Podshoh oyim

Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Podshoh oyim
(Oyposhshoh oyim, Oyposhsha bibi, Oysha bibi)
Podshoh oyim
Buxoro xonligi malikasi
Hukmdor Nadr Muhammadxon (1642—1645)
Abdulazizxon (1645—1681)
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi taxminan 1607-yil
Buxoro, Buxoro xonligi
Vafoti 1675/76-yil
Buxoro, Buxoro xonligi
Fuqaroligi Buxoro xonligi
Turmush oʻrtogʻi Nadr Muhammadxon
Bolalari Abdulazizxon
Subhonqulixon
Onasi Bibijon xonim
Otasi Abdurahimxoja

Podshoh oyim (Oyposhshoh oyim, Oyposhsha bibi) — ashtarxoniylar oʻzbek sulolasi malikasi. Buxoro xonligi hukmdori Nadr Muhammadxonning (1642—1645) xotini. Buxoro xonligining hukmdorlari — Abdulazizxon va Subhonqulixonlarning onasi hamda Mangʻitlar oʻzbek sulolasi vakillarining amir Haydardan (1800—1826) boshlab barcha Buxoro amirligi hukmdorlarining bibikalonidir. Joʻybori kalon madrasasining donatori. "Oyposhshoh oyim", "Oyposhsha bibi" nomlari bilan ham mashhur boʻlgan.

Malika tarixiy manbalarda „Zamon Xadichasi“, „Davron Fotimasi“ nomlari bilan ham ulugʻlangan.

Kelib chiqishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Podshoh oyim taxminan 1607-yillarda Buxoroda tugʻilgan. Ota tomondan Joʻyboriylar va ona tarafdan Ashtarxoniylar naslidan edi. Uning otasi Abdurahimxoja joʻyboriylardan Xoja Kalonxojaning (Nosiriddinxoja Saʼdning) 2-oʻgʻli, onasi Bibijon xonim esa, ashtarxoniy Jonibekxonning qizi edi[1].

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Podshoh oyim voyaga yetgach ashtarxoniylardan Nadr Muhammadxonga turmushga chiqadi. Ulardan Abdulazizxon va Subhonqulixonlar dunyoga keladi[1]. Malika nihoyatda maʼrifatli, taqvoli ayol edi[2]. Uning tarix oldidagi xizmatlari hali yetarli tadqiq etilmagan[1].

Sayyidlar avlodidan boʻlgan Shamsiyabonuning Din Muhammadxonga va Podshoh oyimning Nadr Muhammadxonga turmushga chiqishi sababdan muarrixlar Ashtarxoniylar va Mangʻit hukmdorlarini ham Chingiziy, ham sayyidlar naslidan deb qarashadi[1].

Bunyodkorlik ishlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Joʻybori kalon madrasasi — Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga qarashli ayol-qizlar oʻrta maxsus islom bilim yurti

1671-yili Buxoro qalʼasidan tashqarida, Joʻybor mavzesida Podshoh oyim mablagʻlari evaziga Joʻybori kalon madrasasi bunyod etilgan. U Buxorodagi eng nufuzli va dovruqli madrasalardan hisoblanib, "Oyposhsha oyim" madrasasi deb ham nomlangan[1]. Sovetlar davrida madrasa faoliyati toʻxtatilib, undan turli maqsadlarda foydalanilgan[2]. Madrasada 1992-yildan buyon Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga qarashli ayol-qizlar oʻrta maxsus islom bilim yurti oʻz faoliyatini olib boryapti[3].

Oʻlimi va nomining abadiylashtirish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chor Bakr meʼmoriy majmuasidagi xaziralardan birining koʻrinishi

Podshoh oyim 1675/76-yilda olamdan oʻtadi. Qabri Chor Bakr meʼmoriy majmuasida saqlanib qolgan. Tepasiga qora marmartosh qoʻyilgan. Uning qabri joylashgan ziyoratgoh hozir Poshsha oyim dahmasi deb ataladi. U "Podshooyim xazirasi" nomi ostida davlat himoyasiga olingan, Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan[4]. Bu yerda uning yana bir qancha yaqinlari dafn etilgan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sharhlar
Manbalar
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 Jumanazar 2017.
  2. 2,0 2,1 Asrorova 2017.
  3. „Buxoro ayol-qizlar madrasasi“. Naqshband.uz. Qaraldi: 2021-yil 11-noyabr.
  4. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2021-yil 11-noyabr.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu maqolani tinglang (3 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 18-iyul, 2022-yil(2022-07-18) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]