinishga urindi. Bu narsa tashkilot nomiga ham ta’sir qilib Uolles Din tarafdorlari «G’arbdagi butundunyo islom uyushmasi», «Amerika islom missiyasi» va nihoyat «Amerika musulmonlari jamiyati» nomini oldi. Jamiyat o‘zining «Musulmonning jurnali» (Muslim Journal) nomli nashriga ega. 2003 yili Varis Din Muhammad «Amerikamusulmonlari jamiyati»dagi faoliyatini tugatganini e’lon qilib, shu yili «Masjid g‘amxo‘rligi» (The Mosque cares) nomli jamg‘arma tashkil qiladi. 2008 yili u yurak xuruji oqibatida vafot etadi.
Uolles Din Muhammadning tashkilot rahbari etib saylanishi, mazkur lavozim o‘ziga tegishiga umid bog‘lagan Luis Farraxanga og‘ir botadi. Natijada, 1978 yili o‘z tarafdorlari bilan alohida ajrab chiqadi. Farraxan boshchiligidagi guruh Alija Muhammad g‘oyalari va tashkilotning eski nomiga sodiq qoladi. 80-yillarda u Chikagoning Gayd Park tumanida joylashgan Alija Muhammadning uyini va Ibodatxona №2 ni sotib oladi.
Bugungi kunga qadar Vali Fard Muhammad tomonidan asos solingan «Qora musulmonlar» tashkilotining davomchisi Luis Farraxan boshchiligidagi guruh hisoblanadi. Ular dunyo bo‘ylab yuzdan ortiq diniy tashkilotlarga va oylik «So‘nggi da’vat» (The Final Call) nomli nashrga ega.
2007 yili Farraxan sog‘ligi yomonlashgani sababli tashkilot rahbarligini rasman topshiradi. Shunday bo‘lsada, bugungi kunga qadar uning o‘rniga hech kim tayinlanmagan va barcha izdoshlar Farraxanni diniy rahnamo sifatida e’tirof etadilar.
«Islom millati» tashkiloti aqidaviy asoslarining shakllanishini shartli ravishda to‘rt bosqichga bo‘lish mumkin.
Birinchi bosqich, Vali Fard Muhammadning ilk da’vati davri bo‘lib (1930—1934), unda tashkilot asoschisi Osiyo vaAfrika qora tanlilariga chin e’tiqodni olib kelgani, qora tanlilar eng oliy toifali irq ekani, AQSH qonunlari, bayrog‘iga sodiqlik his qilmaslik, Amerika yoki Afrika qit’asida qora tanlilarning alohida davlatini tuzish lozimligini uqtiradi.
Ikkinchi bosqich, Alija Muhammad davrini o‘z ichiga olib (1934—1975), u 1965 yili Vali Fard Muhammadning asli Xudo bo‘lib inson tanasida qora tanli «chin bandalariga» najot berish uchun kelgani, Alija Muhammad Xudo bilan shaxsan tanish ekani, Iblis bu oq tanli insonlar ekani va ular Yoqub ismli (ba’zi manbalarda Yahyo (John the Baptist) deb keltiriladi) yovuz sehrgar tomonidan yaratilgani, qayta tirilish faqat ruhiy bo‘lishi, jannat bu dunyoda bo‘lishi, Qora tanlilar va oq tanli shaytonlar o‘rtasida bo‘ladigan Armageddon jangi, qiyomatning AQSH hududida boshlanishi kabi bir qator aqidalarni ishlab chiqqan.
Uchinchi bosqich, Alija Muhammadning o‘g‘li Varis (Uolles) Din Muhammad rahbarligi davriga (1975—2003) to‘g‘ri keladi. Bu davrda, Vali Fard Muhammadning Xudoligi, Alija Muhammadning paygambarligi inkor etiladi. Varis oq tanlilar - iblis, qora tanlilar - oliy irq ekanini bekor qilib «Amerika musulmonlari jamiyati»ning eshiklari oq tanlilar uchun ham ochiqligini e’lon qiladi. Mazkur tashkilot islom olami tomonidan e’tirof etila boshlaydi.
To‘rtinchi bossich, Luis Farraxan tomonidan «Islom millati» nomining tiklanishi va Alija Muhammad g’oyalariga qaytish davri (1978-h.v.) sifatida namoyon bo‘ladi. Farraxan Varis (Uolles) Din Muhammadni buzg‘unchilikda ayblab 1978 yili alohida ajralib chiqadi. 1981 yili «Islom millati» nomini qayta tiklaydi. Hozirgi vaqtda Farraxan izdoshlari 1965 yili Alija Muhammad tomonidan olg‘a surilgan quyidagi g‘oyalarni o‘z e’tiqodlari deb belgilaganlar:
1. Nomi Alloh bo‘lgan yakkayu yagona Xudoga ishonch;
2. Qur’oni karim va Xudo yuborgan barcha payg‘ambarlarning kitoblariga ishonch;
3. Injilning haqiqiy muqaddas manba ekani, biroq yolg‘on yashiq aralashtirib yuborilgani sababli qayta tahlil qilinishi kerakligiga ishonch;
4. Allohning payg’ambarlari va ular insoniyatga olib kelgan muqaddas kitoblarga ishonch;
5. Qayta tirilishga ishonch. Bu tirilish jismoniy emas balki ma’naviy bo‘lishi, birinchi bo‘lib qora tanlilar qayta tirilishiga ishonish;
6. Qiyomat kunining haqligi va bu kun Amerikada boshlanishiga ishonch;
7. Bugungi zamon qora tanlilar va oq tanlilar ajraladigan zamon ekani, qora tanlilar o‘zlariga oq tanli sobiq quldorlar tomonidan berilgan qullik familiyasidan voz kechib ozodkishi - Yer sayyorasining qora tanli aholisi familiyasini olishi zarurligiga ishonch;
8. Barchaning teng huquqli ekani va bir xil adolat qilinishi kerakligiga ishonch;
9. Integrasiya va birdamlik haqidagi g‘oyalar ikkiyuzlamachilik bo‘lib 400 yil davomida ezilib kelgan qora tanlilarning birdaniga oq tanlilar bilan do‘st bo‘lib qolishi, oq tanlilarga bundan buyon ham qullik qilishi mumkin emasligi va ajralib chiqib alohida davlat qurish vaqti kelganiga ishonch; Agar oq tanlilar rost so‘zlayotgan bo‘lsalar, buni isbotlab berish uchun qora tanlilarga AQSH hududidan alohida yer ajratib berishlari kerakligiga ishonch;
10. O’zini taqvodor musulmon deb hisoblovchi jamoa a’zosi birovlarning qonini to‘kishi mumkin emasligi, AQSH uchun urushlarda qatnashmasligi, faqatgina o‘z davlati qurilganidan so‘nggina shu davlat uchun jang qilishi mumkinligiga ishonch;
11. Qora tanli ayollar ham xuddi boshqa ayollar kabi hurmat va himoya qilinishi lozimligiga ishonch;
12. Alloh 1930 yili Vali Fard Muhammad jismida namoyon bo‘lib, nasroniylarning «messiya»si va musulmonlarning «maxdiy»si bo‘lganiga ishonch;
13. Allohning yakkayu yagona ekani, undan boshqa iloh yo‘qligi va u mukammal saltanat qurishiga ishonch; Qora tanlilarning qullikni boshdan kechirishi Bibliyada bashorat qilinganiga ishonch.
«Qora musulmonlar» o‘zining iyerarxik tuzilmasi haqida ma’lumot bermaydi. Bunda sir saqlanishidan ko‘ra ko‘proq aniq tizimga ega emaslik sabab bo‘lishi mumkin.
Tahlil natijasida shuni aytish mumkin-ki, jamoa tepasida xarizmatik, payg‘ambarnamo tabiatga egabo‘lgan rahbar turadi. Har bir rahnamo nomiga hurmat ma’nosidagi muayyan iboralar qo‘shish an’anasi mavjud. Masalan, Vali Fard Muhammadning ismi oldida doimo «Ustoz», undankeyin kelgan rahbarlar (Alija Muhammad, Malkolm IKS, Luis Farraxan, Varis Din Muhammad) nomiga «Muhtaram» so‘zi qo‘shilishi shart.
Oliy rahbar ayni damda maxsus xavfsizlik muassasalari bo‘lmish «Islom mevalari» va «Musulmon qizlari kurslari»ning bosh qo‘mondoni hisoblanadi. Bu ikki guruh 1933 yili Vali Fard Muhammad tomonidan, tashkilot ibodatxonalarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida tuzilgan. 1975 yili Varis Din Muhammad islohotlari davrida faoliyati tugatilgach, bir necha yildan so‘ng Luis Farraxan tomonidan qayta tiklanadi. 1988-yildan boshlab «Islom mevalari» xususiy qo‘riqlash xizmatiga aylantirilgan.
Ayni damda tashkilot iyerarxiyasida «Jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi» mavjud. An’anaga k)fa, bu lavozim Garlem ibodatxonasi (hozirda «Maryam» masjidi) voizi tayinlanadi. Bundan tashqari har bir ibodatxonada rahbar (voiz) lavozimi mavjud.
Vali Fard Muhammad «Qora musulmonlar» tashkilotini tashkil etgach iqtisodiy mustaqillikka erishishni asosiy vazifa sifatida belgilagan. Tashkilot a’zolari asosan kichik biznes, xususan restoranlar, kafelar, pisseriyalar, nonvoyxonalar ochish bilan shug‘ullanganlar.
Shuningdek, tashkilot tomonidan chiqarilgan jurnallar, rahbarlarning kitoblari sotuvidan tushgan mablag‘lar ham anchaginani tashkil etadi.
1988 yili «Islom mevalari» bazasida tashkil etilgan maxsus xavfsiz lik agentligi ham katta d aromad manbai bo‘lib. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1990 yillarda agentlik Baltimor, Vashington, Chikago, Filadelfia va Los Anjelesdagi bir qator ob’yektlarni qo‘riqlash bo‘yicha shartnomalar evaziga 20 million dollar foyda ko‘rgan.
Uolles Don Fard va Alija Muhammadlar tashkilotning asosiy funksiyasi sifatida quyidagi uch vazifaning bajarilishini belgilaganlar:
1. Qora tanlilarning mustaqil millatini tashkil etish;
2. Qora rang va qora tanlilarning ulug‘ligini qayta tiklash;
3. Iqtisodiy mustaqillikka erishish.
Tashkilot o‘zining AQSHga begona ekani, ezilgan, tahqirlangan ekanini ta’kidlash va o‘z huqularini talab qilib chiqishi bilan tanilgan.
Jumladan, 1995 yili Luis Farraxan o‘z izdoshlari bilan Vashington shahriga qarab «Millionlar marshi» uyushtirgan. Shuningdek, Farraxan Isroil davlatiga qarshi antisemitistik qarashlari bilan tanilgan.
Varis Din Muhammad «Islom millati»ni «Amerika musulmonlari jamiyati»ga o‘zgartirgach sunniylikka yaqinlashish, musulmon olamiga integrasiyalashish maqsadida Chikago shahrida butundunyo ulamolarini chaqirish amaliyotini joriy qilgan.
Tashkilotning mashhur a’zolari qatorida mashhur bokschi Muhammad Ali (1975 yili islomdagi sunniylik yo‘nalishini qabul qilgan), REP ijrochilari Mak Ren, Jey ti Bigga Figga, Snup Dogg, POP musiqa qiroli Maykl Jeksonlarni sanash mumkin[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 449-455.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.