Pallali gʻoʻza

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qaychibarg gʻoʻzadan yoʻnaltirildi)

Pallali gʻoʻza, qaychibarg gʻoʻza (Gossypium lobatum Gent) — yovvoyi gʻoʻza turi. Genomi D7, xromosomalar soni 2p=26. 1956-yilda kashf qilingan. P.gʻ.ning vatani — Meksika (Michoa-kan shtati). P.gʻ. — ingichka, boʻyi 8 m gacha yetadigan och yashil daraxt; yuqoriga yoʻnalgan oʻsuv shoxlari koʻp. Hosil shoxlari kalta; gullari barg qoʻltigʻidan chiqadi. Gʻoʻza yulduzchasimon tuklar bilan qoplangan. Barglari yirik, och yashil, qalin tukli. Barg plastinkasi bilinar-bilinmas 3 boʻlakchaga (keng qirrali uchburchak shaklda) boʻlingan. Barg shira bezi bitta, silindr shaklida, och yashil. Yonbarglari yirik (9 mm gacha), tezda toʻkilib ketadi. Gullari yirik, qoʻngʻiroqsimon, gulbargi och qizil, olcha rang dogʻlari bor, tashqi tomonining cheti toʻq qizil. Kosachasi uzun uchburchak tishli. Gulyonbarglari mayda, toʻkilib ketmaydi. Koʻsaklari may-daroq, 3 chanoqli, ingichka silindrsimon, oʻtkir ko-nussimon shaklda, sirtida koʻzga aniq tashlanadigan bezchalari bor. Chigiti uzunchoq, 3–4 mm uzunlikdagi qoʻngʻir tuklar bilan qoplangan. P.gʻ. fotodavriy oʻzgarishlarga taʼsirchan. Shiraga chidamli. Chigiti qattiq — toshchigit. Uch boʻlma bargli gʻoʻzaga payvand qilingan P.gʻ. yaxshi rivojlanib gullaydi. Meksika gʻoʻzasining yovvoyi shakllari bilan oson chatishib, bepusht duragaylar hosil qiladi. Abdumavlon Abdullayev.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil