Yevgeniy Polivanov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yevgeniy Dmitriyevich Polivanov [1891.28.2 (12.3), Smolensk - 1938. 25.1, Moskva — rus sharqshunos olimi.

Bir paytning oʻzida Sharq akademiyasi (yapon tili boʻyicha, 1911) va Peterburg universitetining tarix-filologiya fakultetini tugatgan (1912). Peterburg universitetida yapon tili boʻyicha privat-dotsent (1914—16), Tashqi ishlar xalq komissarligi (1917—18), Shimoliy viloyat Axborot byurosining sharq boʻlimi (1920) singari turli muassasalarda xizmat qilgan. 1921-yil Polivanov Toshkentga ishga yuborilgan va Turkiston Respublikasi Davlat ilmiy kengashi raisining oʻrinbosari hamda universitet professori sifatida xizmat qilgan. 1923-yildan boshlab Oʻrta Osiyo xalklari tillari bilan faol shugʻullangan.

1926-yilda Samarqandga kelib, Madaniy qurilish ilmiy tadqiqot institutida xizmat qiladi. 1931-yil shu institut bilan birga Toshkentga koʻchib keladi. Nihoyat, 1934-yil Qirgʻizistonga koʻchib borib, 1937-yil 2-avgustda xibsga olingunga qadar, Qirgʻiziston Til va yozuv instituti professori lavozimida ishlaydi.

Polivanov Osiyo va Yevropadagi koʻp xalklar tillarini bilgan. U lingvistik poetika masalalari, syujetlarning bir milliy adabiyotdan ikkinchi milliy adabiyotga koʻchishi, "Manas" eposi va boshqa folklor asarlari ustida tadqiqot ishlarini olib borgan. 20 dan ziyod kitob va koʻplab maqolalar bilan umumiy tilshunoslik, yaponshunoslik, xitoyshunoslik va turkiyshunoslik fanlari taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan. Polivanovning hali eʼlon qilinmagan, ammo saqlanib qolgan merosi orasida Oʻzbekistondagi dialektologik ekspeditsiya materiallarini taʼkidlash joiz. Afsuski, Polivanov qamoqqa olingach, uning barcha qoʻlyozma asarlari olib ketilgan va kuydirib tashlangan ("Uzbek tilining tadrijiy tarixi", "Xorazmdagi uzbek shevalarining muxtasar ocherki", "Oʻzbek tili grammatikasi boʻyicha materiallar", "Uzbek dialektologiyasi boʻyicha materiallar" va boshqalar).[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Polivanov Yevgeniy Dmitriyevich" OʻzME. P-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil