Qora metallurgiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Qora metallurgiya - metallurgiya sanoatining sohalaridan biri. Domna, poʻlat eritish, prokat metallurgiyasi, metall buyumlar ishlab chiqarish, ruda xom ashyosini qazib olish, boyitish, maydalash, koks kimyosi ishlab chiqarishi, ferroqotishmalar va oʻtga chidamli materiallar tayyorlash, noruda xom ashyo qazib olish va qora metallarni qayta eritish tarmoqlarini oʻz ichiga oladi. Sovuqlayin yoki qizdirib ishlangan prokat, poʻlat trubalar va metall buyumlar Qora metallurgiya mahsu-lotlarining muhim turlari hisoblanadi.

Kishilik jamiyati taraqqiyotida mehnat qurollari va qurol-yarogʻlar juda muhim ahamiyat kasb etgan. Ular, asosan, yogʻoch, suyak, tosh (qarang Tosh davri) va temirdan (qarang Temir davri) tayyorlangan. Qora metallurgiya xalq xoʻjaligining koʻpgina tarmoqlarini rivojlantirishning asosi hisoblanadi. Kimyo sanoati, rangli metallurgiya, qurilish materiallari sanoati mahsulotlari bilan birga qora metallar mashinasozlik va qurilishda asosiy konstruksion material hisoblanadi. Oʻzbekistonda yetakchi mashinasozlik tarmoqlari ishlatadigan konstruksion materiallarning umumiy hajmida qora metallar asosiy oʻrinni egallaydi.

Oʻzbekistonda bir necha kichikroq temir konlari bor. Sanoat ahamiya-tiga molik temir konlari — magmatogen genezisli, magnetit-gematit tarkibli Surenota (Toshkent viloyati) hamda asosan titan-magnetitli Tebinbulok temir koni (Qoraqalpo-gʻiston) shular jumlasidan. Oʻzbekistondagi temir konlari resurslari: Jizzaxdagi temir koni — 150 mln. t, Surenota temir koni — 50 mln., t, Tebinbuloq temir koni — 100 mln. t dan koʻp. Oʻrta Osiyoda birinchi zamonaviy metallurgiya kombinati 1944 yil ishga tushirilgan (qarang Oʻzbekiston metallurgiya kombinati). Oʻzbekiston metallurgiya sanoatida 500 ming tonnaga yaqin poʻlat, 450 ming tonnaga yaqin tayyor prokat ishlab chiqariladi (2005) (yana q. Metallurgiya, Ogʻir sanoat).