Qalʼai qahqaha

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Qalʼai Qahqahadan yoʻnaltirildi)

Qalʼai qahqahaUstrushona afshinlari qarorgohi. Tojikistondagi Shahristonsoy daryosining gʻarbiy sohilida, hozirgi Shahriston shaharchasi yaqinida joylashgan. Umumiy maydoni taxminan 5 ga, atrofi mudofaa devori bilan oʻralgan. 8–10 m balandlikdagi ark va shahriston hududidan iborat. Shahriston hududida qorovul jangchilar uchun moʻljallangan bino xarobalari ochilgan. Arkda saroy qoldiqlari topilgan. Saroyning katta markaziy zali (18×12 m) da hukmdor taxti joylashgan. "Kichik zal" — ibodatxona, shuningdek, turar joylar, xoʻjalik inshootlari, aslahaxona xarobalari ochilgan. Saroy binosi devoriy rasmlar, yogʻoch ustunlari va shiplari naqshlar bilan bezatilgan. Markaziy devoridagi 6 m li rasm kompozitsiyasida inson bolasini emizayotgan ona boʻri aks etgan. "Kichik zal" devori ham boy bezatilgan. Unda bir guruh suvoriylar jang kiyimlarida nayza, tugʻlar koʻtarib turli tusdagi otlarni choptirib ketishmoqda. 3 boshli va 4 qoʻlli maʼbud va 3 koʻzli yovuz dev va hayvonlar aks etgan. Odamlar va qushlarning haykalchalari topilgan.