Qandsiz diabet

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Qandsiz diabet — neyroendokrin kasallik; asosan, gipotalamus va gipofiz funksiyasining buzilishidan kelib chiqadi. Kasallik 17-asrda aniqlangan, ammo, qandli diabetdan farqlay olmaganliklari sababli, unga alohida dard sifatida qarashmagan. Qandsiz diabet birinchi boʻlib ingliz olimi Tomas Uillis tomonidan aniqlandi (1674 yil). U Qandsiz diabetga chalingan bemorlar siydigini tekshirib, qandli diabetdan farqli ravishda ularning siydigi tarkibida qand moddasini topmagan va bu kasallikni qandsiz diabet deb atagan. Kasallik, asosan, yosh erkak va ayollarda, qisman bolalarda ham kuzatiladi. Qandsiz diabetga xos alomatlar toʻsatdan boshlanadi, bemor koʻp siyadi (poliuriya), juda chanqaydi va koʻp suyuklik ichadi (polidipsiya), ogʻzi quriydi. Kasallikning bu belgilari tez orada zoʻrayadi, bemor bezovtalanadi, asabiylashadi. Dard avjiga chiqqan davrda 1 kunda ajraladigan siydik miqsori nihoyatda oshib ketishi mumkin. Bolalarda bu kasallik kechasi siyib qoʻyish (enurez) bilan boshlanadi. Tez orada bemor ancha ozadi, organizmida minerallar almashinuvi buzilishi natijasida terisi quruqshab qoladi, sochlari sinuvchan, teztez toʻkiladigan, tirnoqlari moʻrt va uvalanadigan boʻlib qoladi. Koʻp miqdorda suv ichish ovqat hazm qilish tizimiga noxush taʼsir koʻrsatadi. Meʼdaning hazm fermentlari ishlab chiqarish faoliyati izdan chiqib, surunkali gastrit, oʻt pufagi sekretor faoliyati buzilishi, ingichka va yoʻgʻon ichaklar harakatining izdan chiqishi, shilliq qavatlarga putur yetishi, doimiy qabziyat va boshqalar kelib chiqadi. Haddan ziyod koʻp suv ichish meʼda’ devorining choʻzilib, hajmi kattalashishiga va meʼdaning pastga tushishiga olib keladi, bu meʼda atrofidagi aʼzolar faoliyatiga ham taʼsir qiladi. Ayollarda hayz koʻrishning buzilishiga, erkaklarda jinsiy maylning susayishiga, bolalarda esa oʻsish va rivojlanishdan orqada qolish, jinsiy va jismoniy rivojlanishning kechikishi kabi holatlarga olib keladi. Kasallik uzoq davom etadi, koʻpincha uning rivojlanishi bosh miya jarohati va undagi jarrohlik amaliyotlaridan soʻng , bakterial meningit, virusli ensefalit, zaxm, bosh miya oʻsmalari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

Kasallikka bemorning shikoyatlari, siydik tahlili, nevrologik, oftalmologik, rentgenologik va gipofizning kompyuter va magnitrezonansli tomografiya natijalariga asoslangan holda diagnoz qoʻyiladi. Odsini olish uchun kasallikning birinchi belgilari boshlanishi bilan endokrinologga murojaat etish va uning koʻrsatmalariga qatʼiy rioya qilish lozim. Kasallik oʻz vaqtida davolansa, bemor butunlay sogayib ketishi mumkin.