Qoʻriq yer

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qo'riq yerdan yoʻnaltirildi)

Qoʻriq yer — asrlar davomida ekin ekilmagan, tabiiy oʻsimliklar bilan qoplangan yer. Haydalma yerlarga nisbatan Qoʻriq yer tuprogʻining ildiz oʻsadigan qavati koʻp miqdorda gumus, azot va oʻsimliklar oziqlanishi uchun muhim boʻlgan boshqa elementlarga boy boʻladi. Begona oʻtlar urugʻi bilan kam ifloslangan, biologik faolligi past va oʻziga xos suv rejimiga (qur-gʻogchil rayonlarda ular kuchli quruq, nam yerlarda koʻproq namchil) ega. Qoʻriq yerning bu xususiyatlari har xil tipdagi Qoʻriq yerlarda turli darajada namoyon boʻladi.

Qoʻriq yerlar: choʻl, dasht va yarim choʻl, daryoboʻyi, botqoq, suvsiz vodiy yaylovlari va oʻtloqlari kabi asosiy tiplarga boʻlinadi. Qoʻriq yer dehqonchilikda haydalma yer resurslarini koʻpaytirishning asosiy manbai (qarang Qoʻriq va boʻz yerlarni oʻzlashtirish).