Ota Polvonov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Polvonov Otadan yoʻnaltirildi)
Ota Polvonov
Tavalludi 1867-yil
Gandimiyon qishlogʻi, Xiva shahri, Xorazm viloyati, Oʻzbekiston
Fuqaroligi Oʻzbek
Kasbi yogʻoch oʻymakori
Faoliyat yillari tax. 1877—1950
Otasi Polvon Sattorov

Ota Polvonov (1867 – Xiva – 1972) — yogʻoch oʻymakori; Xiva yogʻoch oʻymakorligi maktabining yirik namoyandasi. Xiva yogʻoch oʻymakorligi maktabi rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan usta. Bobosi usta Abdusattor va otasi usta Polvonlar bilan birga ishlab hunar oʻrgangan. Xivadagi koʻpgina binolarning darvoza, eshik, ustunlarini bezashda qatnashgan. Xivadagi „Umid“ artelida oʻymakorlik brigadasiga boshchilik qilgan (1930—1940-yillar). A. Boltayevning naqsh mujassamotlari asosida shogirdi Safo Bogʻbekov bilan birgalikda naqshlagan ustun va ikki tabaqali eshik Parij xalqaro amaliy sanʼat koʻrgazmasida namoyish qilingan (1937). Navoiy teatri binosi uchun eshiklar tayyorlagan (1947), Urganch vokzali binosi uchun 4 ta 2 tabaqali eshikni bezagan (1952). Badiiy koʻrgazmalar va panoramalar direksiyasi (hozirgi Zamonaviy sanʼat muzeyi) uchun ustun va eshiklar tayyorlagan. Polvonov ishlaridan namunalar Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar muzeylari va toʻplamlarida saqlanadi. Polvonov yaratgan naqsh mujassamotlari (asosan, islimiy) murakkab va jozibador boʻlib, oʻymalarining chuqurligi 2 mm dan 30 mm gachadir[1].

Hayoti va faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ota Polvonov 1867-yilda Xivaning Gandimyon qishlogʻida quruvchi usta Polvon oilasida tavallud topgan. Uning bobosi Abdusattor hamda otasi Polvon shu davrning mashhur ustalari boʻlib, bir qancha hunarlarni (quruvchilik, yogʻoch oʻymakorligi, duradgorlik, ganchkorlik) rivojlantirib, koʻplab shogirdlar yetishtirgan. Polvonovning oilasi mualliflik qilgan qoʻsh tabaqali darvozalar, eshiklar, kichik hamda oʻymakor ustunlar bugungi kunda ham insonlar orasida badiiy qiymatga ega. Ota Polvonov 13—15 yoshga kirganida yogʻoch oʻymakorligi san’atini bobosidan oʻrgana boshlagan. Boshqa bir manbaga koʻra esa faoliyatini oʻn yoshligidayoq qoʻliga iskana olib otasi Polvon Sattorovga yordamlashishdan boshlagan. Keyinchalik yirik qurilishlar davomida ustalarni yonida yurib ustalik mahoratini rivojlantirib borgan. Ota Polvonov 16 yoshida mustaqil ishlay boshlagan. Yigirma yoshida tajribali usta boʻlgan. Uni xon saroyiga – eshik, ustun, darvozalarni ishlashga taklif etishgan. Polvonov yogʻoch oʻymakorligida juda koʻp naqsh turlaridan foydalanib, bir-birini takrorlanmaydigan turli naqsh kompozitsiyalarini yaratgan[2].

Ota Polvonov faoliyati davomida „besh qirrali“, „turunj“, „qoʻshtanop“ naqshlar hamda aylanma cheksiz naqshlar ustida faoliyat olib borgan, shu bilan bir qatorda bu naqshlarni oʻz joyida va vaqtida qoʻllay olgan. 1935-yilda Xiva shahrida tashkil qilingan „Umid“ arteli ichida naqqoshlik va oʻrachilik sexi ochilib, unga Abdulla Boltayev va oʻrachilarning bosh ustasi Ota Polvonov rahbarlik qilgan, shu orada ularga Toshkentdan oʻziga xos ustun ishlash toʻgʻrisidagi bir taklif kelib tushgan, ustun naqshini Abdulla Boltayev tayyorlab, qolgan ishlarni Ota Polvonov bajargan. 1943-yilda Toshkentdan injener-quruvchi S. N. Polupanov kelib „Umid“ arteli bilan shartnoma tuzgan va Alisher Navoiy teatri uchun oʻyma narvon (zinapoya), eshik hamda boshqalarga naqsh solish ishlarini qilish zarurligini aytgan. Bu naqshlar Abdulla Boltayev boshchiligida tayyorlangan. Ota Polvonov va uning shogirdlari Dadajon Abdullayev, Safo Bogʻbekov, Xoʻja Ahmad Ollayevlarning ham bu ish ustida ishlagan. Abdulla Boltayev Ota Polvonovni shogirdlari bilan birga Toshkentga yuborgan. Shundan soʻng, 1947-yilda ustalar Alisher Navoiy teatrining Xiva zalini yogʻoch oʻymakorligi sanʼati namunalari bilan bezagan[2].

Xivalik ustaning eng mashhur ishi 1937-yilda Parijdagi Xalqaro koʻrgazmada namoyish qilingan oʻymakor ustunidir, Koʻrgazma hakami bu nodir ish uchun uni Birinchi darajali diplom va „Oltin Yulduz“ medali bilan taqdirlagan. Shuningdek, ustaning Navoiy teatridagi yogʻoch oʻymakorligi ishlariga ham SSSR Davlat mukofoti berilgan[3].

„Ichan qalʼa“ davlat muzey qoʻriqxonasi „Amaliy sanʼat“ muzeyinining ilmiy xodimi marhum Anvar Ismagilov oʻzining „Xalq ustalari“ deb nomlangan ilmiy maqolasida boshqa ustalar qatorida Ota Polvonovni ham faoliyati va hayotini yoritgan.

Ota Polvonov 1972-yilda 105 yoshida olamdan oʻtgan. Biroq uning shogirdlari ustaning hunarini davom ettirmoqda. Jumladan, shogirdi Safo Bogʻbekov koʻplab yoshlarga bu hunarni oʻrgatdi. Bugungi kunda ular yaratgan ustunlardan bir nechtasi Oʻzbekiston poytaxti Toshkentdagi Xotira va qadrlash hiyobonida ham qad rostlab turibti[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. 2,0 2,1 „Yog‘och o‘ymakorlik san’ati“. Qaraldi: 2023-yil 29-oktyabr.
  3. 3,0 3,1 „ANATOLIY YERSHOV. XIVA — QO‘RIQXONA SHAHAR (1988)“. Qaraldi: 2023-yil 29-oktyabr.