Qadimgi Rim meʼmorchilik sanʼati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qadimgi Rim sanʼati Apenin yarimorollaridagi koʻpgina xalqlar, jumladan, etrusklar, keyinroq Rim bosib olgan yerlardagi boshqa xalqlar sanʼati taʼsirida rivoj topdi. Uning ravnaqiga, ayniqsa, grek sanʼati kuchli taʼsir oʻtkazdi. Lekin rimliklar oʻzga xalqlar sanʼatini oʻzlashtirib, oʻrganib, uni ijodiy boyitdilar, shu sanʼat anʼanalarini rivojlantirib, uning yangi tur va janrlarini ham vujudga keltirdilar. Rimdagi tarixiy sharoit, ijtimoiy tuzum xarakteri sanʼatning gʻoyaviy yoʻnalishini belgilashda muhim rol oʻynadi. Rim sanʼatida meʼmorchilik yetakchi oʻrinni egalladi. Unda davlatning kuchqudrati tarannum etildi. Rimliklar koʻpchilikka moʻljallangan muhtasham binolar qurdilar. Bunday xarakterdagi binolar bu davr uchun yangilik boʻldi. Meʼmorchilikda rimliklaming aql-zakovati yaqqol namoyon boidi. Bu meʼmorchilik etrusk va yunon, qisman qadimgi Sharq meʼmorchiligi sanʼati anʼanalariga tayangan holda rivojlangan. Uni yangi uslublar bilan boyitdilar. Ayniqsa, rimliklar tomonidan betonning ixtiro etilishi va ustun-toʻsin sistemasiga yangi konstruksiyalar kiritilishi, ark, qubba va egri ravoqning erkin va keng qoʻllanilishi faqat Rim meʼmorchiligidagina emas, balki jahon meʼmorchilik sanʼatida ham haqiqiy inqilob boʻldi. Bu sistema katta fazoviy kenglikni yopa oladigan, xona ichida esa katta fazoviy kenglikni yaratish imkoniyatini beradigan meʼmorchilik kompozitsiyalarini vujudga keltirdi. Rim sanʼatidagi oʻziga xoslik tasviriy sanʼatda, ayniqsa, uning portret janrida yaqqol namoyon boʻldi. Bu yerda juda erta dastgoh sanʼati rivoj topdi. Hikoyanavis boʻrtma tasvir sanʼati ham rimliklar sanʼatining oʻziga xos tomonini belgilaydi. Qadimgi Rim tarixi eramizdan awalgi VI asrdan boshlanib, yangi eraning V asrigacha boʻlgan davrini oʻz ichiga oladi. Eramizdan avvalgi VI asrga kelib, Rim aristokratik quldorlik respublikasiga aylandi. U Apenin yarimorolini zabt etib, oʻrta yer havzasida oʻz hukmdorligini oʻratgach, eramizdan avvalgi II asr o ʻrtalariga kelib, shu yerdagi yirik davlatga aylandi. Bosib olingan yerlardan boyliklarning Rimga olib kelinishi uning ravnaqida muhim rol oʻynadi, shu bilan birga, inqirozini ham tezlashtirdi. Mulkiy tengsizlik oshdi, ekspluatatsiyaning kuchayishi esa omma orasida norozilikni keltirib chiqardi. Ayniqsa, qullar qoʻzgʻoloni (bular ichida Spartak qoʻzgʻoloni mashhur) respublika davrining inqirozga yuz tuta boshlaganini bildirdi. Uning oʻrnini Rim imperatorlik davri egalladi. Bu davr eramizdan avvalgi 1 asr oxiridan yangi eraning 476-yiligacha davom etdi[1].

