Poliartrit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Poliartrit (poli... va artrit) — bir necha boʻgʻimlarning bir vaqtda yoki ketma-ket yalligʻlanishi. Mustaqil kasallik (infeksion nospetsifik — revmatoid P.) tarzida paydo boʻladi, shuningdek, revmatizm, sepsis, podagra, baʼzan brutsellyoz, sil, zaxm kabi yuqumli kasalliklar oqibatida roʻy beradi. Kasallikning turiga, organizmning reaksiyasiga, jarayonning ogʻir-yengilligiga koʻra, zardobli, yiringli, nekrotik P. farq qilinadi. Oʻtkir va surunkali boʻladi.

Oʻtkir P. 2 ga boʻlinadi: revmatik P. — bunda boʻgʻimlarning yalligʻlanishi koʻpincha zardobli, fibrinli boʻlib, yalligʻlanish bir boʻgʻimdan ikkinchi boʻgʻimga oʻtadi va mayda boʻgʻimlarga tarqaladi; epidemik P.— bunda bemor isitmalaydi, quvvatsizlanadi, boʻgʻimlar ogʻriydi, shishadi, terisi qizaradi, oyoq-qoʻl barmoklariga suv chechakdagiga oʻxshash toshmalar toshadi, harakati chegaralanadi.

Surunkali P.ga organizmda moddalar almashinuvining buzilishi, ichki sekretsiya bezlari funksiyasining oʻzgarishi, murtaklarning yalligʻlanishi sabab boʻladi. P.ga sabab boʻlgan asosiy kasallik davolanadi, antibiotiklar, antigistamin preparatlar beriladi, ogʻriq qoldiruvchi vositalar va fizioterapiya qoʻllanadi (yana qarang Artrit). [1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil