Kontent qismiga oʻtish

Qaram hudud

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Qaram hudud – boshqa bir metropoliya davlati yurisdiksiyasi ostida boʻlgan, ammo rasmiy ravishda ushbu davlat tomonidan qoʻshib olinmagan, yaʼni uning bir qismi boʻlmagan davlat tuzilmasi[1]. Bunday davlat tuzilmasi maʼlum avtonomiyadan foydalanishi mumkin boʻlsa-da, xalqaro mustaqillik va toʻliq suverenitetga ega boʻlmaydi.

Koʻp hollarda, bugungi kunda qaram hududlar bir vaqtlar ulkan mustamlaka imperiyalarining qoldiqlari hisoblanadi. Ichki oʻzini oʻzi boshqarish tizimining mavjudligi va xususiyatiga, shuningdek tarixiy va huquqiy sabablarga koʻra, bunday hududlarning rasmiy maqomi turlicha boʻladi. Shu bois, bu hududlar oʻz metropoliyalarining tarkibiy qismi sifatida qaralishi yoki qaralmasligi mumkin. Odatda, eng yuqori darajadagi mustaqillikka „assotsiatsiyalashgan davlat“ ega boʻladi.

Asosan, bugungi qaram hududlarning mahalliy aholisi metropoliya davlati aholisi bilan bir xil fuqarolik huquqlariga ega, garchi har doim ham bir xil fuqarolikka ega boʻlmasa-da. Koʻplab qaram hududlardagi iqtisodiy ahvol dekolonizatsiya tufayli mustaqillikka erishgan qoʻshni sobiq mustamlakalarnikidan yaxshiroq. Bunga Fransiya Gvianasi yoki Puerto-Riko misol boʻla oladi. Boshqa tomondan, mahalliy aholining oʻrtacha daromadi odatda tegishli metropoliya aholisinikidan ancha past, mahalliy elita esa hamon himoyachi davlat bilan boʻysunuvchi munosabatlarni saqlab qolmoqda.

Aholi soni boʻyicha eng koʻp qaram hudud Puerto-Riko boʻlib, yashaydiganlar orasida eng kam aholili hudud Janubiy Georgia va Janubiy Sandwich orollari hamda Pitkern orollaridir. Dunyo hamjamiyati tomonidan tan olingan qaram hududlar orasida maydoni boʻyicha eng kattasi Grenlandiya, tan olinmaganlar orasida esa Avstraliya Antarktida hududidir. Aholi yashaydigan qaram hududlardan eng kichiklari Gibraltar va Wake oroli, aholi yashamaydiganlari orasida esa Kingman rifi eng kichik hisoblanadi. Eng koʻp qaram hududlarga ega davlat Buyuk Britaniya boʻlib, uning jami 17 ta qaram hududi mavjud. Qaram hududlar soni boʻyicha Osiyo eng kam (uchta – Gonkong, Makao hamda Akrotiri va Dekeliya), Okeaniya va Amerika esa eng koʻp qaram hududlarga ega.

  1. „Dependency | international relations“ (en). Encyclopedia Britannica. 2019-yil 4-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 18-noyabr.