Poraxoʻrlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Poraxoʻrlik — pora olish, pora berish, bu ishda vositachilik qilish kabi mansabdorlikjinoyatlari. P. moddiy boylik yoki mulkiy manfaat evaziga muayyan harakatlarni bajarish yoki bajarmaslik bilan tavsiflanadi. Oʻzbekiston Respublikasi JK ga koʻra, u boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar sirasiga kiradi. JK boʻyicha, pora olish deganda mansabdor shaxsning oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin boʻlgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatini koʻzlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan oʻzi, yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy naf koʻrishi tushuniladi. Bunday jinoyat uchun — eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan maxrum etilgan holda 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Ushbu jinoyat ogʻirlashtiruvchi holatlarda sodir etilganda 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan maxrum qilish jazosi ta-yinlanadi. (OʻzR Jinoyat kodeksi, 210modda). Pora berish deganda mansabdor shaxsning oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin boʻlgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga unga bevosita yoki vositachi orkali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish tushuniladi. Pora berish jinoyati uchun eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarimadan 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishtacha jazo tayinlanadi (OʻzR Jinoyat kodeksi, 211modda). Bashar-ti, shaxsga nisbatan pora soʻrab tovlamachilik qilingan boʻlsa yoki bu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilgandan keyin bu haqda oʻz ixtiyori bilan arz kilsa, chin koʻngildan pushaymon boʻlib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi. Pora olish yoki berish xususidagi kelishuvga erishishga qaratilgan faoliyat, shuningdek, manfaatdor shaxslarning topshirigʻi bilan porani bevosita berish — pora olish-berishda vositachilik qilish hisoblanadi. Bunday jinoyat uchun eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarimadan 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan maxrum qilishgacha jazo belgilangan (OʻzR Jinoyat kodeksi, 212 modda). Vositachilik qilgan shaxs jinoiy harakatlarni sodir etganidan keyin bu hakda oʻz ixtiyori bilan arz qilsa, chin koʻngildan pushaymon boʻlib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan boʻlsa, javobgarlikdan ozod qilinadi. P. niqoblangan shaklda ham amalga oshirilishi, pora qar xil moddiy boyliklar (pul, chet el valyutasi, qimmat-baho buyumlar, qimmatbaho qogʻozlar, oziq-ovqat yoki past bahodagi sanoat mollari) shaklida boʻlishi mumkin. Pora predmetiga muayyan xizmatlar ham kiradi. Aytaylik, tibbiy yoki dam olish uylariga beriladigan yoʻllanmalarni takdim etish, taʼmirlash, qurilish va boshqa shu kabi ishlarni bajarish. Bir qancha mamlakatlarda mansabdor shaxslarning oʻz mansabi boʻyicha berilgan huquklaridan shaxsiy boyish maqsadidagi suiisteʼmolliklari, ularning poraga sotilishi hollarini kuzatish mumkin (qarang Korrupsiya).

Mirzayusuf Rustamboyev.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil