Qoʻshma soʻzlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qoʻshma Soʻzlardan yoʻnaltirildi)

Qoʻshma soʻzlar — ikki yoki undan ortiq oʻzak morfemaning qoʻshilishidan hosil boʻlgan va yagona struktur-semantik birlikni tashkil etgan soʻzlar. Masalan; koʻzoynak, bilaguzuk, uchburchak, atirgul, boʻtakoʻz, nomoz-shomgul, mehmondoʻst, balandparvoz, erksevar, jigarrang kabi. Qoʻshma soʻzlar yasalishi uchun asos boʻlgan soʻzlar oʻzlarining dastlabki maʼnolarini qisman yoki butunlay yoʻqotadi: ular birgalikda tamoman yangi lugʻaviy maʼno bildiradi. Chunonchi, osh va qozon soʻzlari alohida leksemalar sifatida oʻz lugʻaviy maʼnolariga ega. Lekin ularning qoʻshilishidan hosil boʻlgan oshqozon soʻzi mazkur soʻzlarning dastlabki maʼnolaridan farqlanuvchi yangi maʼnoni — "inson va hayvonlarning ovqat hazm qilish aʼzo-si" maʼnosini bildiradi. Qoʻziqorin, itogʻiz, oqsoch, oqsuyak, kampirchopon singari Qoʻshma soʻzlar haqida ham shunday fikrni aytish mumkin.

Qoʻshma soʻzlar qismlari orasidagi maʼno munosabati har xil. Ular oʻxshatish, qiyoslash (karnaygul, otquloq, tuyaqush, sheryurak, qoʻykoʻz), xoslik, biror narsaga moʻljallanganlik (gultuvak, molqoʻra, olovkurak, tokqaychi, qiymataxta), biror oʻrin-joyga mansublik (suvilon, togʻolcha, choʻlyalpiz, qoʻqonarava), biror belgiga nisbat berish (achchiqtosh, olaqargʻa, shoʻrdanak, qizilishton, Qiziltepa), miqdorga munosabat (beshbarmoq, mingoyoq, qirqogʻayni, Beshariq) va boshqa maʼnolarni anglatadi. Qoʻshma soʻzlar strukturasi mavjud sintaktik aloqalarni eslatadi, boshqacha aytganda, Qoʻshma soʻzlar ega-kesim munosabatida, boshqa-ruv, moslashuv. bitishuv aloqalarida boʻlgan soʻz birikmalari asosida yuzaga kelgan. Mas, goʻshtkuydi, kelintushdi kabi Q.s ega va kesim munosabatini eslatsa, toʻyboshi. tomorqa, koʻzoy-nak kabi Qoʻshma soʻzlar moslashuvni, kitobsevar, dunyoqarash kabilar boshqaruvni, xom-kalla, koʻksulton, iskabtopar kabilar esa bitishuvni eslatadi.

Q.s ot, sifat, ravish va qisman feʼl turkumida tarqalgan. Ularning komponentlari bir soʻz turkumiga yoki turli soʻz turkumlariga mansub boʻlishi mumkin. Mas, qoʻshma otlar ot-+ot (belkurak), sifat+ot (oqqush), son+ot (sakkizoyoq), feʼl+ot (Yoril-tosh), ot+feʼl (boʻyoʻsar), feʼl+feʼl (Sotib-oldi, ishlabchiqarish) kabi qoliplarda boʻladi. Boshqa soʻz turkumlariga oid Q.s ham oʻziga xos qoliplar asosida yasaladi.

Oʻzbek tilshunosligida Qoʻshma soʻzlarni oʻrganish boʻyicha A.Hojiyev, B.Madaliyev, N.Mamatov va boshqa tomonidan anchagina izlanishlar olib borilgan.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Hojiyev A., Oʻzbek tilida qoʻshma. juft va takroriy soʻzlar, T., 1963; Madaliyev B., Hozirgi oʻzbek tilida qoʻshma soʻzlar, T.. 1966: Mamatov N., Oʻzbek tilida qoʻshma soʻzlar, T„ 1982.

Nosirjon Oxunov.