Meʼmorchilik[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qadimgi Rim

Rim meʼmorchiligining oʻziga xos tomonlari, uning asosiy tiplari Rim Respublikasi davridayoq namoyon boʻldi. Doimiy urush va qirgʻin, fuqaro urushlari mantiqan aniq topilgan monumental meʼmorchilik kompozitsiyalarida oʻz ifodasini topdi. Eramizdan avvalgi VIII asrda ishlangan mudofaa devorlari, mamlakatning turli qismlarini tutashtiruvchi tosh toʻshalgan keng yoʻllarning sodda va jiddiy koʻrinishlarida davr ruhi va qurilish sanʼati xarakteri koʻrinadi. Jumladan, mashhur Appiy yoʻli eramizdan avvalgi 312-yili qurilgan. Bu yoʻldan Rim legionlari jangga borishgan. Shu davrda mustahkam koʻprik va osma suv quvurlari (akveduklar) qurilgan. Ular shaharga oʻziga xos siluet baxsh etgan. Rimliklar qadimgi Gretsiyaga va boshqa ellinistik davlatlar ustidan hukmron boʻla borgan sari serhasham binolar koʻpaya bordi. Eramizdan avvalgi III va I asrlarda qurilgan ibodatxona, villa, saroy, qasr va boshqa binolar oʻzining bezakka boyligi, jimjimadorligi va nafisligi bilan xarakterlidir. Rimliklar grek meʼmorchiligining orderiga qiziqib qaradilar, uni oʻz faoliyatlarida keng qoʻllay boshlaydilar. Lekin Rim meʼmori uchun ustun va antabliment koʻproq dekorativ funksiyani bajaradigan elementga aylandi. Ular binoga serhashamlik va jimjimadorlik kiritish uchun foydalanila boshlandi. Korinf orderi esa sevimli orderga aylanib qoldi. Bundan tashqari, rimliklar etrusklardan toskan orderini oldilar. Bu order oʻz koʻrinishi jihatidan joriy orderiga oʻxshasa ham, lekin undan tagkursisi borligi va metop boʻlgan friz va kannelurlarining yoʻqligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, korinf va ion orderi chatishmasi boʻlgan yangi orderlar Rim meʼmorchiligida keng ishlatildi. Rim imperiyasining birinchi imperatori Oktavian Avgust hukmronlik qilgan yillar (er. av. 27-yil — yangi eraning 14-yillari) sanʼat va madaniyatning haqiqiy rivojlangan bosqichi boʻldi. Rim davlatining „oltin asri“ hisoblangan bu davrda nazariyotchi meʼmor Vitruviy, tarixchi lit Livii, shoirlardan Vergiliy va Gorasiolar yashab ijod etdilar. Meʼmorchilik rivojlandi, shahar qurilishi avj oldi. Ijtimoiy va maʼmuriy binolar koʻplab qurildi. Ayniqsa, Rimda qurilish jiddiy boʻldi. Tarixchilar bu davrning qurilishini taʼriflab, „Avgust Rimni gʻishtdan qurilgan holda olib, uni marmarda qoldirdi“, — deb yozgan edilar. Haqiqatan ham, bu davr hashamatli binolari, nafis kolonnalari, arkali va gumbazli binolari, favvora va hovuzlar yashil tabiat qoʻynida alohida tovlanib, uni yanada koʻrkam va fayzli koʻrsatar edi. Bizgacha vayronalarda yetib kelgan binolarning qoldiqlari hanuzgacha oʻzining salobati va ulugʻvorligi bilan kishini hayratlantiradi. Rim meʼmorchiligida I asrning oxiri va II asr boshlarida eng katta meʼmorchilik komplekslari yaratildi, koʻp qavatli binolar vujudga keldi va shahar qiyofasini belgiladi. Flaviyev, Sezar kabi imperatorlar davrida qurilgan gʻoyatda katta saroylar, zafar ustun va darvoza (arka)lari shu davr ideologiyasini badiiy ifodalovchi yodgorlik sifatida xarakterlidir. Shunday meʼmorchilik kompozitsivalaridan biri 81-yilda qurilgan Tit meʼmorial zafar arkasidir. Keyinroq Septima, Sezar, Troyan va Konstantinlarga atab shunday zafar arklari qurilgan. Qadimgi Rimning eng katta binolaridan biri Kolizey amfiteatridir. Uni rimliklar kolossey, yaʼni katta, ulugʻ deb atashgan, 75—80-yillarda qurilgan bu bino (Kolizey) planda gigant oval shaklida boʻlib, uning asosi 188x156 metr, devorlarning balandligi 48,5 metrga yaqin. Gladiatorlar jangi uchun moʻljalangan bu qurilmaga bir vaqtning oʻzida 55 ming tomoshabin kira olgan. Rim meʼmorchiligining yana bir muhim yodgorligi „maʼbudlar qasri“ — Panteon hisoblanadi.

Qadimgi Rim panaromiyasi

Meʼmor Apollodor Daraashqiy tomonidan 118—125-yillarda qurilgan bu bino antik dunyoning eng katta gumbazli binosi boʻlib, unda Rim meʼmorchiligining novatorlik xususiyati yaqqol koʻzga tashlanadi. Binoning tashqi koʻrinishi sodda, uning old tomonini qizil granitdan ishlangan korinf ustunli peshtoq bezab turadi. Bu ustunlar yaxlit monolit — qizil toshdan yoʻnib ishlangan. Interyer bezatilishiga alohida eʼtibor berilgan, poliga marmar yotqizilgan[2]. Devori esa ikki yarusli boʻlib, birinchi yarusidagi chuqur tokchalarga maʼbudlar haykali qoʻyilgan, ikkinchi yarns esa rangli marmardan ishlangan pilastrlar bilan boʻlib chiqilgan. Binoning tepa qismi badiiy yechimi ham diqqatga sazovor. Gumbaz osti yuzasidan toʻrtburchak shaklidagi chuqurchalar — kessonlar yuqoriga qarab kichrayib boradi. Bu, oʻz navbatida, fazoviy kenglik taassurotini oshirishga xizmat qiladi. Tomoshabin nazarida gumbaz osti kengligi katta va cheksiz boʻlib tuyuladi. Kessonlar ichiga oʻrnatilgan bronzadan ishlanib oltin suvi yuritilgan rozetkalar esa bu serhashamlikni yanada oshirib, xonaga afsonaviy fayz kiritadi. Gumbazning yuqori qismida qoldirilgan diametri 9 metr boʻlgan „panteon koʻzi“ deb nom olgan darcha xonani yoritish bilan birga, kenglik taassurotini yanada oshirib, xona ichiga tantanavorlilik baxsh etadi va hashamatlilikni yanada boʻrttiradi. Rim meʼmorchiligida paydo boʻlgan yangi tiplardan biri terminar (suv saroylari)dir. Illiq va sovuq suvli hovuzlar, gimnastika zallari, oromgohlar, kutubxona ham boʻlgan, 2—3 ming kishiga moʻljallangan bunday suv saroylari bezagiga alohida eʼtibor berilgan. Mozaika va devoriy suratlar, haykal va amaliy sanʼat buyumlari saroy goʻzalligiga goʻzallik qoʻshgan. Imperator Karakalla davridagi saroylar (211—216-yillarda qurilgan), ayniqsa, katta va hashamatli boʻlgan boʻlib, 11 gektar yerni egallagan bu saroy dam olish, koʻngil ochish uchun ham moljallangan. Rim meʼmorchiligining soʻnggi muhim yodgorligi Rim forumidagi Maksensiya bazilikasidir. 306—312-yillarda karkas konstruksiyasida qurilgan bu bino antik davrning eng katta fuqaro meʼmorchiligidir. Turli siyosiy yigʻilishlar oʻtkazish, savdo-sotiq ishlarini olib borish uchun moʻljallangan bu bino interyeri uch minorali boʻlgan. Shaharning markaziy maydonlari — forumlari, ayniqsa, goʻzal boʻlgan. Italiyaning asosiy yoʻllari forumdan boshlangan, shaharning asosiy koʻchalari shu forumga borib taqalgan. Uning markazida dekorativ ustunlar oʻrnatilgan. Imperator Troyan forumi juda hashamatli boʻlgan. Meʼmor Apollodor tomonidan 109— 113-yillarda qurilgan bu forum maydoni 116x95 metr boʻlib, uning oʻrtasidagi 27 metrli Troyan ustuniga uning daklarga qarshi olib borgan kurashini aks ettiruvchi boʻrtma tasvir yuqoriga oʻralib chiquvchi burama frizda ishlangan. Ustun tepasiga imperatorning bronza haykali oʻrnatilgan. Bu haykal XVI asrda olinib, oʻrrniga apostol Pyotr haykali oʻrnatilgan. Ustun pedestaliga Troyan vafotidan keyin uning xoki solingan urna joylashtirilgan[3].

Rim provinsiyalarida meʼmorchilik[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qulchilikning avj olishi, savdo-sotiqning kuchayishi Rim provinsiyalarida ham madaniy jonlanishni keltirib chiqardi. U yerlarda ham yangi madaniy markazlar, shaharlar vujudga kela boshladi. Bu shaharlar qurilishi Rim meʼmorchiligiga xos boʻlgan aniq loyihada qad koʻtardi. Bizgacha yaxshi saqlangan shaharlardan biri Timgad hisoblanadi. Troyan buyrugʻi bilan barpo etilgan bu shahar maydoni 175 ming kvadratga yaqin boʻlib, markaziy forum atrofi ustunlar bilan oʻralgan, teatr, kutubxona va shahar hammomlarini oʻzida jamlagan.[4] Shaharning asosiy koʻchalaridan biri oxirida esa Troyan zafar arkasi qurilgan. Boylarning villalari shahar chekkasida joylashgan boʻlgan. Timgad shahar maydoni Rim imperatorligi davridagi shahar qurilish sanʼatini qanchalik boy ekanligini koʻrsatuvchi yorqin misollardan biridir[5][6].

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Galareya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Sanʼat, arxitektura va shaharsozlik tarixi. O‘quv qo‘llanma. Mualif: S.A.Masharipova. Toshkent Arxitektura-qurilish instituti, 2013 y.
  2. Bitsilli.P.M. Yevropa meʼmorchilik madaniyati.1995-y.
  3. Aytgen.D.K. Italiya meʼmorchilik tarixi. 1990-y.
  4. Gurevich A.Ya. Kategoriya srednevekovoy kulturi. M: 1984.
  5. Asqarov.Sh.J. Arxitektura tarixi. — Toshkent: 2009 y.
  6. Vseobщaya istoriya arxitekturi /red. kollegiya/V 12 tomax. — M: 1970.