Qays–Yaman kurashi
Qays–Yaman kurashi – Qays–Mudar va Yaman qabilaviy guruhlari oʻrtasidagi raqobat. Ushbu kurash tarixi, asosan, VII–VIII asrlarda Umaviylar xalifaligi davridagi harbiy kuchlar va boshqaruv tizimida namoyon boʻlgan boʻlsa-da, Usmoniylar (1517–1918) hukmronligi davrida ham arablar orasida turli darajada davom etgan. Qays–Yaman raqobatida odamlar oʻz qabilaviy kelib chiqishiga koʻra ikki guruhga boʻlingan, ular Janubiy Arabiston ajdodlari – Qahtoniylar (Yaman) va Shimoliy Arabiston ajdodlari – Adnoniylar (Qays–Mudar) tarzida ikki guruhga boʻlingan.
Kelib chiqishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qays–Yaman qarama-qarshiligining ildizlari anʼanaviy ravishda arab qabilalarining shimoliy yoki janubiy Arabistondan kelib chiqqanligiga bogʻliq. Qays qabilalari shimoliy Arabistondan, Yaman esa janubiy Arabistondan kelib chiqqan deb hisoblangan[1]. Nasab nuqtayi nazaridan shimoliy hududdan kelib chiqqan arablar anʼanaviy ravishda Ibrohim paygʻambarning oʻgʻli Ismoilning avlodidan, janubiy huddan kelib chiqqan arablar esa boshqa bir ajdod, yaʼni Qahton avlodidan deb hisoblangan. Tarixiy arab manbalarida janubiy hududdan kelib chiqqan arablar baʼzida „Qahtoniya“ (yaʼni Qahton avlodlari) deb atalgan, lekin koʻpincha ularni „ahl al-Yaman“ (yaʼni Yaman xalqi) yoki „al-Yamaniya“ (yamanliklar) deb atashgan. Shimoliy hududdan kelib chiqqan arablar kamdan-kam hollarda „Ismoilning avlodlari“ (Ismoiliylar) deb atalgan, chunki bu atama barcha arablarni ifodalagan. Aniqrogʻi, shimolliklar, odatda, Ismoildan kelib chiqqan Adnan nomi bilan bogʻlangan va ular „Adnoniylar“ deb nomlangan[2]. Keyinchalik ushbu atamalar Adnonning avlodi boʻlgan Nizor (Nizoriyya), uning oʻgʻli Mudar (Mudariya) va undan kelib chiqqan Qays (Qaysiya) nomlari bilan bogʻlangan. Ammo shimoliy hududdan kelib chiqqan arablarning barchasi ham „Mudar“ yoki „Qays“ deb atalmagan. Masalan, Nizorning yana bir avlodi boʻlgan Rabi‘a qabilasi (Sharqiy Arabistonda yashagan) baʼzida Qays/Mudar bilan, baʼzida Yaman bilan ittifoq tuzgan. Tarixiy manbalarda keltirilgan Qays–Yaman qarama-qarshiligida ular koʻpincha uchinchi taraf sifatida tilga olinadi[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Irwin 2003.
- ↑ 2,0 2,1 Crone 1994.